Telegram’da tarqalgan zararli fayl haqida ma’lumot berildi
Sentyabr oyi boshida “Telegram”dagi kanallar va guruhlarda fotosurat fayliga o‘xshash zararli ilova tarqalgani, internet foydalanuvchilari bu kabi fayllarni yuklab olib o‘rnatishi oqibatida qurilmaning dasturiy ta’minotiga zarar yetishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi.
Ularda ushbu fayl ochilganidan keyin smatrfon yoki kompyuterdagi ma’lumotlar o‘g‘irlab olinishi mumkinligi, tizim ishlamay qolishi yoki boshqa texnik xatoliklar yuz berishi haqida ogohlantirilgandi.
O‘zkomnazorat inspeksiyasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, SCR kengaytmali fayllar orqali turli dasturlarni yaratish mumkin.
Odatda, SCR fayllar ularni yaratgan tegishli dasturning ijro qiluvchi fayl skriptlari hisoblanadi. SCR faylni ochish tizimda muayyan buyruqlar ro‘yxatining amalga oshirilishiga sabab bo‘ladi. Bunday buyruqlar faylda muayyan tartibda joylashadi.
SCR fayllarining aksariyati matnli format shaklida saqlanadi. Ularni matn muharrirlari dasturlari yoki ilovalarida ochish va ko‘rish mumkin.
Bunday fayllarga o‘zgartirish kiritish ancha qiyin. Sababi, ular ko‘pincha qo‘shimcha va o‘zgarishlardan himoyalangan bo‘ladi.
Ushbu turdagi fayllar yaratilganidan keyin troyan turidagi zararli viruslar va boshqa zararli dasturlar bilan birga ishlay oladi.
SCR fayl ochilganida, odatda, antivirus dasturlarini ko‘p hollarda bloklab qo‘yadigan buyruqlar ishga tushadi.
Virus yozuvini o‘zgartirmaslik himoyasi mavjudligi yoki SCRda yashiringan EXE-fayl tufayli antiviruslar ko‘pincha bunday dasturiy ta’minotni o‘chira olmaydi.
SCR fayli ichiga joylashtirilgan troyanlar va viruslarni topish va o‘chirish mushkul bo‘lgani sababli axborot xavfsizligi bo‘yicha mutaxassislar mazkur shakldagi noma’lum fayllarni ochmaslikni tavsiya qiladi.