Xorij voqealari qisqa xabarlarda: Zelenskiyga qarshi Zalujniy: Ukrainadagi saylovlar natijalari bashorat qilindi

🔹 Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina harbiylari tomonidan bosib olingan Kursk viloyatidagi hududlarni 20 yanvar - Donald Tramp inauguratsiyasiga qadar Rossiya nazorati ostiga o‘tkazmoqchi. Bu maqsad uchun Putin 50 ming kishidan iborat guruh - Rossiya va Shimoliy Koreya harbiylarini joylashtirgan.

🔹 Donald Tramp kelasi to‘rt yil davomida mamlakatni boshqaradigan yangi jamoa tuzishni boshladi va birinchi tayinlovlarini e’lon qildi. Prezidentlik tadbirkor Ilon Mask va prezidentlik poygasidan chiqib ketgan biznesmen Vivek Ramasvami hukumat samaradorligini oshirish vazirligini boshqaradi. AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari lavozimini Milliy razvedkaning sobiq direktori Jon Retkliff egallaydi.

🔹 To‘liq miqyosli bosqin boshlanganidan beri Ukraina xalqaro yordam sifatida 100 milliard dollardan ko‘proq mablag‘ olgan. Bugun AQShdan gumanitar va ijtimoiy dasturlarga yo‘naltirilgan 1,35 milliard dollarlik so‘nggi transh yetib keldi.

🔹 Ukrainada prezidentlik saylovlari hozir o‘tkazilgan taqdirda, Vladimir Zelenskiy ikkinchi turda Ukraina Qurolli kuchlari sobiq bosh qo‘mondoni va Ukrainaning Londondagi elchisi Valeriy Zalujniyga yutqazadi. Mamlakatdagi siyosiy vaziyat tahlilini Britaniyaning The Economist jurnali taqdim etdi. Ukrainada prezidentlik saylovlari 2025 yil 25 mayga belgilangani haqida aytilgan bo‘lsa-da, prezident devoni saylovga tayyorgarlik ko‘rayotganini inkor etadi.

🔹 Turkiya Savdo vaziri Omer Bolat, Turkiyaga BRIKS hamkor davlat bo‘lish taklifi kelganini aytdi.

🔹 Gruziyada prezidentlik saylovlari 2025 yil yanvar oyining boshida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

🔹 Donald Trampning ikkinchi prezidentlik muddati Yevropa Ittifoqi uchun jiddiy sinovga aylanishi mumkin, deydi Bloomberg agentligi. Tramp mamlakat tashqi siyosatini qayta ko‘rib chiqishga tayyor: gap Ukrainani qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortish, NATOdan chiqish va 20 foizlik bojlar joriy etish haqida ketmoqda. Agar AQSh Kiyevni qo‘llashdan bosh tortsa, Ukrainaga yordamning moliyaviy yuki butunlay yevropalik soliq to‘lovchilar zimmasiga tushishi mumkin.

🔹 Rossiya Federatsiyasi Afrika davlatlarining 20 milliard dollarga yaqin qarzidan kechdi. Rossiya TIV rahbari o‘rinbosari Mixail Bogdanovning aytishicha, shu tariqa bu qarzlar Afrika davlatlarida ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirishga sarflanadi.

🔹 Yaman xusiylari Arab dengizida AQShning “Abraham Linkoln” aviatashuvchi kemasiga raketa va dron bilan hujum qilgan. Xusiylar Amerika kemalariga hujumi Isroilning G‘azoga bosqini boshlanganidan buyon davom etib kelmoqda. Harbiy va tijorat kemalariga hujumlar mintaqada yuk tashishni qiyinlashtirmoqda.

🔹 Polsha Bosh shtabi rahbari Visslav Kukula Rossiya bilan urushga tayyorgarlik ko‘rish zarurligini aytdi. “Bu haqiqiy tahdid. Urush qachon va qayerda boshlanadi, qaysidir ma’noda o‘zimizga bog‘liq. O‘zini himoya qilishga yaxshi tayyorlangan va jamiyati qarshilik ko‘rsatadigan davlatga hujum qilish katta xavf tug‘diradi”, dedi u.

🔹 AQSh shimoli-sharqida kuchli o‘rmon yong‘inlari davom etmoqda. Ikki shtat – Nyu-York va Nyu-Jersi chegarasida joylashgan milliy bog‘ xodimi yong‘in oqibatida nobud bo‘ldi. Olovni yomg‘ir ham o‘chira olmagan.