Tarozidagi vijdon

Ko‘ngilsiz voqeaning guvohi bo‘ldim. Bozor ichida xaridor va savdogar janjallashayotgandi. Xaridor jig‘ibiyron bo‘lib, sotuvchiga baqirar, u esa negadir indamay turardi. Ma’lum bo‘ldiki, bu sotuvchi vijdonini mahsulotiga qo‘shib taroziga tortib yuboribdi.

Qiziq, o‘zini oqlashga ham so‘z topa olmay, go‘yoki qilmishidan pushaymondek yer chizib turgan bu kimsa yana qancha insonning rizqini qiyib, o‘zining “jig‘ildoniga urgan” ekan? Hozir bu xaridor jazavasidan tushib, yo‘liga ravona bo‘lgach, yana qancha sodda, ishonuvchan insonlarni qiyratarkin?

Ko‘pchiligimiz bozorda oziq-ovqat, kiyim-kechak, umuman olganda, uy-ro‘zg‘or buyumlarining narxi boshqa turdagi do‘konlarnikiga qaraganda arzonroq, deb hisoblaymiz. Biroq, yuqorida tilga olingan ayrim “olg‘irlar” nafsi ortidan o‘zlari harom luqma topayotganligi yetmagandek, sizu bizning ham rizqimizdagi barakani havoga uchiradi.

Oziq-ovqat mahsulotlarini olayotgan paytingiz tarozidan urib qolinishi yetmagandek, “svejiy” deya og‘iz ko‘pirtirib, orada ko‘zingizni shamg‘alat qilib, aynigan, iste’molga yaroqsizlarini ham qo‘shib yuborishiga qanday izoh berishni ham bilmaysan kishi!

Yaqinda internet sahifalarida bir postga ko‘zim tushdi:

“Bozorda paypoq sotib o‘tirgan kishining yoniga yaqinlashib:

– Yuvganda rangi chiqmaydimi? – deb so‘radim.

– Agar rangi chiqsa,  topgan pulim harom bo‘lsin, bolamni  o‘ligiga ishlatay, – dedi savdogar.

Uning qasamiga seskanib, uch juft paypoq sotib oldim. Har gal o‘sha paypoqlarni yuvayotganimda ulardan emas, go‘yo mening dilimdan qop-qora siyoh oqayotgandek bo‘ladi. Nega unga shu savolni berdim, nega uni shu qasamni ichishga majbur etdim!”.

Afsuski, bugun uch-to‘rt so‘m pul uchun hech narsadan toymaydigan bunday sotuvchilar soni ortib bormoqda. Kimnidir chuv tushirib, ko‘proq daromad qilganidan suyinish, bir insonga zarar yetkazib, o‘zi foyda ko‘rganidan g‘ururlanish uchun insoniylikning qaysi darajasida bo‘lish kerak?!

Albatta, halol mehnat ortidan ro‘zg‘or tebratayotganlar oz emas, biroq birovning haqi evaziga qozoni qaynatayotganlarni hech bir so‘z bilan oqlab bo‘lmaydi. Dinimizda ham qattiq qoralangan bu holatga chek qo‘yishni har kim o‘zidan boshlamog‘i zarur. Zero, o‘zganing haqi boshqaga aslo buyurmaydi.

Marvaridbonu JUMAYeVA.