Amir Temurning “Ko‘ktosh”i
Urgut tumanining Beshkapa qishlog‘ida XIX asrning ikkinchi yarmida tug‘ilib, XX asrning 30-yillarigacha yashagan, Vatanimizning ozodligi uchun jon fido qilgan qo‘rboshi Mirzapolvon har gal namozini “Ey Allohim, bizga Sohibqiron Amir Temurning Ko‘ktoshini ozod ko‘rishni nasib qilgin”, degan tilak bilan yakunlar ekan.
Bu satrlarni o‘qiganlar, Amir Temurning Ko‘ktoshi qanaqa tosh bo‘lgan, nega Mirzapolvon bu toshni ozod ko‘rishni istagan ekan, degan xayollarga borishi mumkin.
Quyida biz o‘sha tosh haqida so‘z yuritishni niyat qildik.
Ko‘ktoshda o‘tirmagan amir hukmdor emas(mi?)
Tarixiy manbalarda aytilishicha, Amir Temurning taxti Ko‘ktosh deya atalmish cho‘zinchoq, to‘rtburchak, kulrang ko‘rinishli yaxlit marmartoshning ustiga o‘rnatilgan bo‘lib, bu toshning yonlariga mohir toshtaroshlar nafis naqshlar chizgan va uning to‘rt qirrasini ustunsimon qilib yo‘nganlar.
Ko‘ktosh Sohibqiron tomonidan Samarqand arkida bunyod qilingan to‘rt qavatli, muhtasham Ko‘ksaroyning taxtxonasiga o‘rnatilgan. Hashamatli qilib bezatilgan bu xonada Amir Temur taxtda o‘tirib, elchilarni, salomga kelgan a’yonlar va aslzodalarni qabul qilgan, shuningdek, o‘z arziholini aytishga kelgan fuqarolarning dardlarini tinglagan.
Mirzo Bobur bu saroy haqida: “Samarqand Arkida Temurbek bir ulug‘ ko‘shk solibtur, to‘rt oshyonliq, Ko‘ksaroyg‘a mavsum va mashhur, bisyor oliy imorattur”, – deydi.
Endi Ko‘ktoshga qaytadigan bo‘lsak, bu tosh Sohibqironning vafotidan so‘ng ham temuriyzodalarga taxt sifatida xizmat qilgan. Sohibqiron bobosining toj-taxtini noqonuniy egallagan Xalil Sulton ham, otasining ko‘magi bilan Samarqandni qo‘lga kiritgan Mirzo Ulug‘bek ham Ko‘ktosh ustiga o‘tirib davlatni boshqargan.
Sohibqironning tabarruk izi qolgan Ko‘ktosh toj-taxt va hukmdorlikning qonuniy timsoli bo‘lib qolgan ediki, temuriylardan so‘ng Movarounnahrda hukmdorlik qilgan shayboniylar, ashtarxoniylar va mang‘itlar ham Ko‘ktosh ustiga rasmiy o‘tirish marosimlarini o‘tkazishga majbur edilar. Ashtarxoniylar va mang‘itlar davrida poytaxt Samarqanddan Buxoroga ko‘chgan vaqtda Buxoro amirlari Samarqandga kelib, Ko‘ktoshga o‘tirish marosimini o‘tkazar edilar. Ko‘ktoshga rasmiy o‘tirish marosimini o‘tkazmagan yangi amir o‘zini to‘laqonli amir hisoblay olmas, fuqaro ham uning amirligini to‘la tan olmas edi. Bunga misol qilib, Chingizxonning so‘nggi avlodi bo‘lgan Abulfayzxondan taxtni tortib olgan Rahimxon mang‘it bilan bo‘lgan voqeani eslash joiz.
Abulfayzxonning vaziri bo‘lgan Rahimxon uni yashirincha o‘ldirib Buxoro taxtini egallaydi. Amir Temur zamonidan qolgan an’anaga ko‘ra, har bir yangi amir Samarqanddagi Ko‘ktoshga o‘tirish marosimini o‘tkazishi lozimligini yaxshi bilgan Rahimxon mang‘itni qonuniy amir Abulfayzxondan noqonuniy ravishda hukmdorlikni tortib olganidan yaxshi xabardor bo‘lgan samarqandliklar uni amir sifatida tan olmaydi va shaharga kiritmaslikka, Ko‘ktoshga yaqin yo‘latmaslikka qaror qiladilar. Samarqandliklarning bu qaroridan jahli chiqqan Rahimxon Ko‘ktoshsiz ham bu marosimni o‘tkazishga jazm qiladi. Buning uchun Buxoroda, saroy oldida Ko‘ktoshga o‘xshatib loydan kichikroq bir supacha yasaydilar va Buxoro amirligida yashovchi barcha o‘zbek urug‘larining beklari uni avvaliga oq kigizga, so‘ngra supachaga o‘tqazadilar. Shu tariqa uning hukmdorligi tan olingandek bo‘ladi, ammo baribir uning ko‘ngli to‘lmaydi, hukmdorligi kemtikdek tuyulaveradi.
