Texnourush boshlandimi?
Sarosima
Isroil maxsus kuchlari Hizbullohga tegishli bo‘lgan aloqa vositalarini: peyjer, ratsiya, motoskuter va boshqa vositalarini portlatishi butun dunyoda katta rezonans keltirdi. Ayniqsa, harbiylar va harbiy rahbarlar Isroilning bu operatsiyasidan keyin "Isroil harbiy harakatlarda o‘zining texnologik rivojlanishi bilan urush texnologiyasida yangi sahifa ochgani" haqida gapirishmoqda. Yaqin Sharqdagi barcha davlatlar, harbiy kuchlar va turli guruhlar o‘zlarida bor bo‘lgan aloqa vositalaridan shubhalana boshlagan va qayta tekshiruvga o‘tgan, lekin bu ham katta mablag‘ va kuch talab qiladigan ishdir. Isroilga yaqin hududlarda yashaydigan davlatlardagi aholida nafaqat aloqa vositalaridan, hatto choy qaynatadigan choynaklardan ham, maishiy texnikalardan, hatto quloqchinlarning portlab ketishidan ham cho‘chish kuzatilmoqda.
Albatta, ko‘rilgan va dunyo matbuotiga chiqqan kadrlarda Isroil o‘zi nishonga olgan odamlar bilan bir qatorda, oddiy aholi ham bu portlashlardan jabr ko‘rganini ko‘rish mumkin. Voqealar rivoji kuzatilar ekan, bu ishga Isroil uzoq vaqtdan beri tinimsiz va jiddiy tayyorgarlik ko‘rganini va bu borada o‘ta maxfiy ishlar olib borganini ko‘rish mumkin bo‘lmoqda. Yani, Isroil o‘zlariga dushmanlik qilmoqchi bo‘lgan guruhlarga va davlatlarga ularni jiddiy shaklda sarosimaga soladigan texnoqo‘rquv solib qo‘ydi. Lekin shu bilan birga, Isroil o‘z mahsulotlarini sotib oladigan mamlakatlarni ham tashvishga soldi. Negaki, xavfsizlik borasida jihozlar eng ko‘p Isroildan sotib olinadi. Malumotlarga qaraganda, Hizbullohning peyjerlar uchun buyurtmasi haqida malumot olgan Isroil maxsus kuchlari bu mahsulotlar tayyor bo‘lgancha va tayyor bo‘lgundan keyin, logistika davrida unga maxsus portlovchi moddalar joylashtirgan. Zotan, Isroil bunday hamlalarni oldin ham qilmagan emas.
Isroilning kiberhujumlari haqidagi eng mashhur va ilk voqeasi bundan bir qancha yillar oldin, Eron o‘zining yadro dasturini tezlashtirgan davrda kuzatilgandi. Isroil o‘zining bu kiberhujumi paytida Eronning uranni boyitish, ya’ni uran 238 ni uran 235 ga aylantirishga moslashtirilgan stansiyalariga uzoqdan kirib, bu dasturni ishga yaramaydigan holga keltirgani va shu bilan Eronning uranni boyitish dasturini bir necha o‘n yillarga uzoqlashtirib yuborganida ko‘rgandik. O‘sha paytda ham dunyo jamoatchiligi Isroil bu ishni qanday amalga oshirganini bilgach, hayratda qolgandi. Buning orqasidan sabablari hali ham ma’lum bo‘lmagan. Ismoil Haniyaning Erondagi mehmonxonada o‘ldirilishi va hali uning joyi sovimasdan Isroilning uzoq masofadan aloqa vositalarini portlatishi dunyo matbuotidan tushmay qoldi. Bu esa Isroil yana qanday texnoqudratga ega, u yana qanday amallar bajarishi mumkin, uning texnologiyasi kirmagan joy bormi, degan savollarni o‘rtaga chiqardi. Lekin bu savollarga Isroilning o‘zidan boshqa hech kim javob berishga qodir emas.
Reuters tarqatgan xabarlarga qaraganda, Hizbulloh lideri o‘z tashkilotidagilarga bundan yetti oy oldin maxsus jihozlar va telefonlardan foydalanishni taqiqlagan. Lekin keyinchalik bu qarorlaridan qaytib, yana jihozlardan foydalana boshlashgan. Agar o‘sha taqiq amalda bo‘lganda edi, balki Isroil o‘zining bu kiberhujumini hali amalga oshirmagan bo‘lardi degan fikrlarni yuzaga keltiradi. Bundan ma’lum bo‘ladiki, Hizbullohda texno va kiberhujumlar haqida to‘liq ma’lumot yo‘q yoki bo‘lsa ham "bizga hech nima qila olmaydi" degan tushunchada bo‘lishgan. Bu esa ularning texnologik sohada qanchalik orqada ekanidan ham dalolat beradi. Gap shundaki, yuksak texnologiyaga ega bo‘lgan davlatlar onlayn bo‘lgan har narsadan qurol sifatida foydalanishlari mumkin bo‘lgan davrda yashayapmiz.
Xavfli chorshanba
Livan hukumati va Eron yordami bilan harakat qiluvchi Hizbulloh bu portlashlarda Isroilni asosiy aybdor qilgan, lekin bunday murakkab amaliyotlar bo‘yicha uzoq yillik tajriba va tarixga ega bo‘lgan Isroil hukumati bu borada hech qanday izoh bermagan. Isroil Mudofaa vaziri Yav Gallant chorshanba kuni qo‘shinlar bilan gaplashar ekan, elektron qurilmalar portlashi haqida gapirmagan bo‘lsa ham biroq Isroil armiyasi va xavfsizlik idoralarining ishini yuqori baholarkan, "urushning yangi bosqichi arafasida turibmiz", deya bayonot bergan.
