Mahmudxo‘ja Behbudiy: “Xaloyiqni ulamolar isloh etar”
Xalqni uyg‘otuvchi yana bir yo‘l ajdodlarni yod etish, ularning amalga oshirgan ishlarini eslash, ta’kidlashdir. Behbudiy bu usuldan ham juda unumli foydalangan. Avvalgi bo‘limlardan birida adibning “Muntaxabi jug‘rofiyai umumiy” kitobi fikr yuritgandik.
Darslikdagi uchinchi bo‘lim “Turkiston donishmandlari” deb nomlangan. Bunda ota-bolarimizning qanday inson bo‘lganliklari xususida so‘z boradi: “Aqliy va fanniy ilmlarg‘a kitob tasnif qilg‘on musulmon ulamo va hukamolari nihoyatda ko‘pdir. Inchunin, Turkiston muzofotig‘a ushbu shar’iy va aqliy ilmlarg‘a kitob tasnif qilgan nihoyat mashhur ulamolarni adadi necha yuzdin o‘tadur. Bu kitobimiz aqliy va fanniy ilmlarg‘a kitob tasnif qilg‘on nihoyat mashhur Turkiston ulamo va hukamo va muarrix, musanniflarni munda yozarmizki, ushbudur. Agarda aqliy va naqliy ilmlarg‘a kitob tasnif qilg‘on “Turkiston ulamolari” hammasi ahvoli va tasnifotini yozmoq lozim bo‘lsa, ushbu kitobimizdin ham kattaroq kitob tayyorlamoq kerak bo‘ladi.
Shayxurra’is Ibn Sino Abu Ali — lug‘at, mantiq, jug‘rofiya, musiqa, axloq, kimyo, tabi’at, muvofiq al-tabi’at, hikmat, tib, nujum, ilmi tabobat, yuzdin ziyod kitob tasnif qilgandurki, musulmon hukamolarining avvalidur. Aksar kitobi Ovrupo tillarig‘a tarjima bo‘lg‘on va farangiylar “Ovisen” ataydurlar. Vafoti 428 sanag‘adur” (Mahmudxo‘ja Behbudiy. Muntaxabi jug‘rofiyai umumiy. Samarqand: Demurov, 1906. 105-bet).
Abu Nasr Forobiy haqida esa quyidagicha izohni o‘qishimiz mumkin: “Abu Nasr Forobiy zamonidaki barcha tillarni bilar ekanki, “Qonun” degan asbobni ijod qilib ekan. Barcha tasnif qilgan kitoblari 70 qadar — ilmi tavhid, fiqh, musiqiy, riyoziy, hay’at, mantiq, hikmat ilmlarig‘a tasnifoti bor. Vafoti 339 sanag‘adur”. Shu tariqa, Behbudiy Turkiston zaminida yashab o‘tgan Xo‘ja Faxriddin, Bahriddin Samarqandiy, Abdurahmon Xorazmiy, Abu Ibrohim Ko‘ragoniy, Sharif Xorazmiy, Abu Ja’far Xorazmiy, Muhammad Chag‘miniy, Buxoriy, Ahmad Farg‘oniy, Ali Qushchi Samarqandiy, Mirzo Ulug‘bek — Ko‘ragoniy Samarqandiy, Muhammad Xo‘jandiy, Abu Rayhon Xorazmiy, Abu Sa’id Somoniy kabi yigirma to‘qqiz olim va ular qoldirgan ilmiy asarlarning nomlarini sanaydi.
Shuningdek, Behbudiy “Samarqand” gazetasining va keyinchalik “Oyina” majallasining ilk sonlarini donishmandlar va ularning‘ asarlariga bejiz baxshida qilmagan edi. Shunday donishmandlardan biri ulug‘ olim Mirzo Ulug‘bekdir.
