Tashkiliy ishlardan ovoz berishgacha
Saylovchi uchun saylovning ahamiyati shundaki, u qaysidir nomzod yoki partiyaga ovoz berish orqali qonun chiqaruvchi va vakillik organida o‘zi istagan nomzod bo‘lishini istaydi. Shu sababli ham siyosiy partiyalar Oliy Majlis quyi palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga nozodlarini tasdiqlagach, bu jarayon yanada ko‘proq ko‘zga tashlanadi. Undan tashqari, Markaziy saylov komissiyasi (MSK) tayyorlagan turli targ‘ibot vositalari aholini bu muhim siyosiy kampaniyaga befarq bo‘lmaslikka undamoqda.
Natijada yurtdoshlarimiz qaysi siyosiy partiyaga yoki nomzodga ovoz berishgagina emas, saylov jarayonidagi tashkiliy masalalarga ham qiziqish bildirmoqda. Shularni hisobga olib, viloyat hududiy saylov komissiyasi raisi Xo‘jaqul Muhammadiyevga murojaat qildik.
– Shu yilning 27-oktyabr kuni o‘tkaziladigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga tayyorgarlik qizg‘in pallaga kirmoqda, – deydi X.Muhammadiyev. – 26-iyuldan boshlangan saylov kampaniyasi tadbirlari O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi hamda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan kalendar - reja asosida olib borilmoqda.
Saylov qonunchiligiga kiritilgan so‘nggi o‘zgarishlarga ko‘ra, endilikda saylov komissiyalari tizimi Markaziy saylov komissiyasi, hududiy saylov komissiyalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, tuman va shahar saylov komissiyalari, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalari va uchastka saylov komissiyalaridan iboratdir.
Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 29-may kuni qabul qilingan qaroriga muvofiq, mamlakatimiz tarixida birinchi marta viloyatlar va Toshkent shahar hududiy saylov komissiyalari tuzildi.
Jumladan, Samarqand viloyati chegarasi doirasida 21 kishidan iborat viloyat hududiy saylov komissiyasi tuzildi. Komissiya raisi o‘rinbosari va kotibi doimiy asosda faoliyat olib boradi.
– Hududiy saylov komissiyasiga endilikda tegishli hududda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi saylovlariga, shuningdek, referendumga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazishni tashkil etish vakolati ham berildi. Bu komissiya uchun qiyinchilik tug‘dirmaydimi?
– Yo‘q, bu tizimga o‘tishda avvalgi saylovlar xulosasi, xalqaro standartlar va xorijiy tajriba hisobga olingan. Hududiy saylov komissiyalariga bir qator vakolatlar berilgan. Tarkib ham kichik emas, ular orasida doimiy asosda ishlovchilar bor. Umid qilamanki, zimmamizga yuklatilgan vazifalarni bajarishga imkoniyat va salohiyatimiz yetadi.
Kezi kelganda, komissiya faoliyati bilan bog‘liq ayrim o‘zgarishlarni ham aytib o‘tsam. Endilikda Prezident saylovi, referendum, Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish uchun okrug saylov komissiyalari tuzilmaydi. Bu vazifani hududiy okrug saylov komissiyasi bajaradi. Tuman, shahar kengashlariga saylov o‘tkazish uchun ham okrug saylov komissiyasi bo‘lmaydi va bu vazifa tuman, shahar saylov komissiyalari zimmasida bo‘ladi.
Biz shu paytgacha o‘z vakolatimiz doirasida tuman va shahar saylov komissiyalarini tuzish to‘g‘risida qaror qabul qildik. Shuningdek, xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov o‘tkazuvchi 60 ta saylov okrugi tuzib, okrug saylov komissiyalari tarkibini tasdiqladik. Ilgari xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari uchun deputatlik o‘rinlari bir xil, ya’ni viloyatda 60 ta, tuman va shaharlarda esa 30 ta etib belgilangandi. Endi esa mahalliy Kengashlar qarori bilan deputatlik o‘rinlari hududda yashovchi aholi sonidan kelib chiqib belgilanmoqda. Ya’ni, viloyatda aholi soni 3 milliondan ortiqligi uchun xalq deputatlari viloyat Kengashiga 60 ta deputatlik o‘rni belgilangan. Tuman va shaharlarda esa 20 tadan 30 tagacha deputatlik o‘rinlari tasdiqlandi.
Bundan tashqari, komissiyaga kiritilgan taqdimnoma asosida viloyatda Olik Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga saylov o‘tkazuvchi 1130 ta saylov uchastkasi tuzildi. Uchastka saylov komissiyalari tarkibi tasdiqlandi.
Xabaringiz bor, bu yil ilk bor Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov aralash, ya’ni majoritar va proporsional tizim asosida o‘tkaziladi. Ya’ni, parlamentimiz quyi palatasi 150 deputatining 75 nafari bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha saylovchilarning bevosita nomzodlarga bergan ovozlariga muvofiq, yana yetmish besh nafari esa yagona saylov okrugi bo‘yicha siyosiy partiyalarga berilgan ovozlarga mutanosib ravishda siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlar ro‘yxati asosida saylanadi. Endi saylovchi Qonunchilik palatasi deputatligiga saylovda ikkita bulleten orqali – birinchisida aniq bir nomzodga, ikkinchisida siyosiy partiyaga ovoz beradi.
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan viloyatimizda Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi 8 ta saylov okrugi tuzilgan.
- Saylov kampaniyasi haqida ko‘p aytilyapti va yozilyapti. Ayniqsa, aralash saylov tizimi to‘g‘risida MSK targ‘iboti sezilmoqda. Biroq mahalliy Kengashlarga saylovlarda ham bir qator yangi tartib va o‘zgarishlar bo‘lgan. Aholi, aniqrog‘i, saylovchi bulardan xabardor etilyaptimi?