Oradan vaqt o‘tib, samarqandliklar ham Rahimxonga tobelik izhor qiladilar. Shundan so‘ng Rahimxon Samarqandga kelib ikkinchi marta taxtga o‘tirish marosimini o‘tkazadi. Faqat shundan so‘nggina u o‘zini haqiqiy amir sifatida his qiladi.
Amir Temurning taxti Ko‘ktoshga yangi amirni o‘tqazish marosimi juda katta tantana bo‘lgan. Bu an’ananing tafsilotlari ham ayricha. Biz quyida amir Muzaffarni Ko‘ktoshga o‘tirishi marosimi haqida batafsilroq to‘xtalmoqchimiz.
Muzaffarxonning Ko‘ktoshga chiqarilishi qanday kechgandi?
1860 yili Buxoro amiri Nasrulla vafot etgach, uning o‘rniga yagona o‘g‘il Muzaffarxon o‘tiradi. U otasi vafotining 40 kunligini o‘tkazib, Ko‘ktoshga o‘tirish uchun Samarqandga yo‘l oladi. Yangi amirni samarqandliklar karnay-surnaylar bilan kutib oladilar. Muzaffarxon Shohi Zinda qabristoniga borib, ulug‘lar, aziz-avliyolarning xotirasiga Qur’on tilovat qilgach, Samarqand hokimi Rahimxon parvonachining mehmonxonasiga tushadi. Bu mehmonxona Ko‘ktosh turgan yerdan 30 qadamcha narida, shahar Arkining ichida edi. Rahimxon parvonachi yangi amirga o‘zining o‘ta sodiq ekanini isbotlash uchun Ko‘ktoshga o‘tirish marosimiga katta tayyorgarlik ko‘radi. Mehmonxona va Ko‘ktosh o‘rtasidagi yo‘lakka shohi gazlamalardan poyandoz to‘shaladi. Ko‘ktosh va u joylashgan binoning ustiga ham har xil nafis matolar yopiladi. Bu tantanali marosimni tomosha qilish uchun shahar xalqi Arkka oqib keladi.
Muzaffarxonning amaldorlari va saroy a’yonlari ham ko‘tarinki kayfiyatda turishardi. Amaldorlardan biri xalqning ustiga kumush tangalar sochib turibdi, xalq talashib-tortishib sochqilarni termoqda. Ko‘ktoshdan 10 qadamlar berida oq kigiz to‘shalgan. Ikki amaldor Muzaffarxonni ikki qo‘ltig‘idan suyab, oq kigizning ustiga o‘tqazadilar. Amir Muzaffarxon oyoqlarini chalkashtirib, chordana qurib, kigizning ustiga xotirjam o‘tiribdi. Shundan so‘ng, Buxoro amirligida yashovchi ming, kenagas, mang‘it, nayman xitoy-qipchoq, yuz, qirq kabi o‘zbek urug‘larining boshliqlari hamda Rahim parvonachi va boshqa amaldorlar kigizda o‘tirgan amirni boshlari barobar uch marta ko‘tarib, Ko‘ktosh tomonga yuradilar va ohistagina Ko‘ktoshga o‘tqazadilar.
Kigiz chetidan ushlagan barcha amaldorlar so‘ngra Ko‘ktosh atrofidan joy oladilar. Bu marosimda qatnashgan bir kishining tarixchiga hikoya qilishicha, amir Nasrulloni Ko‘ktoshga o‘tqazish marosimida bu yerda to‘plangan xalq qiyqirib, har xil tilaklar tilagan ekan. Muzaffarni Ko‘ktoshga o‘tqazishganida esa xalq qiyqirmagan va marosimni jimgina kuzatib turgan.
Shu o‘rinda muhim bir detalni eslamoq lozimdir. Ko‘ktoshning tepa qismining chekkasida kichikrok bir chuqurcha yasalgan. Bu chuqurchaga, taxtga o‘tirish marosimida qatnashgan barcha urug‘larning beklari bir donadan oltin tanga tashlaganlar. Marosim tugaganidan so‘ng esa bu tangalar xalqqa tarqatilgan.
