Tilimizning boyligiga ko‘z tegdimi?
Abdulla Qodiriy: «O‘zbek tili kambag‘al emas, balki o‘zbek tilini kambag‘al deguvchilarning o‘zi kambag‘al. Ular o‘z nodonliklarini o‘zbek tiliga to‘nkamasinlar», deganida haq edi. Biroq bugun tilimiz boyligiga ko‘z tekkanday nazarimda.
O‘zbek tiliga chet so‘zlarning kirib kelishi, yangi terminlarning o‘zbekcha so‘zlar o‘rnida iste’molda bo‘lishi kuzatilyapti. Til o‘z qatlami va o‘zlashma qatlam hisobiga boyiydi. Bugungi kunda tilimiz ko‘proq o‘zlashma qatlam hisobiga, ya’ni chetdan kirib kelgan so‘zlar bilan boyiyapti. Ammo chet so‘zlarning o‘z qatlamdagi so‘zlar o‘rnida qo‘llanilishi natijasida ayrimlari eskirib, talaffuzi o‘zgaryapti yoki iste’moldan chiqib ketmoqda. Yangi so‘z kirib kelishi bilan tilimizdagi so‘zni unutyapmiz.
Jumladan, «lichka», «selfiye», «debat» so‘zlari tilimizda ko‘p ishlatilyapti. Lekin bu so‘zlarning hech biri o‘zbek tilining izohli lug‘atiga kiritilmagan. Eng katta kamchiligimiz ham shunda. Chetdan kirib kelgan so‘zlarning qo‘llanilishi bilan uning o‘zbek tilidagi ma’nosi va sinonimlari birgalikda iste’molda bo‘lishi maqsadga muvofiq. Masalan, «lichka» - shaxsiy, yangi xabar, ya’ni ijtimoiy tarmoqdagi xabarni ikki kishi ko‘radi – siz va yozishyotganingiz; «selfiye» - tegishli, o‘zi, o‘zi biror narsa qilish; o‘zini suratga olish usuli; «debat» - tortishuv, bahs-munozara, qarama-qarshilik...
Tilimizdagi asosiy muammolardan biri yozuv masalasi. Mana o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 31 yil bo‘libdiki, bu masalada haligacha bir to‘xtamga kelinmagan. Lotin yozuvidan ham, kirill yozuvidan ham foydalanmoqdamiz. Bu ikki yozuv qoidalari bir-biridan farq qiladi. Misol uchun, lotin yozuvida «yi» bilan tugaydigan «mavqeyi», «nuqtayi nazar», «tarjimayi hol» so‘zlari kirill yozuvida «mavqei», «nuqtai nazar», «tarjimai hol» shaklida yoziladi. Xo‘sh, bu yozuv me’yorlarini bilmaganlar shu va shunga o‘xshagan so‘zlarni bilganicha yozaveradimi? Ushbu yozuvlardan birgalikda foydalanar ekanmiz, maktabda lotin va kirill yozuvi qoidalarini birgalikda o‘rganishimiz yoki ma’qul bitta yozuvdan foydalanishga kelishib olishimiz kerak.
Peshlavhalardagi yozuvlar, reklama vositalari va e’lonlar ham dard ustiga chipqon. Bu jarayonda chet so‘zlar ham ko‘p qo‘llanilib, imloviy xatoliklarga yo‘l qo‘yilyapti. Masalan, «apteka», «dostavka», «optika», «atele», «open», «wellcome» va shunga o‘xshagan bir qancha so‘zlar o‘zbek adabiy tili me’yorlariga zid ravishda yozilgan. Axir shu so‘zlarning o‘zbek tilidagi ma’nosini ham ko‘rsatish mumkin-ku.
«Davlat tili haqida»gi qonunning 20-moddasida: «Lavhalar, e’lonlar, narxnomalar va boshqa ko‘rgazmali hamda og‘zaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtiriladi va e’lon qilinadi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin» deyilgan. Lekin qonunga nega amal qilinmayapti? Bu qonunbuzilish holatlariga qachon barham beriladi? To‘g‘ri, keyingi paytda o‘zbek tilini rivojlantirish va nufuzini oshirish borasida amaliy ishlar boshlandi, lekin hali kutilgan natijaga erishganimiz yo‘q.
Bu kabi muammolar amalda bartaraf qilinmasa, muammoligicha qolaveradi. O‘zbek tilini rivojlantirish, mavqeini oshirish uchun avvalo, maktabgacha ta’lim muassasalarida va maktablarda o‘zbek tilini chuqurlashtirib o‘qitish va albatta shu yoshdagi bolalarga mo‘ljallangan darsliklar, elektron qo‘llanmalar hamda lug‘atlar yaratish kerak. Bundan tashqari, o‘zbek tilini o‘qitish markazlari, o‘zbekcha tarjima dasturlar joriy qilish va barcha sohalarga oid lug‘atlar chop etish hamda terminologiya sohasini rivojlantirish lozim.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.