Tibbiyot institutiga o‘qishga kiritmoqchi bo‘lgan firibgarlarga jazo tayinlandi
Doniyor (ismlar o‘zgartirilgan) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikada endokrinolog shifokor bo‘lib ishlaydi. Go‘zal esa hamshira.
O‘sha payt ayni oliygohlarga hujjat topshirilayotgan, ko‘pchilik yoshlar oliygoh talabasi bo‘lish uchun o‘zini har yoqqa urib yurgan vaqt edi. Bir kuni hamkasblar gaplashib turganda, Go‘zal tibbiyot institutining oliy hamshiralik ishi yo‘nalishiga hujjat topshirmoqchi ekanini, bir-ikki yildan buyon o‘qishga kirolmayotgani haqida gapirib qoldi.
Doniyor shu zahoti avval tibbiyot kollejida o‘qituvchi bo‘lib ishlagan kursdoshi Boburni xayolidan o‘tkazdi.
- Mening bir tanishim bor, gaplashib ko‘raymi? – dedi.
- Bir o‘zim emasman, yana ikkita tanishim bor. Ular ham "medinstitut"ga kirmoqchi.
- Bo‘ldi, uchovingizni ham gaplashib beraman, - dedi Doniyor.
Oradan 15-20 kun o‘tib, Doniyor Go‘zal va uning dugonasini shaharga boshlab keldi va bir oshxonaga kirib o‘tirishdi. Doniyor Boburga qo‘ng‘iroq qilib, tezda ko‘rishishi kerakligini bildirdi va manzilni aytdi.
- O‘qishga kirmoqchi bo‘lgan ikki kishi bor. Ularga o‘zingni “institutda ishlaydigan domlaning shogirdiman”, deb tanishtirasan. “Oliy hamshiralik ishi” yo‘nalishiga kiritish uchun 5.000 AQSh dollari, “Davolash ishi” yo‘nalishi bo‘yicha 8.000 dollar bo‘lishini aytasan. Pullarni men o‘zim olaman. Keyin o‘qishga kiritadigan odam izlash kerak. Xizmating evaziga har biridan 1.000 dollardan olib qolasan, - dedi Doniyor.
Kutilmagan joydan yog‘li taklif chiqqanidan Bobur ham shoshib qoldi. Oxirini o‘ylamay kursdoshining taklifiga ko‘ndi.
Ichkariga kirgandan keyin Doniyor aytganday o‘zini domlaning shogirdi qilib ko‘rsatdi. Talaba bo‘lish xarajati qancha bo‘lar ekan deb, uning og‘ziga termilib turganlarga Doniyor aytgan narxlarni aytdi.
Qizlar yana bir Sarvar ismli tanishi borligini, u "stomatologiya"ga hujjat topshirmoqchi ekanini, keyingi safar uni ham olib kelishini aytishdi.
- Stomatologiya ham 9-10 ming dollar bo‘ladi, kelaversin, - dedi Bobur.
Keyingi gal ko‘rishganda Sarvarning fikri o‘zgarganini, harbiy bo‘lmoqchi ekanini aytdi.
- Mayli 5 ming dollar bilan SamDUning harbiy kafedrasiga kiritib qo‘yaman, - dedi Bobur.
Doniyor kursdoshining gapini tasdiqladi.
Qizlar bir necha kunlarda aytilgan pullarni olib kelib berishi kerak edi. Go‘zal 5 ming dollar izlab charchadi. Chunki buncha miqdordagi pulni hech unga kim bermadi.
Orada Doniyor to‘xtovsiz telefon qilib turdi. So‘ralgan pulni tezroq berishini, bo‘lmasa boshqa odam topishini aytib tezlayverdi. Uning bu harakatlari Go‘zalda shubha uyg‘otdi, tegishli idoraga borib, o‘qishga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lganlar ustidan arz qildi...
Xolislar ishtirokida unga ovoz yozish moslamasi va 18 ming dollar rasmiylashtirib berildi. Go‘zal poliklinika hovlisiga kelgandan so‘ng Doniyorga qo‘ng‘iroq qilib, pullarni olib kelganini aytdi. Kasbi shifokor bщlgan Doniyor uni xizmat xonasiga chaqirdi va mashinasining kalitini berib, “pullarni mashina yukxonasiga qo‘ying” dedi. Go‘zal pullarni qo‘yib, kalitni egasiga berib xonadan chiqdi. Shu payt IIB xodimlari xolislar ishrokida kelib, Doniyorni ashyoviy dalillar ustida ushladi.
Sud majlisida Doniyor va uning do‘sti Bobur qilmishidan pushaymon bo‘lib, oilada yagona boquvchi ekanini, voyaga yetmagan farzandlari borligini aytib, qonuniy yengillik berilishini so‘radi.
Sud ularga nisbatan har oylik ish haqining 20 foizini davlat hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinladi.
Ilhom HAMIDOV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi sudyasi.
Farhod XUDOYBERDIYeV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tumani sudi raisi.