Fanlar akademiyasi ijtimoiy tarmoqlarda Amir Temur qabri bo‘yicha tarqalgan asossiz xabarlarga munosabat bildirdi

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi e’lon qilgan xabarga ko‘ra, ayrim manbalarda Amir Temur qabrining ochilgani haqda xabarlar tarqalgan. Ammo bu asoslantirilmagan yolg‘on xabardir.

“Ayrim saytlarda «Uzbekskiye arxeologi 23 fevralya vskrili grobnitsu Timura» sarlavhali post e’lon qilingan bo‘lib, unda dekabrda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Prezidiumining Samarqanddagi Go‘ri Amir maqbarasida Amir Temur qabrini ochish bo‘yicha qarori qabul qilinganligi va arxeologlar tomonidan maqbara ochilganligi ta’kidlangan.

Ushbu xabar yolg‘on — feyk xabar hisoblanib, Fanlar akademiyasida ushbu masala muhokama qilinmagan va kun tartibiga qo‘yilmagan.

Arxeologlar tomonidan ham hech qanday qazishmalar olib borilmagan va rejalashtirilmagan. Shu bilan bir qatorda xabarda keltirilgan qazishma rabhari deb aytilgan Toshmuhammad Niyozovich Qori-Niyoziy 1970-yilda vafot etgan bo‘lib, birinchi O‘zR Fanlar akademiyasi prezidenti hisoblanadi. Umuman olganda ushbu xabar 1941-yildagi ma’lumotlar asosida tayyorlangan.

Ma’umot tarzida qayd etish lozimki, Go‘ri Amir maqbarasi 1941-yilning 16-22-iyun kunlari hukumatning maxsus qarori bilan ochilgan bo‘lib, ekspeditsiyaga professor T.N.Qori-Niyoziy rahbarlik qilgan. Dastlab Amir Temur o‘g‘illari Mironshoh, Mirzo Shohruh, nevarasi Mirzo Ulug‘bek, 1941-yilning 19-iyunida Amir Temur qabri ochilgan. Undan so‘ng Amir Temurning nevarasi Muhammad Sultonning qabri ham ochilgan. Antropolog M.M.Gerasimov o‘zi yaratgan usul bilan Amir Temur, Mironshoh, Shohruh, Mirzo Ulug‘bek va Muhammad Sultonlarning hujjatli portretlarini yaratgan. 1942-yilning oxirlariga kelib, Amir Temur maqbarasidan qazib olingan suyaklar ilmiy jihatdan o‘rganib bo‘lingach, qaytadan o‘z joylariga dafn etilgan.

Hurmatli jurnalist va blogerlar, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bu kabi asoslantirilmagan yolg‘on xabar va ma’lumotlarni tarqatmasligingizni so‘rab qolamiz!”, deyiladi munosabatda.