Telefonini o‘g‘irlatib qo‘ygan sayyoh nimadan hayratlandi?
Registon majmuasidan chiqqan germaniyalik sayyoh Toshkent ko‘chasidagi o‘rindiqlardan biriga o‘tirdi. Tungi sokinlik, mayin shabada kishiga huzur beradi. Afsuski, shahrimizning tungi tarovati va go‘zal obidalaridan bahramand bo‘lishni niyat qilgan mehmonning xursandchiligi uzoqqa cho‘zilmadi, uning qo‘l telefoni g‘oyib bo‘ldi. Biror joyda tushirib qoldirdim, desa, yonidan olib ishlatgani esida. Demak, o‘g‘irlashgan.
Sayyoh darhol viloyat turizm politsiyasi navbatchilik qismiga murojaat qildi. Voqea joyiga yetib borgan huquq-tartibot idorasi xodimlari avval sayyoh bilan muloqot qilib, uni tinchlantirishdi. Shundan so‘ng tezkor qidiruv tadbiri boshlandi.
Tun emasmi, kameralardan foyda kam. Shu bois turizm politsiyasi o‘g‘irlangan telefonni u tarqatadigan maxsus to‘lqin orqali qidirishdi. Bu ilmoq ularni shahrimizdagi eng yirik qo‘l telefonlari savdo markaziga boshlab keldi. Biroq bir muammo bor, to‘lqin aniqlagich telefonning aniq turgan joyini ko‘rsatmaydi, qolaversa, ichki ishlar xodimi markazga formada kirib, surishtiruvni boshlasa, o‘g‘rini, u bilan birga telefonni ham qochirib qo‘yishi mumkin. Shunda xodimlardan biri fuqaro kiyimini kiyib, sayyoh hamrohligida do‘konlarni aylanadi. Maqsad mehmonning o‘z qo‘l telefonini tanib olishi edi. Shunday ham bo‘ldi. Do‘konlardan birida quvvatlanishda turgan qo‘l telefoni sayyohniki bo‘lib chiqdi. O‘g‘ri uni sotuvchiga 200 AQSh dollariga pullagan ekan. Surishtiruv davomida jinoyatchi ham topilib, javobgarlikka tortildi.
“Gellop” ijtimoiy tadqiqotlar markazining 2023-yildagi “Sayyohlik uchun eng xavfsiz davlat” reytingida O‘zbekiston 90 ball bilan yuqori o‘rinlardan birini egalladi.
— Voqea ijobiy yakun topgach, sayyoh qo‘l telefonini qayta ko‘rishdan umidini uzganligini tan oldi, - deydi viloyat ichki ishlar boshqarmasi xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi jamoat xavfsizligi bo‘limi bosh inspektori Farrux Asadov. – Uning aytishicha, u ko‘p sayohat qilgan va boshqa davlatlarda shu holat yuz bersa, sayyohdan faqat ariza olib qolinishi, qidiruv boshlanguncha jinoyat izi ham, telefon ham yo‘qolishiga guvoh bo‘lgan. Bizda tartib boshqacha. Oldimizda turgan vazifa birinchi navbatda jinoyat oqibatini bartaraf etib, mehmonlarning halovatini qaytarish. U xoh mahalliy, xoh xorijiy sayyoh bo‘lsin, viloyatimizda o‘zini himoyalangan va xavfsiz his qilishi kerak. Aytish mumkinki, viloyat xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi tomonidan ko‘rilgan ishlarning 99 foizi shu tartibda, qisqa muddatlarda yechimini topmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Samarqandda o‘tkazilgan Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasi 25-sessiyasidagi nutqida bugun dunyoda xavfsiz sayohat eng muhim masalalardan biri bo‘lib qolayotgani ta’kidlangan edi. Shu asosda Yurtboshimizning sessiyadagi birinchi taklifi ham turistlarning kafolatlangan xavfsizlik tizimini ta’minlash bo‘yicha bo‘ldi. Yaqinda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan O‘zbekiston tashabbusi asosida “2027-yil – Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili” rezolyusiyasi ma’qullandi. Ya’ni, biz tanlagan yo‘lning samaradorligi jahonda e’tirof etildi.
Aytish joizki, yurtimizda bu borada ishlar boshlanganiga ancha bo‘lgan. Xususan, faoliyati 2017-yilda yo‘lga qo‘yilgan turizm politsiyasi ayni yo‘nalishdagi eng istiqbolli loyihalardan biri hisoblanadi.