O‘tmishda bobolarining didi, ilmi, qudratini uxlab yotgan xalqqa namuna qilib ko‘rsatish uchun “Oyina” majallasining birinchi sahifasida “Sherdor” madrasasining surati berilgan. Sherdor madrasasining ne chog‘li ramziy ma’noda berilganligi har bir ma’rifatli insonga ma’lum. Uning ramziy ma’noda berilganligiga yana bir dalil, muqova boshqacha usulda bosilgan. Jurnalning ichki sahifalarida madrasaning tarixi hikoya qilinadi. Tarixni qo‘zg‘ash, bobolarni eslash o‘shanday ilmni, mustaqillikni qo‘msash emasmi? Hozir juda ko‘p taraqqiyparvarlar shu mavzuni tilga olishyapti. Jumladan, Xayriddin Sulton aytadi: “Taqdirning hal qiluvchi davrlarida har bir millat, har bir xalq tarix sari yuz tutib, o‘tmishidan ma’naviy tayanchlar axtaradi. Ayni shu pallada tarixiy saboq tuyg‘usiga ehtiyoj ayniqsa kuchayadi va shu millat va shu xalq kelajagi uchun beqiyos ahamiyat kasb etadi”.
Behbudiy, bundan tashqari, Ulug‘bek rasadxonasi va ko‘plab tarixiy haqiqatlar bayon qilingan maqolalar yozib, xalqning uyg‘onuviga ruh berib turdi. Adib kelajak avlodni tarbiyalash bilan birga millatning ulamolariga ham e’tiborini qaratdi. Ularni millat ravnaqi yo‘lida xizmat qilishga chorladi. Behbudiy “TVG”ning 1912 yil 12 fevral sonida kattagina “Oh va hasrat” sarlavhali maqolasi bilan chiqdi. U asosan Turkiston ulamolariga murojaat tariqasida yozilgan maqoladir. Maqola odatdagidek zalvorli va o‘gitli so‘zlar bilan boshlanadi: “Har kimg‘a ma’lumdirki, xaloyiqni ulamo isloh etarlar. Ta’limi din va axloqg‘a ulamo mutasaddidur. Oni uchun ulamoni vorisai anbiyo derlar”.
Behbudiy ulamoning aholi ma’rifatini oshirishdagi faoliyatsizliklarini tahlil qiladi. Xulosa naqadar mahzun bo‘lmasin, unga qo‘shilmay ilojimiz yo‘q. Chunki u millat manfaati deb kuyinadi: “Har kimga ma’lumdurki, bizni — Turkiston musulmonlarini yuzdan 99i butun ilmsizdur. Qishloq va sahrolarning ahvoli mundin ham yomonroq, mingdan biri, ehtimolki, ilmi masoili shar’iya bilsa. Holbuki, bularning hammasiga ilm farz edi. Va bularning aksarul aksari to‘rt-besh, un sanalar ila umrini maktabg‘a utko‘rib edi va aksari har kuni masjidg‘a ketar. Bovujud shul na uchun aholi bu qadar ilmsiz, bu darajada qohil (tanbal, bo‘sh — H.S.) va bu darajada axloqsizdur. Albatta, muning sababi alarg‘a yaxshi ta’lim bermaslik va alarga lozim va muhim ishlardin bayon qilmaslikdur”.
Ma’rifatsiz xalqni ne ahvolga solishlarini u misollari bilan yozadi. Buning asosiy sababchilari yurtning olimlaridur, degan xulosaga keladi: “Bukun ko‘chadin o‘tardim. Bir musulmonni iymon va yo og‘o‘z va yo otasini ruhiga va yo qabrina so‘kdiki, meni butun vujudim titradi. Va u so‘kulgan musulmon ham dini haqoratni anga qaytardi va ikkisida azobi jahannamga loyiq bo‘ldi. Ikkisida hayvondin badtar badxulq emish. Ota-ona va ustodi alarga yaxshi ta’lim bermabdur. Alarga yoshlik zamonidagi muallimlari axloqi va odobi islomiyyani ta’lim bermabdurki, munday yomon so‘zlar alardin zohir bo‘lur. Na’o‘zubilloh, bu yomon so‘zlar insonni iymondin ajratur va iymondin ajralmoqg‘a kim rozi bo‘lur. Iymon Xudoning latif inoyati va hidoyatidur, qabri behisht va yo do‘zaxni ruhi bar va darchasidur. Ruh Xudoning amridur. Bas, boqingki, u ikki nobakor nimani haqorat qildi va na jazog‘a loyiq bo‘ldi”.
