Tashqi savdoda milliard dollarlik cho‘qqiga qanday erishamiz?
Yaqinda Prezidentimiz “Eksport faoliyatini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” Farmonga imzo chekdi. Xo‘sh, bu hujjat qanchalik dolzarb, viloyatdagi tashqi savdo faoliyatini takomillashtirish, aholi turmush darajasini yaxshilashda qanday samara kutiladi?
Mamlakatda iqtisodiy o‘sish hamda makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashda tashqi iqtisodiy faoliyatning roli, uni samarali amalga oshirilishi nechog‘lik muhim ahamiyatga ega ekanini tushunish ko‘pchilik uchun qiyin narsa emas. To‘lov balansi, tashqi savdo aylanmasi, uning saldosidek iqtisodiy kategoriyalarga tayanib ushbu sohada yuz berayotgan jarayonlarga baho berish mumkin. Globallashuv hech qaysi mamlakatda iqtisodiy faoliyatni dunyo iqtisodiyotidan ajralgan holda amalga oshirish uchun imkon qoldirmayapti. Shundan kelib chiqib, har bir mamlakat o‘zining kuchli tomonlariga tayangan holda eksport faoliyatini amalga oshiradi, erishiladigan ijobiy natijalardan kelib chiqib ichki bozorni import mahsulotlar evaziga qondiradi.
Respublikamiz tashqi savdo faoliyatidagi natijalar oxirgi yillarda salbiy saldo bilan yakunlanmoqda va bunga ob’yektiv sabablar mavjud. Buning sabablaridan biri, mamlakatimizga investitsion faoliyat doirasida chetdan katta qiymatdagi asbob-uskunalar, butlovchi qismlar va qurilish materiallari olib kelinmoqda. Ularni imkoniyatdan kelib chiqib to‘laligicha eksport hisobiga qoplash vaqtinchalik bo‘lsa-da, imkoni yo‘q. Keyingi uch-to‘rt yil ketma-ketlik bilan mamlakatimiz tashqi savdo aylanmasida 5-6 milliard dollarlik salbiy saldo, boshqacha aytganda eksportning importdan orqada qolishi kuzatilmoqda va bunday holat nafaqat bizda, balki dunyoning ko‘plab rivojlangan mamlakatlarida ham kuzatilmoqda.
Butun dunyo iqtisodiyotini larzaga solgan pandemiya jahon bozorida yillar davomida shakllangan kon’yunkturani salbiy tomonga o‘zgartirdi. Jumladan, O‘zbekistonning yetakchi iqtisodiy hamkori hisoblanadigan Xitoy va boshqa hamkor mamlakatlarning ishlab chiqarish tarmoqlarida muayyan pasayish yuz berdi. Natijada biz eksport qiladigan tabiiy gaz, rangli metallar, ip-kalava va boshqa sanoat mahsulotlariga bo‘lgan talabda pasayish yuz berdi. Shuni ham ta’kidlab o‘tish joizki, paxta xomashyosi va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksportbop qilib yetishtirishga iqlim o‘zgarishlari, jumladan yildan yilga kuchayib borayotgan suv tanqisligi salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ularning o‘rnini boshqa mahsulotlar, jumladan ipak ipi, meva-sabzavotlar, dukkakli va poliz ekinlari bilan to‘ldirish mumkin va buning uchun muayyan vaqt talab etiladi.
Makroiqtisodiy boshqaruv, investitsion va tashqi iqtisodiy faoliyat talab va taklif, qiymat, ehtiyojlarni uzluksiz o‘sishidek umumiqtisodiy qonunlarga asoslanib amalga oshirilsa, import va eksport hajmidagi salbiy farqni optimal darajaga keltirish imkoniyati real holatga aylanishi mumkin. O‘z-o‘zidan tushunarliki, mamlakatning bu boradagi salohiyatini ro‘yobga chiqarish ko‘p jihatdan uni tarkibiga kiruvchi hududlarning samarali faoliyatiga bog‘liq.
Samarqand viloyati iqtisodiy faoliyat nuqtai nazaridan o‘zining cheksiz imkoniyatlari va raqobatbardoshligi bilan respublikamizning boshqa hududlaridan o‘ziga xos tomonlari bilan ajralib turadi. Viloyat sanoat, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish sohasida respublikada ilg‘or pozitsiyalar hamda potensialga ega. Joriy yilning 8 oyida viloyatdan 246 million dollarga teng mahsulot va xizmatlar eksport qilingan va respublikadagi ulushi 2,5 foizni tashkil etmoqda. Aholi sonidan kelib chiqadigan ulushdan katta farq mavjudligi respublika eksportida salmoqli o‘ringa ega bo‘lgan tovarlar, ya’ni rangli va qora metall, tabiiy gaz, yengil avtomobillar ishlab chiqarishi boshqa viloyatlarda joylashganligi bilan izohlanadi.
