Tilla hamda pul evaziga yigitni «isitib» berishni va’da qilgan «sehrgar» ushlandi

Yosh juvondan tilla hamda pullarni yolg‘on ishlatib olgan «sehrgar»ga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda Toshkent IIBB axborot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Toshkent shahri Mirobod tumani IIO FMBga 28 yoshli Zilola A. murojaat qildi. U o‘z arizasida unga bir yigitni «isitib» berishni va’da qilgan 20 yoshli Valentina S.ga nisbatan chora ko‘rishni so‘radi.

Valentina S. o‘z "xizmatlari" uchun Ziloladan 450.000 so‘m va umumiy qiymati 32.890.000 so‘m bo‘lgan tilla taqinchoqlar olgan. Ammo "sehrgar" o‘z va’dasida turmasdan, pullarni ehtiyojiga sarflab yuborgan.

Ushbu fakt asosida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Shuningdek IIBB fuqarolardan firibgarlikka uchragan holatlarda darhol huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishni so‘ragan.