Test sinovlarining beshinchi kuni Samarqandda 12 nafar abituriyent imtihondan chetlatildi

Avval xabar berganimizdek, ayni kunda viloyatda oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish istagida bo‘lgan abituriyentlar uchun beshta ochiq maydonda test sinovlari bo‘lib o‘tmoqda.

Davlat test markazi Samarqand viloyati bo‘limining Zarnews.uz’ga ma’lum qilishicha, 12 avgust kuni birinchi navbatda qatnashishi kerak bo‘lgan 5460 nafar abituriyentdan 4989 nafari test sinovlarida ishtirok etgan. Ammo 471 nafar abituriyent turli sabablarga ko‘ra imtihonga kelmagan.

Ikkinchi navbatda abituriyentlarning 5132 nafari test sinovlariga kelgan bo‘lsa, 328 nafari turli sabablarga ko‘ra qatnashmagan.

Birinchi navbatda to‘rt nafar, ikkinchi navbatda uch nafar abituriyent o‘ringa o‘rin kirishga uringani, besh nafar abituriyent tartib-intizomga rioya qilmasdan ta’qiqlangan vositalardan foydalangani tufayli test sinovlaridan chetlatilgan.

Eslatib o‘tamiz: Abituriyentlar imtihon hududiga test sinovi boshlanishidan 1 soat oldin pasport (ID-karta) va abituriyent ruxsatnomasi bilan kelishlari lozim.