Misol uchun, viloyatda 2019 yilda jami 160 million dollarlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilingan bo‘lsa, joriy yilning yanvar-avgust oylarida ushbu ko‘rsatkich 51,3 million dollarni tashkil etmoqda. Sanoatda shu muddatda 194,9 million dollarlik mahsulot eksport qilingan va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 marotabaga ko‘paygan. Bu esa industrial sohada pandemiyaning asoratlari navbatma-navbat bartaraf etilayotganidan dalolat. Shunga qaramasdan sanoat mahsulotlarini eksport qilishda mavjud imkoniyatlarning katta qismi ro‘yobga chiqarilmay qolmoqda. Misol uchun, joriy yilning sakkiz oyida 60 million dollar qiymatga ega to‘qimachilik mahsulotlari eksport qilingan. Bir yilda viloyatimizda o‘rtacha hisobda 200 ming tonna paxta xomashyosi yetishtiriladi. Bu esa 70 ming tonna atrofidagi tola degani. Aslida ushbu miqdordagi xomashyo ip-kalava sifatida, ya’ni chuqur qayta ishlanmasdan yarim tayyor mahsulot sifatida eksport qilingan taqdirda ham eksport hajmi 150 million dollardan kam bo‘lmasligi kerak. Demak, viloyat to‘qimachilik klasterlari faoliyatida jiddiy muammolar mavjud va ularni chuqur o‘rganish va bartaraf etish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biri. Shunday yo‘l tutilsa, qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratishni uzaytirish va to‘qimachilik sohasi eksportini 300-350 million dollarga yetkazish mumkin.
Iqtisodiy tahlil kengayishi bilan zaxirada qolib ketayotgan imkoniyatlar oydinlashaveradi. Masalan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportida Paxtachi, Narpay va Kattaqo‘rg‘on tumanlari deyarli teng imkoniyatga ega. Ularning har birida paxta va g‘alladan tashqari minglab gektar sug‘oriladigan maydonlar bor. Afsuski, amalda ular erishgan natijalarda katta farq yuzaga kelganini ko‘rish mumkin. Narpay tumanida 8 oyda 2 million dollarlik qishloq xo‘jaligi mahsuloti eksport qilingan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich Paxtachi va Kattaqo‘rg‘on tumanlarida mos tarzda 96 va 290 ming dollarga teng bo‘lmoqda. Ushbu ikki tumanda tashkil etilgan issiqxonalarning jami maydoni Narpay tumaniga nisbatan 5-6 marotaba kengroq.
O‘zbekistonga chetdan kofe yoki choy import qilinishini tushunish mumkin, ammo kartoshka va olmaning importi biz uchun achinarli holat. Albatta, agar 300 ming kishilik aholiga ega tumanlar barcha sharoitlar borligiga qaramasdan kartoshka yetishtirishni yo‘lga qo‘ymasa, bog‘larni yangilatishga yetarli e’tibor qaratmasa, bunday nomutanosibliklar davom etaveradi.
Tovar ishlab chiqarish va bozor munosabatlariga o‘tish sharoitida har qanday biznes moddiy manfaatga tayangan holda amalga oshirilishi lozim. Bu esa ko‘plab omillar yig‘indisiga bog‘liq.
Tahlillardan ko‘rinadiki, meva-sabzavot, dukkakli mahsulotlarning ayrim turlari ichki bozordan ko‘ra ancha arzon narxda eksport qilinmoqda. Bu eksportning bozor tamoyili asosida emas, balki ko‘proq ma’muriy usulda amalga oshirilishining dalolatidir. Bunda transport xarajatlarini inobatga olsak, sabzavotlarning ayrim turlari ishlab chiqaruvchiga foyda emas, ko‘proq zarar keltirishi ham ayni haqiqat. Qishloq xo‘jalik mahsulotlari ichida drayver rolini bajarishga qodir bo‘lgan mayiz yoki uzum eksporti chuqur marketing tadqiqotlariga asoslanib amalga oshirilmasligi natijasida bir mavsumning narxlari ikkinchisidan keskin farq qiladi.
Eksportda imkoniyatlarning to‘laroq yuzaga chiqmayotganining sababi reja ko‘rsatkichlarini yetkazish jarayonidagi nuqsonlardan ham kelib chiqayotgan bo‘lishi mumkin. Shu nuqtai nazardan nega meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan va kattaroq imkoniyatlarga ega Bulung‘ur tumanining eksport rejasi Samarqand tumaniga nisbatan ikki marotaba past etib belgilangan.
Xo‘sh, asl maqsad nimada? Nimalarga ko‘proq e’tibor bersak, viloyatimizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini, ishlab chiqaruvchilarning daromadini oshirish, mahalliy byudjetni qo‘shimcha daromadlar bilan to‘ldirish, yangi ishchi o‘rinlari yaratish va aholi turmush darajasini yaxshilashga erishish mumkin?