Amir Muzaffar Ko‘ktoshga o‘tqazilganidan so‘ng bosh vazir uni tabriklab nutq so‘zlaydi, so‘zini yakunlagach, ohista borib amirning qo‘lini o‘padi. Undan so‘ng barcha tumanlarning beklari ham amirni tabriklaydilar va unga o‘zlarining sodiqligini izhor qilib qo‘lini o‘padilar. Bu tafsilotlarni yozib qoldirgan rus tarixchisining aytishicha, amirlar faqatgina Ko‘ktoshga o‘tirish marosimidagina o‘z a’yonlariga qo‘llarini o‘ptirganlar, boshqa vaqtda esa bu hol takrorlanmas ekan.
Amir Muzaffar barcha tabrik va tilaklarga boshini qimirlatib javob bergan, xolos. Uning nomidan bosh vazir barchaga tashakkur bildirgan. Ko‘ktoshga o‘tirish marosimi tugagach, amirning yaqinlari uni qo‘ltig‘idan ushlab ohistagina toshning ustidan tushirganlar. Shundan so‘ng mehmonxonada shohona bazm boshlangan.
Ayrim tarixchilarning aniqlashicha, Ko‘ktoshga o‘tqazish marosimida amir o‘tiradigan oq kigizning ustiga Makkadagi muqaddas Zam-Zam bulog‘idan keltirilgan suv sepilgan.
Sohibqironning poyqadami tekkan Ko‘ktosh uzoq asrlar davomida Ko‘ksaroyda turdi, bu saroy asta-sekinlik bilan xarobaga aylangach, Buxoro amirlari Ko‘ktosh uchun maxsus bino qurdirganlar. Bu bino aynan Ko‘ksaroyning taxtxonasi ustiga qurilganmi yoki uning atrofida bo‘lganmi, ochilmagan jumboqdir. Endi esa buni hech qachon aniqlab bo‘lmaydi. Hozirda bu binolardan nom-nishon qolmagan.
XIX asrda Ko‘ktosh turgan saroyning ko‘rinishi bizga 1868 yili Samarqand istilosida qatnashgan rus rassomi V.Vereshchagin chizib qoldirgan surati orqali ma’lum. Bu suratdan anglanishicha, Ko‘ktosh o‘rnatilgan saroy to‘rtburchakli bo‘lib, devorning to‘rt tomonida ayvon qilingan, ayvonning o‘rtasi ochiq, to‘rida esa Ko‘ktosh qo‘yilgan. Saroyning ustunlari, shifti va toqi nafis naqshlar bilan bezatilgan. Ko‘ktosh ustiga bunday hashamatli binoning qurilishi bu toshga bo‘lgan chuqur ehtiromning ramzi ekanini anglatib turibdi. Ko‘ktosh Amir Temur davridan XIX asrning oxirigacha, Turkistonda hukmdorlik, toj-u taxt ramzi bo‘lgan. Bu toshning xalq ongidagi ulkan ta’sirini yaxshi anglagan rus generali fon Kaufman 1868 yilning 2 mayida Samarqand shahrini egallaganida Rossiya imperiyasining ikki boshi burgut aks ettirilgan bayrog‘ini aynan Ko‘ktosh turgan saroyning peshtoqiga qadab qo‘ygan.
Samarqandga tashrif buyurgan barcha sayyohlar, albatta, Ko‘ktoshni kelib ko‘rar edilar. Shunday sayyohlardan biri ukrainalik tarixchi D.Evarnitskiy ham Samarqandga kelganida Ko‘ktoshni ziyorat qilib, u haqida qiziqarli ma’lumotlar yozib qoldirgan.
Uning yozishicha, Sohibqironning Samarqand arkidagi saroyi ikki bo‘limdan iborat bo‘lib, birinchi bo‘lim saroy ahillariga mo‘ljallangan, ikkinchisi esa Ko‘ktosh o‘rnatilgan xona, ya’ni taxtxona – qabulxona deb atalgan. Qabulxonaning devorlarida nafis matoga oltin harflar bilan bitilgan ikkita farmon ham osig‘liq turgan.
