Titanikka eng qimmat chipta

Titanikdagi eng qimmat - birinchi klass chiptasi 2560 dollar (bugungi 68 000 dollar) bo‘lgan. Ushbu pul evaziga yo‘lovchiga ikkita yotoq, ikkita kiyinish xonasi va qo‘shimcha yashash xona, shuningdek, shaxsiy sayr qilish maydoni bo‘lgan kabina taqdim etilgan.

 «Titanik»ning cho‘kishi qariyb 14 yil oldin nashr etilgan romanda bashorat qilingan

1898 yilda amerikalik yozuvchi Morgan Robertson «Behudalik» romanini nashr etdi. Unda aprel oqshomida aysberg bilan to‘qnashganda o‘ng tomoni shikastlangani sababli cho‘kib ketgan «Titan» kemasining so‘nggi sayohati hikoya qilinadi. Qutqaruvchi qayiqlarning yetishmaganligi ko‘plab qurbonlarga olib keladi. Roman o‘n to‘rt yil o‘tgach, 1912 yilda, 15 aprelga o‘tar kechasi, aysberg bilan to‘qnashuv natijasida «Titanik» layneri cho‘kib ketgach, mashhur bo‘ldi.

Deyarli barcha ayollar omon qolishgan

Kema yo‘lovchilarining atigi 32 foizi qutqarilgan bo‘lsa-da, birinchi klassda sayohat qilgan ayollarning 97 foizi tirik qolgan.

 «Titanik» halokatini "bashorat qilgan" publitsist

1886 yilda britaniyalik jurnalist va jamoat arbobi Uilyam Tomas Stead qutqaruv qayiqlari kamligi tufayli cho‘kayotgan kemada odamlarning halok bo‘lgani haqida qisqacha hikoya yozgan. 26 yil o‘tgach, uning o‘zi ham «Titanik»da halok bo‘lgan.

 Halokatli aysberg

Birinchi aysbergni fojia sodir bo‘lgan kuni ertalab kreyserning bosh boshqaruvchisi suratga olgan. Aysberg kattaligi va «qorni»dagi shubhali qizil bo‘yoq bilan kreyser ekipajining e’tiborini tortgan. Bir hafta o‘tib, halokat joyiga chaqirilgan ekspertlar bu aynan o‘sha aysberg ekanligiga e’tiroz bildirishgan. Chunki yaqin orada yana bir shubhali aysberg suzib yurardi.

 "Qora to‘da"

Ushbu nom «Titanik»da ishlayotgan o‘tyoqar (kochegar)larga berilgan edi. "Qora to‘da"lar - 176 kishi har kuni olov qutisiga qo‘lda 600 tonnaga yaqin ko‘mir va har 24 soatda okeanga 100 tonnaga yaqin kul tashlar edi.

 Yagona yaponiyalikning qayg‘uli hikoyasi

Masabumi Xosono «Titanik» bortida bo‘lgan yagona yaponiyalik edi. U Yaponiya Transport vazirligida davlat xizmatchisi bo‘lib ishlagan. Rossiya va Londondagi missiyasi tufayli «Titanik»ning ikkinchi klass yo‘lovchisi bo‘ldi.

Xosono deyarli hech qanday qutqaruv qayiqlari qolmaganligini anglagach, oxirgi qayiqlardan birida yana ikki kishi uchun joy borligini ko‘radi. Yaponiyaga qaytib kelgach, unga «qo‘rqoq» degan tamg‘a qo‘yiladi va u ishidan ayriladi. Maktab darsliklarida uni insofsiz va axloqsiz odam sifatida tavsiflashadi. Chunki qochib qutulib, samuraylarning ruhiga xiyonat qildi va fidoyilikdan voz kechdi, u kema bilan birga cho‘kishi kerak edi, deb ishonishgan. Xosono umrining qolgan qismini sharmandalikda o‘tkazadi va uning dog‘li obro‘si ko‘p yillar oilasini ta’qib qiladi.

 ***

Titanikni qurishda 1500 ga yaqin ishchi, jumladan, 12-13 yoshli bolalar ishtirok etgan. Qurilishda sakkiz nafar ishchi halok bo‘lgan, 246 kishi jarohat olgan. Mashaqqatli uch yil davomida 200 million dollar sarflangan. Kema tayyor bo‘lgach, XIX-XX asrlardagi eng yirik kemasozlik kompaniyasi vakili ishonch bilan dedi: "Bu kemani hatto Xudo ham cho‘ktira olmaydi".

 

2030 yilga borib, butunlay yo‘q bo‘ladi

Halomonas titanicae turdagi "po‘latxo‘r bakteriyalar" laqabli mikroblarning metalga bo‘lgan «ishtiyoqi» tufayli Atlantika okeani tubida - 3,8 ming metr chuqurlikda yotgan «Titanik» vayronalari 7 yilda yo‘q bo‘ladi.

Gulnora Xoldorova tayyorladi.