- Albatta, MSK qaroriga ko‘ra, Adliya vazirligi tomonidan belgilangan rejaga muvofiq, barcha tashkilotlarda, mahallalarda olimlar, mutaxassislar, hatto nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari jalb etilgan holda yangi saylov tizimi to‘g‘risida tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Har bir saylov uchastkasi a’zolari o‘z hududidagi mahalla, muassasa va tashkilotlarda suhbatlar orqali saylovni tashkil etish va o‘tkazish masalalari yuzasidan tushunchalar bermoqda.
Shuni aytish kerakki, Saylov kodeksining 20, 20(1)-moddalarida hududiy va tuman, shahar saylov komissiyalarining vakolatlari aniq belgilangan. Komissiyalar ana shu normalar asosida faoliyat ko‘rsatmoqda.
- Endi nomzodlar g‘olib bo‘lishi uchun avvalgidek, ovoz beruvchilarning yarmidan ko‘pini olishi shart emas. To‘g‘ri, bu takroriy saylovga o‘rin qoldirmaydi, mehnat va xarajatni tejaydi. Biroq bitta yoki ikkita mahalla hududidagi okruglarda tarafkashlik yuzaga kelmaydimi?
- Avvalo, saylov erkin va oshkora jarayon. Bu jarayondagi kamchiliklar navbati bilan bartaraf etib borilyapti. Shuning uchun ham davlatimiz keyingi paytda aholining huquqiy va siyosiy saviyasini oshirish yuzasidan amaliy choralar ko‘rmoqda. Tashkiliy masalada esa salbiy holatlarga yo‘l qo‘ymaslik tadbirlari belgilangan. Birinchidan, uchastka saylov komissiyalarini shakllantirishda har bir mahalla manfaati hisobga olingan. Ikkinchidan, siz aytgan holatni bartaraf etish uchun qonunchilikda normalar belgilangan. Har qanday holatda ham saylov taqdirini saylovchining siyosiy zukkoligi, xolisligi hal qiladi. Davrni, dunyodagi voqeliklarni kuzatib borayotgan yurtdoshlarimiz o‘z taqdiriga befarq bo‘lmaydi, deb ishonaman.
- Bu kabi holatlarning oldini olish uchun ham choralar belgilangan bo‘lsa kerak?
- Bu masalada qonunchiligimiz puxta ishlangan. Saylov kodeksiga asosan, tuman (shahar) saylov komissiyalari saylov jarayonida uchastka saylov komissiyalarining qarorlari Kodeksga zid bo‘lsa, ushbu qarorlarni mustaqil ravishda yoki tuman, shahar prokurorining taqdimnomasiga binoan bekor qiladi. Shuningdek, siyosiy partiyalar, OAV vakillari va kuzatuvchilar tomonidan saylov jarayonining ochiq, shaffof va adolatli o‘tkazilishini doimiy kuzatib borish tizimi yaratilgan.
- Endi nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlariga to‘xtalsak. Ular qachon, qayerda va kim tomonidan uyushtiriladi?
- Nomzodlar bilan uchrashuvlar joyi, vaqti nomzodlar saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olingandan keyin siyosiy partiyalar tomonidan belgilanadi. Mahalliy hokimiyat bunday uchrashuvlar uchun joy tayyorlab berish vazifasini bajaradi. Siyosiy partiyalar esa saylov komissiyalarini bu uchrashuvlardan xabardor qiladi.
- Saylov uchastkalarining bir qismi umumta’lim maktablarida joylashgan. Bu narsa ta’lim jarayoniga ta’sir qilmaydimi? Internet tarmog‘iga ulanmagan tibbiyot muassasalarida joylashgan saylov uchastkalarida muammo yuzaga kelmaydimi?
- Avvalo, har bir saylov uchastkasi saylovchilarning kelib-ketishiga mos joylardan tanlangan. Uni mahalliy ijro organlari belgilagan va Markaziy saylov komissiyasining qaroriga ko‘ra, har bir saylov uchastkasi sifatli internet aloqasi bilan ta’minlangan. Saylov uchastkasiga kirish va chiqish joylari dars jarayoniga ta’sir qilmaydi. Chunki ovoz berish jarayoni dars mashg‘ulotlari bo‘lmagan vaqtda, ya’ni yakshanba kuni o‘tkaziladi.
– O‘tgan saylovlarda ayrim uchastkalarda ovoz berish jarayonini onlayn kuzatish tizimi yo‘lga qo‘yilgan edi. Tajribadan kelib chiqib, bu yil ham shunday bo‘ladimi?
- Albatta, tajriba davom ettirilaveradi. Ammo bu narsa bevosita texnik hamda moliyaviy masala bilan bog‘liq bo‘lganligi uchun MSK ishchi guruhi har bitta tumandan bir yoki ikkita saylov uchastkalarida ana shunday jihozlash ishlarini olib bormoqda.
- Elektron ovoz berish tizimi-chi, bizda u ham sinab ko‘riladimi?
- To‘g‘risi, bu masala mening vakolatimga kirmaydi. Shunday takliflar bo‘ldi, o‘rganildi. Biroq masala yana murakkab texnologik jarayon va mablag‘ga borib taqaladi. Shu bois ham yaqin kunlar ichida Markaziy saylov komissiyasi sharoitni hisobga olib, aniq xulosaga keladi. Hozircha MSK elektron ovoz berish jarayonini sinovdan o‘tkazish yuzasidan qaror yoki ko‘rsatma chiqargan emas.
Yoqubjon MARQAEV suhbatlashdi.