Tarixchi S.Lapinning yozishicha, devorga osig‘liq, yozuv bitilgan buyumlar Amir Temurga Turkiya sultoni tomonidan yuborilgan yorliqlardir. Unda Turkiya sultoni Amir Temurni hukmdor sifatida tan olganligi yozilgan ekan. Afsuski, bu qimmatli buyumlar bizgacha yetib kelmaganligi sababli ularning haqiqiy mazmuni va ahamiyatlari haqida asosli fikrlar yuritishning iloji yo‘q.
D.Evarnitskiy “Sohibqironning Ko‘ktoshini ziyorat qilgan musulmonlarning ko‘ngillarida, qadimda va hozirgi kunlarda ham chuqur his hayajon, xushkayfiyat hamda faxr tuyg‘ulari uyg‘onar edi”, deb yozib qoldirgan.
Ko‘ktosh qadri nimada?
Sohibqironning taxti Ko‘ktosh haqida yozgan ayrim tarixchilar bu toshni Amir Temurga aloqasi bo‘lmasa kerak, uni Ulug‘bek uzoqdan keltirgan bo‘lishi mumkin, degan taxminlarni ham aytib ketgan. Ammo tarixiy dalillar bu taxminni batamom rad etadi. Mirzo Ulug‘bek Mo‘g‘ulistondan keltirgan tosh nefrit-mohtob qora tosh bo‘lib, u hozirda Amir Temur maqbarasida turibdi. Ko‘ktosh esa oddiy marmar tosh bo‘lib, bu tosh Samarqand viloyatidagi marmar konlarining biridan keltirilgan bo‘lishi mumkin. Ko‘ktoshning qadri uning jinsida emas, balki Sohibqironning taxti bo‘lganligida.
Tarixiy manbalarda keltirilishicha, Abulxayrxonning nabirasi Muhammad Shayboniyxon Shohbaxt Movarounnahr toj-taxtni temuriylardan olganidan so‘ng Xurosonga yurish qiladi va bu yerda eronlik qizilbosh turklarning podshosi Shoh Ismoil I bilan yuzma-yuz bo‘ladi. Bu jangda omad Shayboniyxondan yuz o‘giradi, u halok bo‘ladi. Dashti Qipchoqdan Shayboniyxonga yordamga borayotgan Suyunchxo‘ja Samarqand yaqinida dahshatli xabarni eshitadi. Shayboniyxon halok bo‘lganidan so‘ng samarqandliklar sarosimaga tushib, bo‘shab qolgan taxtga zudlik bilan Suyunchxo‘jani o‘tqazadilar. Shahar aslzodalari uni izzat-ikrom bilan kutib olib, Amir Temur bino qilgan jome masjidda uning nomiga xutba o‘qiydilar va oq kigizga o‘tqazishib Sohibqironning Ko‘ktoshiga ko‘taradilar. Bu ma’lumotlar Ko‘ktoshning Sohibqironga taxt bo‘lib xizmat qilganligini yana bir karra isbotlab turibdi.
Ko‘ksaroy qachon vayron bo‘lgan?
Ko‘ksaroy haqida yozgan M.Masson, V.Shishkin va E.Buryakovalarning fikricha, Ko‘ksaroy bundan ikki yoki uch asrlar ilgari yo‘q bo‘lib ketgan. Ammo XIX asrning ikkinchi yarmida Samarqandga kelgan rus harbiylari va sayyohlari Samarqand ruslar tomonidan istilo qilingan paytlarda ham Ko‘ksaroy bor bo‘lganligini yozgan. Masalan, N.Mayevning yozishicha 1870 yilda Samarqandga kelganida Ko‘ksaroy mavjud bo‘lgan va u harbiy gospitalga aylantirilgan.
Bizningcha, saroy 1880 yillarida yo‘q qilingan bo‘lishi mumkin, chunki o‘sha yillari rus harbiylari Samarqand arkidagi ko‘hna obidalarni portlatib, ichini tekislagan va bu yerda harbiy garnizon qurilgan.
Ko‘ktosh 1960 yillargacha Samarqand arki o‘rnida qurilgan harbiy garnizon ichida turgan, so‘ngra bu yerda yangi ma’muriy binolar qurilishi munosabati bilan tosh Amir Temur maqbarasining hovlisiga ko‘chirilgan va hozirda ham shu yerda turibdi.
