“Ta’vilot al-Qur’on” – Qur’oni karim tafsiriga bag‘ishlangan mo‘’tabar manba

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil         11 yanvar kuni Samarqand viloyatiga tashrifi davomida buyuk allomalarimizning nodir asarlari mazmun-mohiyatini o‘rganish va xalqimizga yetkazish maqsadida ularni saralash va bosqichma-bosqich tarjima qilishni tashkil etish vazifasi topshirilgan edi.

Topshirilgan vazifa ijrosini ta’minlash asnosida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tadqiqotchi olimlari tomonidan moturidiya ta’limotining asosiy manbasi – “Ta’vilot al-Qur’on” asarini o‘zbek tiliga tarjima qilishdek sharafli ishga qo‘l urildi. Xalqimizning aksariyati Qur’oni karimdan “Fotiha” surasi va 30-juz suralarini yoddan bilishi inobatga olinib, dastlab asarning aynan shu qismlari tarjima qilindi va nashr etildi.

Sharq allomalari va mutafakkirlarining asarlari bir necha asrlar osha butunjahon ma’rifat maydonida o‘z ulug‘vorligini saqlab kelib, sharq va g‘arbda fan va madaniyat shakllanishining poydevori sifatida dunyo ilm maskanlarida asosiy darslik sifatida qo‘llanilgan va ulardan hozirgacha ham foydalanib kelinyapti.

Buyuk ajdodlarimizning islom ilmlari sohasidagi ilmiy merosi ayni  kungacha dunyo musulmonlari hayotida muhim ahamiyat kasb etib kelmoqda. Xususan, yurtimizdan chiqqan faqih va kalom ilmi allomalarining islom huquqshunosligi, tafsir va aqida ilmi borasida to‘plagan ilmiy-amaliy tajribasi yurtimizda Qur’on va fiqh ilmlari rivojiga munosib hissasini qo‘shib kelmoqda. Bu borada “Imomul huda” – Hidoyat imomi, “Musahhihu aqiydati ahlis-sunna” – Ahli sunna aqidasini to‘g‘rilovchi, “Imomul mutakallimiyn” – Mutakallimlarning imomi degan sharafli martabalar bilan e’zozlangan Imom Moturidiy ilmiy merosining qadri va qiymati baland.

Uning bugungi kungacha yetib kelgan asarlaridan eng mashhuri va ilmiy qimmati bilan eng ahamiyatli sanalgani, shubhasiz, “Ta’vilot al-Qur’on”dir.

“Ta’vilot al-Qur’on” asari – moturidiya ta’limoti asosi. Unda hanafiylik, Ahli sunna val jamoaning butun aqidasi ta’lif qilingan. Asarda mo‘’tazila, xavorij, rofiza, karromiy, jahmiy, mushabbiha kabi botil firqalarning, munajjim, folbin va shular singari insonni sog‘lom fikrdan chalg‘ituvchilarning qarashlari, g‘oyalari, iddaolari, hozirgi zamon istilohi bilan aytganda, demagogiyasi munoqasha qilingan va barchasiga ilmiy asosda raddiya berilgan.

Shu sababli ham Qur’oni karimning tafsiri va ta’viliga bag‘ishlangan bu asar asrlar davomida o‘zining ahamiyatini yo‘qotmay kelyapti, uning ma’no-mazmuni bugungi kunda ham o‘ta dolzarb bo‘lib, ijtimoiy muammolarni bartaraf etishda muhim o‘rin tutmoqda.

Asardan ko‘plab hadislar, sahobalarning so‘zlari o‘rin olgan. Xususan, Abdulloh ibn Abbosdan naql qilingan rivoyatlar juda ko‘p o‘rinda zikr etiladi. Tadqiqotchilar to‘qsonga yaqin sahoba va tobe’inning nomlari qalamga olinganini hisoblab chiqqanlar. Bundan tashqari, yigirmadan ziyod lug‘at va tafsir ulamosi fikrlaridan foydalanilgani qayd etilgan. Ularning avvalida Ali ibn Hamza Kisoiy, Yahyo ibn Ziyod Farro, Abu Ubayda Ma’mar ibn Musanno, Ibn Qutayba, Mubarrad, Zajjoj turadi.

Ta’kidlash lozimki, yurtimiz musulmonlari Moturidiya ta’limotiga e’tiqod qilsa va muallif alloma vatandoshimiz bo‘lsa hamki, buyuk ajdodimiz Abu Mansur Moturidiy qalamiga mansub “Ta’vilot al-Qur’on” asari hozirgi davrga qadar O‘zbekistonda jiddiy o‘rganilmagan edi. Turli fitnalar girdobidan omon qolib, e’tiqodni sog‘lom tutish mashaqqatli bo‘lib borayotgan, jahonda biri biridan murakkab va keskin siyosiy-ijtimoiy jarayonlar kuzatilayotgan, buzg‘unchi kuchlar Islom dinidan g‘arazli maqsadlar yo‘lida foydalanayotgan bugungi vaziyatda dinu diyonatimizning eng muhim asoslaridan biri bo‘lgan bu asarni o‘zbek tiliga tarjima qilib nashr ettirish o‘ta zarur va g‘oyat dolzarb ishlardan biriga aylandi.

Tarjimani mukammal amalga oshirish maqsadida asar yaqindan o‘rganildi. Xorijdagi moturidiyshunos olimlar bilan muloqotlar o‘tkazildi, ulardan maslahatlar olindi. Jumladan, Qur’on, tafsir ilmlari bo‘yicha taniqli olim, moturidiyshunos, Turkiyaning Fotih Sulton Mehmet universiteti doktori Ahmad Sa’d Damanhuriy, Turkiyaning Marmara universiteti professori, doktor Umar Chelik, taniqli moturidiyshunos olim, “Ta’vilot al-Qur’on” asarining turk tiliga tarjimoni, professor Yusuf Shavqiy Yavuz kabi olimlar bilan fikr almashildi. Yusuf Shavqiy Yavuz bilan uning Samarqandga tashrifi chog‘ida ham bevosita muloqot qilindi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi jamoasi tomonidan olib borilgan izlanishlar natijasi o‘laroq, bugun o‘zbek tilidagi “Ta’vilot al-Qur’on” asari dastlabki 30-juzining nashri dunyo yuzini ko‘rdi va bu, albatta, davlatimiz Mustaqilligining 30 yilligiga munosib tuhfa bo‘ldi.

Eng ulug‘, eng aziz ayyom arafasida iymon-e’tiqodli xalqimizga o‘zbek tilida taqdim qilingan mazkur asardagi Qur’oni karim suralarining tafsiri Quron oyatlari ma’nosini yanada yaxshiroq anglashga, buyuk Imom Moturidiy bobomiz ta’limotini tushunishga asos bo‘lib xizmat qiladi.

Imom Moturidiyning merosi nafaqat mutakallimlar, balki dunyoviy ilm vakillari, keng jamoatchilik tomonidan ham yuqori baholanmoqda.

Allomaning ilmiy merosida muborak islom dinining hayotbaxsh mazmun-mohiyatini to‘g‘ri talqin qilish, turli bid’at va xurofotlarga botgan guruh va toifalarga qarshi kurash alohida o‘rin egallaydi. Shu nuqtai nazardan ham Imom Moturi­diy ilgari surgan g‘oyalar bugungi kunda ham g‘oyatda dolzarb bo‘lib, nafaqat ilmiy, balki yuksak amaliy ahamiyatga egadir.

Tohir Evadullayev,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.