Publitsist iymonning sustligi haqida gapirib, bunda asosiy ayb o‘zimizda, ya’ni imom, qozi, mufti va mudarrislarda, deydi. Shuningdek, islomiy tarbiyaning yo‘qligi, o‘qitmaslik, tushuntirmaslik jamiyatda o‘g‘rilik, qotilliklarning ko‘payishiga sabab bo‘lishini yozadi. Osmonga qarab “Olma pish, og‘zimga tush”, deb yoki “Hammasi Xudodan”, deb yotaverish hech natija bermasligini aytadi: “Xaloyiqni hech kim go‘rdin chiqib isloh etmas. Ulamo, maktab va madrasa ahli muni o‘ylamaydur. Nasoro ma’budalarig‘a va’z bor, ammo bizni muqaddas masjidlarda yo‘q”.
Behbudiyning mahorati “Oh va hasrat” maqolasida ham yaqqol namoyon bo‘lgan. Odamlar hayotini sinchkov nigoh bilan kuzatgan publitsist hayotning barcha jabhalari haqida teran fikrlaydi, bo‘lib o‘tgan noxush voqealarning kelib chiqish sabablarini o‘rganadi. Ushbu maqola oxirida bir voqeani tasvirlaydiki, undan maqolaning mohiyatini anglasa bo‘ladi. Voqea shundan iboratki, odamlar yelkalarida tobut bo‘la turib, ular orasidagi bir-ikki yosh yigitlar o‘zaro gaplashib, kulishib ketayotganlarini, o‘lim bor joyda oxirat haqida o‘ylanishini kuyinib tasvirlaydi. Tobut ko‘targan yigitlarning kulgisi hamda ortda sukutda kelayotgan mo‘ysafidlarning ahvolini shunday tasvirlaydiki, bunda butun bir millatning ma’naviy tanazzulini tasavvur qilish mumkin. Boshi egik mo‘ysafidlar mana shu avlodni tarbiyalamaganmidi? Bundan qanday xulosa chiqarmoq kerak? Behbudiy tanlaydigan faktlar, holatlar shunday ta’sirliki, uning zamiridagi ma’noni uqib, xayolga botasiz, fikrlaysiz, ma’noli o‘git olasiz.
“Ehtiyoji millat” maqolasi ham hanuz tanballik qobig‘idan chiqa olmayotgan millatning boshchilari — ziyolilariga bag‘ishlangan bo‘lib, huquqiy, tarbiyaviy, ma’rifiy ahamiyatga egadir. Bu maqola Turkistonning mustamlaka ahvoliga tushganligining 50 yilligiga bag‘ishlab yozilgan.
Albatta, Behbudiy “mustamlakachilikning 50 yilligiga bag‘ishlanadi”, deb yoza olmasdi. Lekin maqolani fikrlab tahlil qilarkanmiz, muallifning bu maqsadini sezishimiz mumkin.
Behbudiy Dukchi Eshon boshchiligidagi g‘alayon va uning natijalari bilan tanish edi. G‘alayonchilarning qilich, o‘roq va panshaxalar bilan qurollanib, to‘pu miltiqli chor askarlariga qarshi kurashga chiqishlari ne ahvolda tugaganligining guvohi edi.
Xo‘p, to‘pu miltiqlar nimaning natijasida qo‘lga olingan edi? Albatta, ular ilm-fanning mahsuli sifatida namoyon bo‘ladi. Demak, u “zamona ilm-fanidan bebahra millat boshqa millatlarg‘a poymol bulur”, deganda yuqoridagi fikrni ham nazarda tutgandi. Shuning uchun ushbu fikrdan so‘ng “50 yillik” asorat haqida yozadi: “50 sana muqaddamki zamonda biz turkistoniylar yakka va tanho yashab boshqalar ila muomala va munosabatimiz yo‘q edi. Endi zamon ustig‘a qonun va Ovrupo odatig‘a itoat qilmoqg‘a majburmiz”.
Behbudiy mustabid davlatning turkistoniylar hokimiyati tepasiga kelganiga 50 yil bo‘lganligini ogoh etgach, asosiy mavzuga ko‘chadi: “Ammo qonun va Ovrupo odatini bilmaganimiz uchun boyimiz bo‘lsun, qozi va mulla, hokimimiz bo‘lsun ko‘b tashvish va zarar ko‘rarlar. Zamoni sobiqda faqat shariat bilmoq kifoya etardi. Endi qonun va zakunni bilmoq ham lozimdur”.
