Temuriy shahzoda va malikalarning saqlanmagan qabrlari haqida bilasizmi?
Amir Temur maqbarasi XV asr boshida bunyod etilgan yodgorlik bo‘lib, u nafaqat O‘rta Osiyo, balki dunyo miqyosida o‘ziga xos o‘rin egallagan shaxslar dafn etilgan maqbara hisoblanadi.
Maqbara Amir Temur buyrug‘iga ko‘ra to‘ng‘ich farzandi Jahongir Mirzoning Suyunch Og‘a nikohidan tug‘ilgan o‘g‘li, taxt vorisi Muhammad Sulton sharafiga bunyod etilgan imoratdir.
Qurilish Amir Temur buyrug‘i bilan boshlangan bo‘lsa-da, uning o‘ziga maqbara qurilishini ko‘rish nasib etmagan. Chunki 1405 yil qishida Xitoy yurishiga otlangan Amir Temur og‘ir kasallanib, O‘tror shahrida (Sirdaryo bo‘yida) vafot etgan.
Amir Temur vafotidan keyin saltanatda birin-ketin vorislari Xalil Sulton, Shohruh Mirzo, Mirzo Ulug‘bek va Abu Said Mirzo va uning farzandlari hukmronlik qilishgan. Ushbu davrda Amir Temur maqbarasi to‘liq qurib bitkazilib, maqbara ichiga 9 kishining – Amir Temur, 2 farzandi (Mironshoh Mirzo va Shohruh Mirzo), 2 nabirasi (Muhammad Sulton va Mirzo Ulug‘bek), ustozi Mir Said Baraka va boshqalar jasadi dafn etilgan.
Shu bilan maqbaraga shaxslarni dafn etish to‘xtab qolgani yo‘q. To‘g‘ri, maqbara ichida ko‘rsatilgan 9 kishi dafn etilganidan keyin bezak ishlari nihoyalangan va bu yerda boshqa biror kishini dafn etishning imkoni yo‘q edi.
Lekin maqbaraning katta sahnli hovlisi va unga tutash imoratlarga Temuriy shahzodalar va malikalar dafn etilishi davom etgan. XX asrning birinchi yarmida ham ushbu qabrtoshlar o‘z joyida turgan. Taniqli olim Amriddin Berdimurodovning yozishicha, 1950 yillarga kelib ushbu qabrlar
maqbarani ta’mirlash jarayonida yo‘q qilib yuborilgan.
Qabrtoshlar kimlarga tegishli bo‘lgan?
Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi fondida ushbu qabrtoshlarga oid XX asr boshlarida olib borilgan tadqiqot ishlari saqlanadi.
Ushbu hujjatlarga ko‘ra, maqbara hovlisining shimoli-sharqiy burchagida bitta qabrtosh mavjud bo‘lib, hijriy 863 yil jumad-ul soniy oyida vafot etgan Sulton Abu Saidning qizi Qutlug‘ Sulton Bekaga tegishli bo‘lgan.
Maqbaraning sharqiy minorasi tomonidagi gumbazli imorat ostida beshta qabrtosh mavjud bo‘lib, ularning birida Amir Temurning katta o‘g‘li Jahongir Mirzoning farzandi, temuriylar saltanatining ilk valiahdi hijriy 836 yilda vafot etgan Muhammad Jahongir, ikkinchi qabrtosh uning qizi, hijriy 847 yilda vafot etgan Robiya Sultonga tegishli bo‘lgan. Gumbazli imorat ostidagi boshqa qabrtoshlarda islomiy kalimalardan boshqa yozuvlar saqlanmaganligi tufayli egalari aniqlanmagan.
Maqbaraning bosh eshigiga eltuvchi marmar zinapoyadan g‘arbda sakkizta qabrtosh bo‘lib, ularning 5 tasi katta, 3 tasi kichik bo‘lgan. Ulardan birinchisi Mirzo Ulug‘bekning qizi, hijriy 870 yilda vafot etgan Oqo Bekaga, undan sharqda hijriy 876 sanasi ko‘rsatilgan, Sulton Abu Saidning o‘g‘liga tegishli qabr bo‘lgan. Bosh eshik qarshisidagi ikkinchi qabr hijriy 858 yilda vafot etgan Robiya Sultonga, uning yonida hijriy 865 yilda vafot etgan Sulton Abu Saidning yana bir o‘g‘li Shoh Mansur, undan sharqda hijriy 860 yil sanasi ko‘rsatilgan Muxammad Jahongir qabri bo‘lgan.
Bosh kirish eshigi g‘arbiy chortog‘ida joylashgan qabrtosh Sulton Abu Saidning o‘g‘li, hijriy 877 yilda vafot etgan shahzoda Jahongir Sultonga, sharqiy chortoqda joylashgan qabrtosh esa hijriy 856 yilda vafot etgan “Amir Temur Ko‘ragon o‘g‘li Mironshoh Mirzo o‘g‘li Muhammad Temur qizi Zubayda Sulton”ga, qabrlarning oxirgisi Sulton Abu Saidning hijriy 877 yilda vafot etgan yana bir qizi Oysha Sultonga tegishli bo‘lgan.
Qabrlarning eng avvalgisi hijriy 836 yil, melodiy 1433 yilga to‘g‘ri kelsa, eng so‘nggisi hijriy 877 yil, melodiy 1473 yilga taaluqlidir. Ya’ni, yuqoridagi temuriy shahzoda va malikalar maqbara atrofiga asosan Mirzo Ulug‘bek (1409-1449), Sulton Abu Said Mirzo (1451-1469) va uning o‘g‘li Sulton Ahmad Mirzo (1469-1494) lar davrida dafn etilgan.
Afsuski, temuriylar davri tarixiga oid muhim manba bo‘lish bilan birga ushbu davr tosh o‘ymakorligi san’atining yuksak namunasi bo‘lgan ushbu qabrtoshlar bizgacha yetib kelmagan va tariximizning suronli yillarida boshqa tarixiy ashyo va dalillarimiz qatorida yo‘q qilingan.
Mahmudxon Yunusov,
Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi
bosh muhofizi.