Tergov sudyasi - sud tizimida yangilik
Keyingi yillarda mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish tizimini «Inson qadri uchun» tamoyili asosida yangi bosqichga ko‘tarish, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklari himoyasining kafolatlarini kuchaytirish, shuningdek, aholining huquqni muhofaza qilish tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Bu boradagi sud-huquq islohotlari doirasida 2024 yil 10 iyunda Prezidentimiz «Tezkor qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.
Mazkur Farmon bilan O‘zbekiston qonunchiligida navbatdagi yangilik joriy etilmoqda. Ya’ni, sud-huquq tizimidagi zamonaviy talablar va xalqaro standartlar asosida ishni sudga qadar yuritish bosqichida tergov sudyasi lavozimi joriy etilishi belgilandi.
Tergov sudyasi O‘zbekiston sud tizimi uchun yangi institut bo‘lib, uning oldiga juda muhim vazifalar qo‘yilgan.
2025 yil 1 yanvardan jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimi joriy etiladi. Ular sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish va majburlov choralarini qo‘llash masalasini hamda ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqadi. Tergov sudyasining protsessual qarorlarga bergan sanksiyalari faqatgina tegishli apellyasiya instansiyasida qayta ko‘rib chiqilishi belgilandi. Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ham yuqori instansiyalarda qayta ko‘rib chiqish tartibi saqlab qolinadi.
Farmonga muvofiq, tergov sudyasiga jinoyat materiallarini qo‘llash masalasini ko‘rib chiqish vakolati beriladi. Jumladan, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash, qamoqda saqlash yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish, pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish, murdani eksgumatsiya qilish, pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash, tintuv o‘tkazish, telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish, mol-mulkni xatlash kabi iltimosnomalarga tergov sudyasi sanksiyalar berishi mumkin.
Sud-huquq islohotlarida hech bir jarayon birdaniga sodir bo‘lmaydi. Sudlar ixtisoslashib, sudyalar qanchalik ixcham va o‘zlari malakalashgan doirada ish ko‘rish bilan shug‘ullansa tabiiyki, ular shu soha qonun-qoidalarini mukammal o‘rganib, ixtisoslashib boradi. Natijada xatolar soni kamayadi va xolislik ta’minlanadi.
Sud-huquq islohotlarining turli bosqichlarida sudlarning ixtisoslashuvi amalga oshirilgan va bu ishlarning sifatli ko‘rilishini ta’minlashda ijobiy samara berdi. Shu ma’noda, tergov sudyasi instituti joriy qilinishi ham o‘z vaqtida va muhim yangilik bo‘ldi deyish mumkin.
Bugungi kunda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar sudyalari jinoyat ishlari bilan birgalikda ma’muriy huquqbuzarlikka doir ishlarni, shuningdek, sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish va majburlov choralarini qo‘llash masalasidagi iltimosnomalarni ham ko‘rib chiqadi. Har bir ish ortida inson taqdiri turadi. Tan olish kerak, jinoyat ishlarining o‘zi sudyaning asosiy vaqtini, kuch-g‘ayratini, diqqat-e’tiborini band qiladi. Ma’muriy huquqbuzarlikka doir ishlar bilan ham ishlash kerak. Shuncha ish hajmiga qo‘shimcha ravishda sanksiya berish yoki majburlov choralari bo‘yicha iltimosnomalarni ham ko‘rish kerak. Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda Tergov sudyasi lavozimi joriy etilishi bilan ish yuklama yengillashadi va sud qarorlarining sifat darajasi yanada oshadi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida tergov sudyasi tomonidan protsessual qarorlarga berilgan sanksiyalar faqatgina apellyasiya instansiyasida Qoraqalpog‘iston sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, O‘zbekiston harbiy sudi tomonidan yakka tartibda qayta ko‘rib chiqiladi.
Yuqorida ta’kidlanganidek, tergov sudyasi bir qator majburlov choralarini ham qo‘llashi mumkin. Ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish, shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish, ayblanuvchining tibbiy muassasada bo‘lishi muddatini uzaytirish, ushlab turish muddatini 48 soatga qadar uzaytirish, prokurorning guvoh va jabrlanuvchining (fuqaroviy da’vogarning) ko‘rsatuvlarini oldindan mustahkamlash to‘g‘risidagi kabi iltimosnomalar bo‘yicha majburlov choralari qo‘llanadi.
Ko‘rsatuvlarni oldindan mustahkamlab qo‘yish – guvoh va jabrlanuvchini ishni sudga qadar yuritish bosqichida prokurorning iltimosiga ko‘ra so‘roq qilish bo‘lib, sud tomonidan amalga oshiriladi.
Tergov jarayoni mukammal bo‘lishiga xalaqit beruvchi holatlar vujudga kelganda, tergov organi guvohlar yoki jabrlanuvchilardan birining ko‘rsatuvini mustahkamlab qo‘yish masalasida sudga murojaat qilishi, sud tergov organi keltirgan asoslarni o‘rganib chiqqach, tegishli tartibda ko‘rsatuvni mustahkamlab qo‘yishi mumkin.
Tergov sudyalari tomonidan guvoh va jabrlanuvchining (fuqaroviy da’vogarning) ko‘rsatuvlarini oldindan mustahkamlash to‘g‘risidagi iltimosnomalarni ko‘rib chiqishi ham odil sudlov uchun muhim yordam bo‘ladi.
«Tergov sudyasi o‘z faoliyatini mustaqil amalga oshirib, faqat qonunga bo‘ysunadi hamda tergov sudyasiga odil sudlovni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday vazifalar yuklatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi» - deyiladi farmonda.
Tergov sudyalarining tashkiliy faoliyatiga Qoraqalpog‘iston sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Harbiy sud raislari rahbarlik qiladi.
“Yangi O‘zbekiston - yangi sud» tamoyili doirasida aholining odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish sud-huquq tizimini isloh qilishni jadallashtirishni, sohaga ilg‘or xalqaro standartlarni joriy etishni talab etmoqda.
Tergov sudyalari ko‘plab xorijiy davlatlarda muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda. Jumladan, Fransiyada ishni sudga qadar yuritishda tortishuv prinsipi amal qilishini ta’minlaydigan mustaqil institut sifatida ishonch qozongan.
Xulosa qilib aytganda, farmon sudyalar korpusini shakllantirishning yangi mexanizmlarini joriy etish, sud tizimi tuzilmasini isloh qilish, surishtiruv va tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini sud orqali ishonchli himoyalash va aholining sudlarga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Olim Hayitov,
Samarqand viloyati sudi raisi.