Test sinovlarining birinchi kuni: Samarqandda to‘rt nafar abituriyent imtihondan chetlatildi

Bugundan yurtimizda davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish istagida bo‘lgan abituriyentlar uchun test sinovlari boshlandi.

Xususan, Samarqand shahrida yettita yopiq binoda test sinovlari 2 smenada tashkil etildi.

1-smenada test sinovlariga qatnashishi kerak bo‘lgan 3660 nafar abituriyentdan 3331 nafari imtihonga keldi. Qolgan 329 nafar abituriyent turli sabablarga ko‘ra imtihonga kelmadi. Test sinovlarida bir nafar abituriyent hududga kirishda taqiqlangan vosita olib kirishga uringani, bir nafar abituriyent taqiqlangan vositadan foydalanishga uringani uchun imtihondan chetlatildi.

2-smenada 244 nafar abituriyent turli sabablarga ko‘ra imtihonga kelmadi. Shuningdek, ikki nafar abituriyent taqiqlangan vositadan foydalanishga uringani uchun imtihondan chetlatildi.

Samarqand viloyatidagi oliy ta’lim muassasalariga jami 91 475 nafar abituriyent hujjat topshirgan. Test sinovlariga 304 nafar guruh nazoratchisi jalb etilgan.

Samarqandda test sinovlari 13 avgustgacha (shu kuni ham) davom etadi.