Temuriylar davrida yaratilgan “Xamsa”lar olimlar tomonidan tahlil va tadqiq qilinyapti

Bugun Samarqand davlat universiteti filologiya fakultetida Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi oldidan «Temuriylar davrida yaratilgan “Xamsa”larning komparativistik tadqiqi va ularning Sharq adabiyoti taraqqiyotidagi o‘rni» mavzusida xalqaro onlayn ilmiy-nazariy anjuman o‘z ishini boshladi.

Anjumanda Samarqand davlat universiteti rektori R.Xolmurodov, xorijlik olimlardan Xon Hasa Aqib (Hindiston), Mustafo O‘g‘urlu (Turkiya), Almaz Ulvi Binnatova (Ozarbayjon) hamda o‘zbek olimlari qatnashib, ilmiy hamkorlik qilish, istiqbolli tadqiqot rejalari bo‘yicha fikrlar almashdi.

Tadbirda ilmiy tadqiqotlar asosida temuriylar davrida yaratilgan “Xamsa”larning komparativistik tadqiqi xususida ilmiy-nazariy xulosalar jamlandi. Jumladan, XV asr Xuroson adabiy muhiti va unda Jomiy hamda Navoiyning mavqei, Abdurahmon Jomiy adabiy merosi va poetikasi xususida qator ilmiy-nazariy maqolalar taqdim etildi. Yaratilgan “Xamsa”larda tasavvufiy ohanglar, jahon adabiyotida “Xamsa” g‘oyalarining o‘rni, adabiy matnshunoslik: nashr, tarjima, ilmiy tahlil va talqin muammolari o‘rganildi. Ularda til va uslub masalalari nuqtai nazaridan berilgan ilmiy qarashlar bugungi kun zamonaviy jahon adabiyotshunosligi va tilshunosligi uchun dolzarb ahamiyatga egaligi qayd etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarorida qayd etilganidek, “buyuk shoir va mutafakkir, davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiyning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixida, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida alohida o‘rin tutadi”. O‘zbek tilida yaratilgan ana shunday noyob durdonalardan biri Alisher Navoiy “Xamsa”si bo‘lib, bu beshlik haqli ravishda jahon adabiyotining eng yirik namunalaridan biri sifatida har tomonlama tahlil va tadqiqqa munosibdir.

Onlayn tarzda bo‘lib o‘tayotgan ilmiy-amaliy konferensiya ishi ikki kun davom etadi.