Amir Temur Ko‘ragon ismi bitilgan marmar lavha qayerda?
Sankt-Peterburgdagi Davlat Rus muzeyida bo‘lganlar bu savolga darrov javob berishi mumkin. Chunki hozirda bu noyob buyum ushbu muzey ekspozitsiyasida namoyish etilmoqda. Biroq o‘z davrida Amir Temur maqbarasi bosh kirish eshigi tepasida o‘rnatilgan lavha qanday qilib bu muzey kolleksiyasidan joy oldi?
Rossiya fanlar akademiyasi moddiy madaniyat tarixi instituti arxivida ushbu ashyoning yuqoridagi muzeyga borib qolishi tarixiga aloqador hujjatlar saqlanadi.
Hujjatlardagi ma’lumotlarga ko‘ra, 1905 yil bahorda Amir Temur maqbarasiga 4 kishidan iborat revolver bilan qurollangan talonchilar bostirib kirib, maqbara qarovulini qo‘rqitib, ushbu plitani o‘rnatilgan joyidan yulib olgan va ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan. O‘sha vaqtdagi mahalliy hukumatning surishtirish ishlari aybdorlarning topilishiga yordam bermaydi.
Rossiya imperatorining arxeologiya komissiyasi 1908 yilda marmar plitaning Berlindagi Fridrix muzeyida namoyish etilayotganidan xabar topadi va surishtiruv ishlarini boshlaydi. Shu yilning o‘zidayoq imperiya tashqi ishlar vaziri Aleksandr Petrovich Izvolskiyga voqea tafsilotlarini bildirib, lavhani o‘z joyiga qaytarish masalasida yordam so‘raydi.
O‘z navbatida, tashqi ishlar vazirligi Rossiya imperatorining Berlindagi elchisi Graf fon der Osten-Sakenga maktub yo‘llab, ushbu ish yuzasidan surishtiruv o‘tkazishni so‘raydi. Ma’lum bo‘lishicha, noyob marmar lavha Fridrix muzeyi direktori doktor T.Bode tomonidan 1906 yilda Istambulda 10 ming frank pulga sotib olingan va muzeyga olib kelingan.
Elchiga marmar lavhani Rossiyaga qaytarish uchun muzokaralar o‘tkazish topshirig‘i beriladi. Fridrix muzeyi direktori doktor T.Bode noyob ashyoni Rossiyaga qaytarish masalasidagi so‘rovga javoban, dastlab ashyoning haqiqatdan ham Amir Temur maqbarasiga tegishli ekanligiga oid dalil talab etadi. Imperator arxeologiya komissiyasi XIX asr oxirida Samarqandda olingan Amir Temur maqbarasining eshigi va uning tepasidagi marmar lavha aks etgan umumiy ko‘rinish, maqbara eshigining marmar lavha bilan birga alohida 3 ta fotosuratni taqdim etadi.
Shundan so‘ng Fridrix muzeyi ma’muriyati marmar lavhani Rossiyaga qaytarish evaziga XIII-XIV asrga taalluqli musulmon san’atining “biror bir noyob namunasi”ni talab qiladi. Biroq Imperator arxeologiya komissiyasi bunday ashyo o‘z ixtiyorida yo‘qligini, marmar lavhani sotib olish uchun Fridrix muzeyi tomonidan sarflangan 10 ming frank mablag‘ni qoplab berishini ma’lum qiladi.
Ushbu mojaro haqidagi gaplar qadimiy ashyolar havasmandi bo‘lgan Germaniya imperatori Vilgelm II ga ham yetib boradi va imperator xohishi bilan jarayonga Prussiya Qirollik muzeylari boshqarmasi aralashadi. Oqibatda, marmar lavha uchun sarflangan mablag‘ni qoplab berish evaziga uni Rossiyaga qaytarish masalasi ijobiy hal etiladi.
Shundan so‘ng Imperator arxeologiya komissiyasi Rossiya imperiyasi moliya vaziri V.N.Kokovsevga Fridrix muzeyiga to‘lash uchun 6 ming rubl (10 ming marka) ajratishini so‘rab maktub yo‘llaydi. Ko‘rsatilgan mablag‘ Berlinga yuborilgach, marmar lavha Rossiyaga olib kelinib, imperator arxeologiya komissiyasi tomonidan Amir Temur maqbarasiga qaytarilmasdan, o‘sha vaqtdagi Imperator Aleksandr III ning Rus muzeyi, ya’ni hozirgi Davlat Rus muzeyi xodimi katta xizmatchi Ulrix Yakov qo‘liga topshiriladi.
Shu tariqa Amir Temur Ko‘ragon ismi bitilgan marmar lavha hozirgacha Sankt-Peterburg shahridagi Davlat Rus muzeyi ekspozitsiyasini bezab turibdi. O‘sha vaqtda marmar lavhaning Samarqandga qaytarilmasligi bu yerdagi obidalarning yaxshi qo‘riqlanmasligi, ashyoning takroriy ravishda o‘g‘irlanishi ehtimoli borligi bilan izohlangan edi.
Mavjud tarixiy hujjatlarda qayd etilishicha, aslida ham o‘sha davrda Turkistonda, ayniqsa, Samarqandda noyob qadimiy ashyolarning talon-toroj qilinishi avjiga chiqqan. Hatto, ular bilan savdo olib boriladigan maxsus bozor ham mavjud edi. Oqibatda qadim shaharning tarixiga aloqador ashyolar Rossiya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, AQSh davlatlariga olib chiqib ketildi va hozirgacha u yerdagi muzeylar ekspozitsiyada sayyohlarni maftun etgan holda namoyish etilmoqda.
2017 yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, O‘zbekistonning xorijdagi madaniy boyliklarini vatanimizga qaytarish bo‘yicha ishlar boshlandi. O‘ylamizki, o‘zbek davlatchiligi tarixida muhim o‘rin tutgan Sohibqiron Amir Temur maqbarasiga tegishli marmar lavha taqdiri ham ushbu markaz e’tiboridan chetda qolmaydi.
Mahmudxon YuNUSOV,
Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh muhofizi.