Tipratikan

Grigoriy Gorin

(hikoya)

Ota qirq yoshlarda, Slavik o‘n yoshda, tipratikan esa undan ham yosh edi. Slavik xursandchilik bilan shapkasiga solgan tipratikanni olib keldi va kursida ochiq gazeta bilan o‘tirgan dadasini oldiga yugurib borib aytdi:

- Dada, qarang!

Otasi gazetani qo‘yib tipratikanni ko‘zdan kechira boshladi. U o‘g‘lining hayvonlarga bo‘lgan munosabatini rag‘batlantirgancha qaradi:

- Buni qayerdan olding?

- Ko‘chada bir bola menga berdi, - dedi Slavik.

- Hadya qildi demak? - so‘radi otasi.

- Yo‘q, biz almashdik, - dedi Slavik. – U menga tipratikanni, men unga chiptani berdim.

- Qanaqa chipta ekan?

- Lotereya, - deya Slavik tipratikanni polga qo‘yib yubordi. – Dada unga sut berish kerak.

- Shoshma, - dedi ota qattiqo‘llik bilan. – Lotereya deysanmi? Uni qayerdan olding?

- Sotib olgandim, - dedi Slavik.

- Kimdan?

- Ko‘chadagi bir amakidan… Unda ko‘p chipta bor edi. O‘ttiz tiyindan. Dadajon,  qarang u divan ostiga kirib ketyapti…

- Qo‘yib tursangchi tipratikaningni! – asabiylashdi ota va Slavikni yoniga o‘tqazib oldi. – Qanday qilib u bolaga o‘z chiptangni berding? Agar unga biror bir yutuq chiqqan bo‘lsa-chi?

- Yutuq chiqdi,  dedi bola tipratikanni kuzatishda to‘xtamasdan.

- Qanaqasiga yutuq chiqdi? Jimgina so‘radi burni terli munchoqlar bilan qoplangan ota. – U nima yutdi?

- Sovutgich! – dedi Slavik jilmayib.

- Nima? – ota g‘alati tarzda titrab ketdi. – Sovutgich!? Nima deding?... Buni qayerdan bilasan?

- Gazetada tekshirdim. – Birinchi uchta raqam bir-biriga to‘g‘ri keldi… qolganlari ham… Seriyasi ham bir xil! Men qanday tekshirishni bilaman, axir, men kattamanku!

- Kattaman degin?! – pishilladi ota. Divan ostidan chiqqan tipratikan qo‘rquvdan to‘pga o‘raldi. – Kattaman?! – Sovutgichni tipratikanga almashtirdingmi?

- Ha, o‘ylab ko‘rsam, - dedi Slavik qo‘rqib, - bizda sovutgich bor, lekin tipratikanimiz yo‘q-ku…

- Jim bo‘l! – qichqirdi ota va kursidan sakrab tushdi. – Kim u? U bola kim? U hozir qayerda?

- U qo‘shni uyda turadi, - dedi Slavik va yig‘lay boshladi. – Ismi Sasha.

- Qani ketdik! – yana baqirdi ota va yalang‘och qo‘llari bilan tipratikanni ushlab oldi. – Tez yur!

- Bormayman, - dedi Slavik yig‘lashda davom etib, – menga sovutgich kerak emas, tipratikan kerak!

- Yursangchi, galvars, - xirilladi ota, – darhol chiptani qaytarib olish lozim. Men senga yuzta tipratikan olib beraman…         

- Yo‘q… o‘kirib yig‘ladi Slavik, – olib bermaysiz... Sasha shundayga ham almashtirmoqchi emas edi, men uni zo‘rg‘a ko‘ndirgandim axir…

- Ko‘rinishidan Sasha chuqur fikrlay olar ekan! – dedi ota kinoya bilan. Tez yur!

Sakkiz yoshlardagi Sasha ko‘chaning o‘rtasida turar va qo‘rquv bilan bir qo‘lida Slavik, ikkinchisida tipratikan ushlab kelayotgan vajohatli otaga qarardi.

- Qani? – so‘radi ota Sashaga qarab. – Chipta qani? Jinoyatchi, tipratikaningni olib, chiptani qaytarib ber!

- Menda chipta yo‘q! – dedi Sasha va  titrab ketdi.

- Qayerda u? Sotib yubordingmi,  chayqovchi?!

- Men undan kaptarcha yasadim, pichirladi Sasha va hiqillab yig‘lay boshladi.

- Yig‘lama! – dedi ota xotirjam turishga harakat qilib. - Yig‘lama bolakay… Demak, sen undan kaptar yasading. U qayerda? Kaptarchang qayerda?

- U karnizga ilinib qoldi?

- Qaysi karnizga?

- Huv anavi,  Sasha ikkinchi qavatga ishora qildi.

Ota paltosini yechib, tarnovdan o‘rmalab, tepaga qarab chiqa boshladi.

Pastdagi bolalar uni zavq bilan tomosha qilardi. U ikki marta uzilib tushguday bo‘ldi, biroq karnizgacha sudralib bordi va suvdan biroz ho‘l bo‘lgan sariq qog‘ozdan yasalgan kaptarchani uzib oldi.

Yerga tushib, og‘ir nafas olayotgan ota chiptani ochdi va u ikki yil oldin chiqarilganiga ko‘zi tushdi.

- Uni qachon sotib olganding? – so‘radi u Slavikdan.

- Ikkinchi sinfda o‘qib yurgan paytimda, - dedi Slavik.

- Qachon tekshirding?

- Kecha.

- Axir bu boshqa tirajku… - dedi ota mo‘rt bo‘lib.

- Nima qipti? – dedi Slavik. - Hamma raqamlari to‘g‘ri kelyaptiku…

Ota jimgina chetga chiqib, taxta skameykaga o‘tirdi. Ko‘kragida yuragi qattiq urar, ko‘zlari oldida to‘q sariq doiralar suzib yurardi. Og‘ir boshini quyi tushirdi.

- Dada, - dedi Slavik, ohista uning yoniga borib. – Xavotir olmang! Sasha  hali ham tipratikanni bizga bermoqchi.

- Rahmat! – dedi ota. Rahmat senga Sashka…

Endi sovutgichni tipraktikanga almashtiradigan o‘sha baxtli zamonga hech qachon qaytmasligini tushungan ota o‘rnidan turib, xo‘rsingancha uyi tomon qarab ketdi.

Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.