Samarqand viloyati xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi tomonidan bugun hududdagi barcha sayyohlik maskanlari, ziyoratgoh hamda tarixiy obidalardagi kriminogen vaziyat nazoratga olingan. Har bir obektda navbatchilik qismlari tashkil etilgan bo‘lib, sayyohlar borishi mumkin bo‘lgan maskanlarning 90 foiz hududi kuzatuv kameralari bilan jihozlangan. Har bir kamera viloyat ichki ishlar boshqarmasidagi situatsion markazga ulangan bo‘lib, tizim xodimlari joylardagi vaziyatni real vaqt rejimida kuzatib borishi hamda videoaxborot asosida tezkor qidiruv tadbirini tashkil etishi mumkin.
Bugun salkam yuzta mamlakat fuqarolari uchun O‘zbekistonga vizasiz kirish tizimi yaratilgan. Yana 55 ta davlat fuqarolari uchun soddalashtirilgan elektron viza tartibi joriy etilgan.
Tizim xodimlari bilan muloqot vaqtida shu narsaga amin bo‘ldikki, ularning vazifasi faqat huquqbuzarliklarning oldini olish yoki sodir bo‘lganlarini fosh etishdan iborat emas ekan. Kezi kelsa, ular psixolog, tarjimon, gid-ekskursovod xizmatlarini ko‘rsatishiga, sayyohlarning yo‘qolgan buyumlarinida topishda ko‘mak berishiga to‘g‘ri keladi.
Mehmon Amir Temur maqbarasi hududida katta hajmli qimmatbaho kitobini unutib qoldirgan
— Fransiyalik sayyohdan murojaat bo‘ldi, - deydi Farrux Asadov. –Biz maqbarani qidirib, kitobni topa olmadik. Shundan keyin kuzatuv kameralari yordamida qidiruv boshlandi. Biroq voqeadan keyin hech kim maqbaradan kitob bilan chiqmagan edi. Faqat boshqa bir turistlar guruhida kelgan sayyohning qo‘l sumkasi kitobni sig‘dira oladigan darajada kattaligi e’tiborimizni tortdi. Sayyohlik agentliklari bilan bog‘lanib, guruhning qaysi mehmonxonada joylashganligini, mehmonxona kamerasi orqali esa o‘sha sayyoh qaysi xonada turganligini topdik. Taxminimiz to‘g‘ri chiqdi. Faoliyatimizda bu kabi holatlar ko‘p uchraydi.
Soha xodimlariga katta mas’uliyat yuklangan. Shu bilan birga, ularga qo‘yilgan talablar ham oz emas. Misol uchun, unda xizmat vazifasini o‘tayotgan xodimlar rus tilidan tashqari, ingliz, nemis, fransuz, xitoy, yapon, koreys yoki turk tillaridan birida bemalol so‘zlasha olishi kerak. Bundan tashqari, ular tariximizni bilishi, milliy hamda boshqa tillarda gaplasha olishi va o‘zga madaniyatdan xabardor bo‘lishi muloqotga kirishuvchanlik talab qilinadi. Ayni bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirib borishi uchun xodimlar yil davomida maxsus dastur bo‘yicha o‘quv kurslarida ishtirok etadi.
— Uch yildan beri shu tizimda ishlayman, ungacha maktabda o‘qituvchi edim, - deydi ichki ishlar boshqarmasi xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi jamoat xavfsizligi bo‘limi inspektori Sharifa Tursunpo‘latova. – Rus, ingliz tillarida bemalol so‘zlasha olaman. Xizmatga qabul qilinganimdan keyin boshqa zarur malakalarni o‘rganishimga to‘g‘ri keldi. Misol uchun, faoliyatimizda xorijlik sayyohlarga birinchi tibbiy yordamni ko‘rsatishga ham to‘g‘ri keladi. Bu odatda ularning iqlim o‘zgarishini yomon qabul qilishi yoki ko‘p hollarda “kuchli” ovqatlarni me’yoridan ortiq tanovul qilishi bilan bog‘liq. Shuning uchun har bir turizm obektidagi xizmat shoxobchalarida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun dori-darmon jamlanmasi mavjud. Sayyohni ko‘rikdan o‘tkazgach, zarur hollarda tez tibbiy yordam xizmatini chaqiramiz. Ishimiz o‘ta mas’uliyatli, shu bilan birga, zavqli ham. Yurtimiz mehmonlaridan rahmat eshitish, ularning memhondo‘st xalqimiz, go‘zal tabiatimiz va qadamjolarimiz haqida zavqlanib gapirishini tinglash bizga kuch va g‘ayrat beradi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatimizda turizm politsiyasi xizmatining faoliyat hududi yanada kengaymoqda. Endi tuman hamda viloyatning tog‘li hududlaridagi turizm maskanlarida ham tegishli xizmat bo‘limlari tashkil etiladi. Aytilganidek, asosiy maqsad - yurtimizning turizm salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda xavfsiz turizm konsepsiyasi ijrosini ta’minlash.
Asqar BAROTOV.