Behbudiy realist edi. Shuning uchun g‘alayonlar haqida o‘ylab mustamlakachilarga qarshi jangga otlanish kerak, degan xom xayollarga berilmas, to‘g‘rirog‘i, berila olmas edi. Chunki u “Russiyani kim va qandayligini bilmaydurg‘on nodonlardan emas”ligini ta’kidlagan, shuning uchun ham real o‘ylashga va mavjud imkoniyatlardan foydalanishga harakat kilar, boshqalarni ham shunga undardi. Avvalgi tahlil etilgan maqolada tilni o‘rganishni ta’kidlagan bo‘lsa, endi qonunni o‘rganmoqni targ‘ib etadi. Bu ham Behbudiyning realist insonligini ko‘rsatuvchi jihatlardan biridir. Publitsist mustabid davlatning barcha qonunlarini o‘rganib olgachgina unga qarshi kurashish mumkinligini tushuntiradi. Yaqin tarixga murojaat qilsak, o‘z davrining mavjud qonun-qoidalarini yaxshi o‘rgangan, saviyasi baland fuqaroga ega bo‘lgan Boltiqbo‘yi davlatlari birinchi bo‘lib SSSRdan ajralib ketdi. Behbudiy xuddi shunday bilimli, shijoatli avlod tarbiyasi xususida qayg‘urgan.
Behbudiy “Tahsil oyi” maqolasida ana shunday avlod, ularni tarbiyalash zarurati haqida gapirarkan, yangicha ta’lim sistemasi yaratish, unda bolalarimizni o‘qitishni orzu qiladi. Mustamlakachilarning ta’limga e’tiborini xalqqa ko‘rsatishga tirishadi: “Avgust va sentyabr oyindan boshlab dunyoviy maktablar, ya’ni hukumat maktablari va boshqa millat bolalarining tahsilga boshlaganlari ko‘z oldimizdadur. Turkiston shaharlarining rusiy qit’alarinda erta soat 7 dan 8 gacha diqqat ila qaragan kishi ikki sinf xalqni ko‘rar. Birinchisi 7 yoshdan yigirmag‘acha talaba va tolibonlar qo‘llarinda o‘nlab nusxa kitob va har biri sur’atlik yurush ila guruh-guruh maktablarg‘a ketarlar. Bular istiqbol uchun, millat ravnaqi uchun, faoliyat istehsoli uchun dars olurlar va muning sababi ila din va dunyolarini obod etarlar... bu sinflarg‘a diqqat qilg‘an kishi ko‘rarki, bu kelar zamon odamlari rus, yahudiy, armani va amsolidur”.
Jurnalistikada ham qiyoslash katta ahamiyatga ega, faqat undan unumli foydalanish talab qilinadi. Behbudiy ham qiyoslashdan mahorat bilan foydalangan: “Bularning‘ muqobilinda... yana bir sinf xalq ko‘riladurki, ustilarinda og‘ir yuk, qo‘llarinda bel va ketmon, rus, armani va yahudiy maktab bolalari sonindaki, ya’ni musta’bid (hozirlangan, tayyor — H.S.) tahsil bolalari ila mehnatkashlik, hammol va mazdurlik topmoq uchun korxona va qadoqxonalarg‘a borib, bir kunda yigirma tindan bir so‘mgacha olmoq uchun va tamom o‘n ikki soat mehnat qilmoq uchun ko‘cha-bako‘cha ish axtararlar, oh, na yamon holat!”.
Yoki yana bir joyida: “... biz ilmsizlik ila ushbu ilm va hunarlik zamona ahvolig‘a voqif, zamona ishiga oshino rus, armani, yahudiy hamshaharlar ila maishati savdo va tirikchilik, ya’ni muborizai hayotiyya bobinda bu holatimiz ila aslo-aslo barobar bo‘lolmaymiz, barobar bo‘lmoq nari tursun xuddorlik qilolmaymiz”.
Bu Behbudiyning realistligiga yana bir isbotdir.
Halim SAIDOV,
filologiya fanlari doktori, professor.
(Davomi bor)