Ko‘ktoshning tarixiy qimmatini rus harbiy ministri general Kuropatkin bir asr ilgari juda yuqori baholagan edi. U 1901 yilda Turkiston harbiy okrugiga safari chog‘ida Samarqandga kelib, Ko‘ktoshni ko‘radi va Sankt-Peterburgga qaytib hisobot yozar ekan: “Samarqanddagi harbiy omborxonada qat’iy tartib o‘rnatilgan. Faqat meni Temurlang taxtining usti har xil artilleriya qurollari bilan to‘ldirib tashlaganligi ajablantiradi. Binoning tomi saqlangan. Axir bu katta o‘tmish va tarixiy muqaddas narsa-ku, uni albatta asrash kerak. Binoning Ko‘ktosh turgan qismiga maxsus muzeysimon inshoot qurish lozim. Unga alohida eshik qurilib barcha tashrif buyuruvchilarni va xorijliklarni kiritish kerak” – degan edi.
Shu o‘rinda ayrim mulohazalarimni o‘rtaga tashlamoqchiman. Ma’lumki, Sohibqiron bobomiz XIV asr 70-yillarida Samarqandda, 36 gektar maydonni egallagan Arki a’loni bunyod qilib, uning ichiga Ko‘ksaroy va Bo‘stonsaroy nomli ikki saroy qurdirgan edi.
Ko‘ksaroyda ulug‘ bobomizning toj-taxti, xazinasi va kutubxonasi saqlangan. Shuningdek, Arki a’loning ichida hashamatli hammom, hunarmandlar ustaxonalari va aslzodalar uchun turar joylar qurilgan.
Arki a’lo temuriylar, Movarounnahrni boshqargan shayboniylar, so‘nggi xonlar uchun ham muqaddas, toju taxt ramzi hisoblangani manbalarda qayd qilingan.
1868 yilning may oyi Arki a’lo taqdiri fojiali yakun topdi. O‘sha yil 2 mayda Oq podsho generali fon Kaufman Samarqandni istilo qilib, Rossiya imperiyasining ikki boshli burgut aks ettirilgan bayrog‘ini aynan Ko‘ksaroyning peshtoqiga osib qo‘ygan edi.
Shundan so‘ng rus harbiylari asta-sekinlik bilan Arki a’lo ichidagi Ko‘ksaroy, Bo‘stonsaroy va bir necha aziz-avliyolarning maqbaralarini portlatib, bularning o‘rniga harbiy qism, gospital, qurol-yaroq omborlarini qurdilar.
Arki a’loning Oq podsho qo‘shinidan sal-pal omon qolgan qismlarini XX asrning 70-yillarida o‘zi xon, ko‘lankasi maydon bo‘lgan bir amaldor vayron qildi. U Arki a’lo ichida bir necha qavatli yangi binoni o‘z loyihasi asosida bunyod qildirdi. Arxeologlar unga, bu yerda qurilish qilish mumkin emas, deganida, u olimlarni mazax qilib, kabinetidan haydab chiqarganini eshitganman.
Samarqandga uzoq-yaqindan kelgan sayyohlar ko‘pincha: “Amir Temur shunday ulkan va qudratli davlatni qayerdan turib boshqargan?” degan haqli savolni beradilar. Ammo ularning bu savollariga hech kim jo‘yali javob bera olmaydi. Arki a’loning nomi bor-u, o‘zi yo‘q. Bir paytlar Arki a’lo faoliyat ko‘rsatgan yerga biror-bir marmar lavha ham o‘rnatilmagan. Yaqinda Samarqanddagi Ko‘ksaroy maydonida qurilgan beso‘naqay bino butunlay olib tashlanarmish, – degan gap tarqaldi. Ko‘pchilik “Xayriyat-ey”, deya xo‘rsindi. Ha, asta-sekin Arki a’loda qurilgan inshootlar yo‘qotilib, Sohibqiron bobomizning bevosita o‘z ko‘rsatmasi bilan barpo qilingan tabarruk maskan ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantirilsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi. To‘g‘ri, Ko‘ksaroy bilan Bo‘stonsaroylar endi yo‘q, ammo ularning ulug‘vor poydevorlari saqlangan. Bu poydevorlar ham Amir Temur davri me’morchiligi, shaharsozligi haqida ko‘p narsalarni so‘zlab beradi.
Ushbu maqolaning boshida aytganimizdek, qo‘rboshi Mirzapolvon bundan 100 yillar ilgari Sohibqironning Ko‘ktoshini ozod ko‘rishni orzu qilgan edi. Bugun Mirzapolvonning orzusi ushalgan. Polvon bobomiz Ko‘ktoshning ozod bo‘lishi Amir Temur Vatanining ozod bo‘lishini anglatishini yaxshi bilgan.
Amriddin Berdimurodov,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.