Termiz shahar hokimligi xodimlarining 70 foizidan ortig‘i koronavirusga chalindimi? Hokimlik munosabat bildirdi
Ijtimoiy tarmoqlarda Termiz shahar hokimligi xodimlarining 70 foizidan ortig‘ida koronavirus infeksiyasi aniqlangani mazmunidagi xabar tarqaldi. Hokimlik matbuot xizmati bu xabarlarga munosabat bildirdi.
“Bugun insoniyat jiddiy sinov bilan yuzlashgan bir paytda koronavirus infeksiyasini yuqtirishdan hech kim istisno emas. Bu kasallikdan hech kim kafolatli himoyalanmagan.
Termiz shahar hokimligi binosiga kiraverishda haroratni o‘lchash skanerlari, dezinfeksiya vositalari qo‘yilgan. Hozirda faqatgina zarur bo‘lgan xodimlargina bevosita ishga jalb etilgan. Mutaxassislarning bir qismi qonunchilikda belgilangan tartibda mehnat ta’tiliga chiqarilgan, ayrimlarining esa masofadan turib (onlayn) ishlashi tashkil etilgan.
Termiz shahar hokimligida ishlovchi jami 3 nafar xodimda (70 foizidan ortig‘ida emas!) koronavirus infeksiyasi aniqlangan bo‘lib, ularda kasallik simptomsiz kechayotgani uchun uy sharoitida davolanishmoqda. Infeksiya aniqlangan xodimlar uy sharoitida, masofadan ishlayotgan hamkasblarimizdir.
Ushbuni inobatga olib, jamiyatdagi barcha jarayonlarga befarq bo‘lmagan fuqarolarimizdan COVID-19 pandemiyasi va karantin tadbirlari fonida ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan ushbu mazmundagi yolg‘on axborotlarga ishonmasliklarini so‘raymiz.
Ijtimoiy tarmoqlardagi guruh administratorlari hamda shaxsiy akkaunt egalariga esa aholi orasida turli mish-mishlar paydo bo‘lishiga olib keladigan bunday yolg‘on ma’lumotlarni tarqatish qonun oldida javobgarlikni keltirib chiqarishini eslatib o‘tamiz”, deyiladi xabarda.