“Tayson somsa”
Somsa – milliy taomlarimizdan bo‘lib, o‘zining ta’mi, iste’mol qilishga qulayligi, vitaminlarga boyligi bilan ajralib turadi.
Biz somsaning go‘shtli-piyozli, o‘tli, kadili kabi turlarini bilar edik. Birmuncha oldin “Jizzax somsa”, “Tomchi somsa”, “Polvon somsa”, degan atamali somsalar ham paydo bo‘ldi.
Eng hayratlanarlisini yaqinda Samarqand shahri Pochta ko‘chasining “O‘zbekinvest” sug‘urta kompaniyasi viloyat filiali binosi biqinida joylashgan oshxona targ‘ibot taxtasida ko‘rib qoldim. Unga mashhur bokschi fotosurati yopishtirilib “Tayson somsa”, degan targ‘ibot bitigi yozilgan edi.
Ushbu yozuvni o‘qidim-u, tasavvur qila boshladim: somsaning xamiri qop-qora bo‘lsa kerak-da... Go‘shti-chi?... Buni bir ko‘rish kerak ekan-da. Lekin shu “bir ko‘rish”ga hafsalam bo‘lmadi.
Yaxshisi, “Tayson somsa”ni yegani mutasaddi shaxslar borsin!..
Yo‘ldosh Suyunov,
huquqshunos.