Tergov sudyasi nima ish qiladi?
Joriy yilning 10 iyunida Prezidentning “Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Unda sudlar faoliyati samaradorligini oshirish, shaxsning huquq va erkinliklarini samarali himoya qilinishiga erishish maqsadida jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish masalasi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida alohida sudyalar – tergov sudyalari tomonidan ko‘rib chiqilishi tartibi belgilandi. Ya’ni, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimi kiritilmoqdi. 2025 yildan boshlab jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida tergov sudyasi tomonidan protsessual qarorlarga berilgan sanksiyalar faqatgina apellyasiya instansiyasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi tomonidan yakka tartibda qayta ko‘rib chiqilishi kerak.
Xo‘sh, tergov sudyasi qanaqa sanksiya va majburlov choralarini qo‘llash masalasini ko‘rib chiqishi mumkin? Jumladan, sanksiyalarga qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash, qamoqda saqlash yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish, murdani eksgumatsiya qilish, pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash, tintuv o‘tkazish, telefon va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish haqidagi iltimosnomalar kiradi.
Majburlov choralariga esa ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish, shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish, ushlab turish muddatini qirq sakkiz soatga qadar uzaytirish, prokurorning guvoh va jabrlanuvchining ko‘rsatuvlarini oldindan mustahkamlash singari iltimosnomalarni ko‘rib chiqish vakolatini kiritish mumkin.
K.PANSATOV, Jinoyat ishlari bo‘yicha Ishtixon tuman sudining raisi.