Tizim ishlamasa, murojaatlar tugamaydi

Bugun viloyatimizning barcha shahar va tumanlarida xalq deputatlari hududiy Kengashlari deputatlarining qabuli bo‘lib o‘tdi.

Xususan, viloyat Xalq qabulxonasi binosida fuqarolarni xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari qabul qildi.

- O‘g‘lim og‘ir xasta, rivojlanishdan to‘xtab qolgan, - deydi Samarqand shahri Xishrav mahallasida istiqomat qiluvchi K.Rahmatova. – Shifokorlar uning kasaliga aniq bir tashxis qo‘ya olishmapti, shifoxonama-shifoxona yurib, sarson bo‘ldik. Ba’zi do‘xtirlar uni Samarqandda davolab bo‘lmaydi, xorijga olib borish kerak, deyishyapti. Oilaviy sharoitim og‘ir. Bunga imkoniyatim yo‘q. Deputatlardan najot istab keldim.

Fuqaroning murojaati shu yerning o‘zida ijobiy hal etildi. Deputat Shohrux Jo‘raqulov aralashuvi bilan murojaatchining farzandi viloyat bolalar ko‘p tarmoqli shifoxonasiga yotqizilib, bepul davolanadigan bo‘ldi. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Davron Jumaniyozov bemor bolani viloyatimizning eng malakali shifokorlari ko‘rikdan o‘tkazishini, aniqlangan har qanday kasalligini shu yerning o‘zida davolash uchun zarur sharoitlar borligi aytdi.

Samarqand tumanining Quyi turkman mahallasida istiqomat qiluvchi J. Xidirov esa qabulga oilasi uchun subsidiya asosida uy-joy ajratilishini so‘rab keldi. Uning aytishicha, xotini va farzandlari bilan ijarada yashab kelmoqda. Mas’ul tashkilotlarga qilgan qator murojaatlari inobatga olinmagan.

Deputatlar fuqaroning masalasi, shuningdek, mas’ullarning uning murojaatlariga munosabati atroflicha o‘rganib chiqilishini ma’lum qilishdi.
Aytish joizki, qabulda fuqarolardan tushgan murojaatlarning aksariyati avvalroq ham qator mas’ul idoralarga yuborilgani, biroq negadir bir yoqlama ko‘rib chiqilib, yopilgani ma’lum bo‘ldi. Deputatlar murojaatlarni nazoratga olishda masalaning ayni jihatini ham e’tibordan chetda qoldirishmadi.

— Tizimlar talab darajasida ishlamasa, aholi murojaatlari kamaymaydi, aksincha, ko‘payishda davom etadi, - deydi xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Aziz Ahrorov. – Shu bois biz muammo bilan emas, uning kelib chiqish sababi bilan kurashishga ko‘proq e’tibor berishimiz kerak. Deputatlar bilan mazkur masalani sessiya muhokamasiga kiritish, xo‘jako‘rsinga ishlayotgan rahbarlar faoliyatini tahlil qilish hamda qonuniy choralar belgilashga kelishib oldik.
Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari qabulida 100 ga yaqin murojaat bo‘ldi. Ularning bir qismi shu yerning o‘zida ijobiy yechim topgan bo‘lsa, qolgani deputat va mas’ul tashkilotlar nazoratiga olindi.