Chorshanba kuni portlagan ratsiyalar haqida ARga o‘z shaxsini ochiqlamasdan gapirgan Hizbulloh a’zosi, o‘sha kuni Bayrut shahridagi bir qancha hududlarda uylarda turgan quyosh batareyalari ham portlagani va bundan bir qizcha jarohat olgani haqida ham aytgan. Bu borada keyinchalik Liviya rasmiylari ham ma’lumot tarqatgan.
Hizbullohning omon qolgan azolari bilan gaplashgan bryussellik siyosiy xavfsizlik tahlilchisi Elijax J. Magniyer guruh foydalangan peyjerlar bundan olti oy oldin ularga berilgani, lekin ularning qay yo‘l bilan Livanga olib kelingani aniq emasligini aytgan. Shunday qilib, bu mahsulotni kim va qachon ishlab chiqargani noma’lum bo‘lib qolmoqda, chunki hech bir ishlab chiqaruvchi buni bo‘yniga olmayapti. Osakada joylashgan va shunday qurilmalarni ishlab chiqarishga moslashgan Isom kompaniyasi mutaxassisi haqiqatan 2004-2014 yillar davomida ular Yaqin Sharq davlatlari uchun ratsiya va aloqa jihozlari ishlab chiqarganini, lekin bunga o‘n yildan oshib ketgani uchun ular ishlab chiqargan mahsulotning quvvat umri ham tugagani, bundan tashqari, portlagan mahsulotlarda ularning firmasiga tegishli bo‘lgan gologramma yorlig‘i ham yo‘q ekanini aytib o‘tgan.
Chorshanba kungi portlashlarning o‘ziga xos xususiyatlari hali ham noaniq. Ammo ko‘proq elektron qurilmalarning portlashi haqidagi xabarlar Livanning taminot zanjiriga odamlarga zarar beruvchi bundan ham ko‘proq jihozlar qo‘yilganini ko‘rsatishi mumkinligiga ishora qilmoqda. Shuningdek, bunday soxta qurilmalarni kim ishlab chiqayotgani va kim saqlayotgani haqida xavotirlarni kuchaytiradi.
Asosiy izoh: bu operatsiya qancha davom etgan?
Ushbu hujumni rejalashtirish ancha vaqt talab etsada, aniq ma’lumotlar hozircha noma’lumligicha qolmoqda. Hujumning murakkabligi bu uzoq vaqtdan beri razvedka ma’lumotlarini yig‘ish bilan shug‘ullanganidan dalolat beradi, deydi Nyu-York universitetining professional tadqiqotlar maktabi global aloqalar markazining o‘qituvchisi Nikolas Riz. Ushbu kalibrli hujum peyjerlar sotilgunga qadar ularga jismoniy aralashish zarur bo‘lgan ishlarni talab qiladi, deydi u.
Rasmiyning aytishicha, Hizbulloh a’zolari o‘z peyjerlarini texnik xizmat ko‘rsatish uchun yuborib turgan, chunki ular bu aloqa vositalari yaxshi ishlamayotganidan, masalan, signallarni ololmayotganidan shikoyat qilib turishgan. Boshqa holatlarda Hizbulloh azolari xabarlarni yetkazib berishda muvaffaqiyatsizliklar borligini ham aytib kelishgan. Buni ular qurilmalarining bir qismi portlamaganidan ham bilsa bo‘ladi. Balki qurilmalar ta’mir uchun jo‘natilganda ularning ustida ishlangandir degan taxminni ilgari surishimizga ham imkon beradi.
Xulosa
Xo‘sh, texnologiyadagi bu rivojlanish qayergacha borishi mumkin? Texnologik rivojlanish chegarasi bo‘lmagan bir nuqtaga qarab ketib bormoqda, bu insoniyatning zarariga xizmat qiladimi yoki yararigami, bu haqda aniq-tiniq mulohazalar berish juda qiyin. Deyarli har kuni bir yangilik bo‘layotgan texnologiya dunyosidagi o‘zgarishlarga, odamning aqliy tezligi izoh berishga ulgurmay qolyapti. Masala shundaki, texnologiyani o‘z izmida ushlab turuvchi davlat organlari, odamlar va davlatga zarar keltirayotgan dasturlarning oldini olish uchun uni nazorat qiladigan yangi uskuna va dasturlar ishlab chiqarar ekan, qarshi tomon bunday to‘siqlarni yengib o‘tish uchun undan yana bir pog‘ona ustun bo‘lgan dastur va jihozlarni yaratishdan charchamayapti. Bu esa davlat va mutaxassislarning ko‘p energiya va vaqtini olmoqda. Shuning uchun ham ba’zi davlatlarda himoyalash uchun mas’ul bo‘lgan tomon (yani davlat organlari) qarshi himoya uchun yangi texnologiyalarni yaratishdan o‘zini tiya boshlarkan, oxirgi versiya himoya dasturlari bilan ishlashda davom etmoqda. Bunga bank avtomatlarida bo‘layotgan o‘g‘irlik dasturlarini misol sifatida berishimiz mumkin.
Bo‘lib o‘tgan voqealardan umumiy xulosa qiladigan bo‘lsak, Isroil davlati o‘g‘irlanishi kerak bo‘lgan minoralarga avvaldan g‘ilof tikib qo‘ygan va yangi davr urushi bo‘lgan texnologiya urushida uning oldiga chiqish qiyin ekani yaqqol ko‘rinib qoldi.
Fazliddin MADIYeV.