Birinchi navbatda e’tiborga molik narsa shuki, eksport faoliyatini tovar balansi uslubiga tayanmasdan amalga oshirish xalqaro amaliyotda katta xato hisoblanadi. Chindan ham ichki bozorni hech bo‘lmaganda aholi birlamchi ehtiyojlarini qondirishga xizmat qiladigan meva-sabzavotlar bilan to‘yintirmasdan ularni eksportini amalga oshirish mantiqqa zid.
“Temir daftar”dagi aholi sonini kamaytirishning eng oson yo‘li kundalik ehtiyoj tovarlari narxlarini bir tekisda saqlab turishdir va unga erishish uchun hech narsa to‘sqinlik qilmaydi. Birlamchi sabzavot turlari kesimida ilmiy asoslangan ratsional me’yorlar mavjud va ularni yetishtirish ushbu omil va aholi har yili 600 ming kishiga ko‘payayotgani inobatga olinib amalga oshirilishi kerak. Eksport faoliyatini rejaviylik tamoyili asosida va balans uslubiga tayangan holda amalga oshirish lozim.
Misol uchun, viloyatimizda 425,6 ming gektar haydaladigan yer bor. Uning 200 ming gektariga paxta va g‘alla joylashtiriladi. 10 ming gektarda qo‘shimcha tarzda pomidor joylashtirilib tomat pastasiga aylantirilsa, eksport hajmi 90-100 million dollarga ko‘payadi. Meva-sabzavot, dukkakli va poliz ekinlaridan tashqari malina, qulupnay kabi rezavorlar eksportini muzlatish yo‘li bilan amalga oshirish mumkin. Ko‘rinib turibdiki, 1 milliard dollarlik marra xom xayol emas, amalda erishish mumkin. Faqat ushbu faoliyat ilmiylik tamoyili asosida amalga oshirilsa, kifoya. Buning uchun eksportni an’anaviy tarzda davom ettirishdan mantiqqa zid narsa sifatida voz kechish va tubdan farq qiluvchi yangi xo‘jalik mexanizmini yaratish lozim. Bu borada ayrim mulohaza va takliflarga to‘xtalsak.
Birinchidan, tumanlarga yetkaziladigan eksport majburiyatlarini shakllantirish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini joylashtirish jarayoni o‘rtasida katta uzilish mavjud, buni zudlik bilan bartaraf etish lozim.
Ikkinchidan, hozirgi sharoitda tuman boshqaruv organlarida chet el bozorlaridagi holatni o‘rganish, importyorlar bilan shartnomalar tuzish potensiali umuman mavjud emas.
Uchinchidan, eksportbop qishloq xo‘jalik mahsulotlarining aksariyat qismi dehqon xo‘jaliklari zimmasiga to‘g‘ri keladi. Bu esa hisobotlarda, iqtisodiy tahlil va marketing tadqiqotlarini amalga oshirishda jiddiy muammolar tug‘dirishi muqarrar. Bu muammoni raqamli iqtisodiyotga o‘tish, mobil ilova ishlab chiqish yo‘li bilan bartaraf etish mumkin. Buning uchun respublika hukumati va boshqa viloyatlar bilan kelishgan holda Samarqand viloyati Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston va boshqa importyor davlatlarni tanlab olishi va ular bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tashqi savdo aloqalarini yo‘lga qo‘yishi kerak. Samaraga erishish jarayonini tezlashtirish maqsadida tanlangan hududlarga viloyatimizdan doimiy faoliyat asosida marketing tadqiqotlarini amalga oshirish qobiliyatiga ega mutaxassislar jo‘natilishi lozim. Ulgurji savdo bazalari va bozorlar faoliyatini o‘rganish, savdo yarmarkalarida qatnashish yo‘li bilan amalga oshirish mumkin. Ma’lumotlar viloyat miqyosida jamlanishi, shunga asosan tegishli qarorlar qabul qilinishi va tumanlar kesimida rejalar tuzilishi kerak.
Hozircha hech bir tuman eksport rejasini ichki imkoniyatlardan kelib chiqqan holda amalga oshira olmayotganligi ham hech kimga sir emas. Iqtisodiy faoliyatda yuzaga kelgan vaziyatda bilim va tajribani ishga solib, yondashuvdan voz kechish, ulardan mamlakat iqtisodiyoti ravnaqi yo‘lida foydalanish kerakligini ko‘rsatmoqda.
O‘zbekistonda 2022-2026 yillarda iqtisodiy o‘sish sur’atlarini tezlashtirish, ishlab chiqarishni innovatsiyalar yordamida diversifikatsiya qilish, natijada yalpi ichki mahsulotni aholi jon boshiga ikki marotaba oshirib 4 ming dollarga yetkazish, raqobatbardosh mamlakatlar qatoriga kirish maksimum dasturi sifatida e’tirof etilmoqda. Yangi besh yillik iqtisodiy munosabatlarni gap-so‘zlarda emas, amalda takomillashtirish bilan o‘tishi lozim.
Ilhom Vafoyev, iqtisodchi.