TDIU Samarqand filiali Germaniya, Latviya va Rossiya OTMlari hamkorligida mutaxassis tayyorlaydi
Filialning ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Ibragim G‘aniyevning ma’lumot berishicha, 2020-2021 o‘quv yilida Germaniya, Latviya va Rossiya mamlakatlari bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlashni rejalashtirilgan. Germaniyaning Vaynshtefan-Trizdorf universiteti iqtisodiyot, Latviya amaliy bilimlar va texnologiyalar universitetining axborot tizimlari va texnologiyalari, M.A.Bruyevich nomidagi Sankt-Peterburg davlat telekommunikatsiyalar universitetining raqamli iqtisodiyot yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Ushbu hamkorlikning talabalarga qulayligi shundaki, o‘qish muddati 4 yil bo‘lib, o‘qishga kirgan talaba ikki yil o‘zbek tilida va ikki yil chet tilida universitetlar tomonidan tasdiqlangan o‘quv reja asosida o‘qiydi. O‘qishni muvaffaqiyatli tugatganlar ikki davlatning diplomini qo‘lga kiritadi va diplom ikki davlatda ham tan olinadi.
Germaniya universitetlariga o‘qishga kiruvchilar matematika, nemis tili va biologiya fanlaridan, Latviya universitetlarida o‘qishni xohlovchilar matematika, ingliz tili fanlarining har biridan 30 tadan test topshiradi. Rossiya universitetlarida o‘qimoqchi bo‘lganlar esa matematika, rus tili va adabiyoti hamda jamiyatshunoslik fanlaridan yozma imtihon topshiradi. Bu yo‘nalishlar bo‘yicha 25 tadan, jami 75 nafar yuqori ball to‘plagan abituriyentlar o‘qishga qabul qilinadi.
Kelgusi o‘quv yilida ham xorijning bir qancha universitetlari bilan hamkorlikda iqtisodiyot va axborot texnologiyalari yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari asosida yoshlarni o‘qitish rejalashtirilgan.