To‘yda: "Baraka topkur, ovozini sal pasaytir!"

Gap to‘y-hashamlar, turli tadbirlarni o‘tkazishda ishtirok etayotgan san’atkorlar xizmati xususida ketar ekan, bu savollar hozircha ochiq qolishi turgan gap. Masalan, so‘z matni sayoz, yengil-yelpi qo‘shiqlarning ko‘payishi, bu qo‘shiqlar radio-televideniye efirlarida tinimsiz yangrashi – soha mutaxassislarini ranjitmoqda. Maza-matrasiz qo‘shiqlarning ko‘payishiga asosiy sabab ilgari biz ijod qilgan davrdagi badiiy kengashning yo‘qligi, bozor iqtisodiyotining san’atga ham kirib kelishi va kompyuter texnologiyalarining qo‘shiqchilik san’atida katta "imkoniyat"larni ochganidan deb bilamiz. Qo‘shiqchining ovoz kengligi (diapazoni), tonlikni toza kuylashi, so‘zlarni burro-burro, aniq talaffuz etishi (diksiya) asosiy sifatlari hisoblanadi. Afsuski, mana shu sifatlarni kompyuter texnologiyalari orqali to‘g‘irlab, bo‘rttirib ko‘rsatishga urinish paydo bo‘lmoqda. Achinarli jihati shuki, mana shu kabi maza-matrasiz qo‘shiqlar to‘ylarimizning ham asosiy "repertuar"ini tashkil qilmoqda. Unda ijro etilayotgan qo‘shiqlarning saviyasi pastligi borasida matbuotda, radio-televideniyeda juda ko‘p fikrlar aytilmoqda. Shunga qaramay, xalqimiz orasida go‘yoki markazdan taniqli hofizlar to‘yga kelsa, obro‘si oshadigandek, kimo‘zarga ish qilinayotgandek tuyuladi. Falon dollarga olib kelingan hofizlar esa to‘yda uyalmasdan fonogrammani qo‘yib, og‘zini qimirlatishdan nariga o‘tmayapti. Boz ustiga, ayrim hollarda boshqa taniqli san’atkorlarning fonogrammalarini qo‘yib, og‘iz qimirlatib turadiganlari ham yo‘q emas.

To‘ylarimizdagi yana bir og‘riqli holat ovoz kuchaytirgich texnika vositalarining juda baland qo‘yilishidir. Odamlar to‘yga dam olish, yoru birodarlari, tanish-bilishlari bilan suhbatlashib, dillarini yozish uchun kelishadi. Ammo to‘yxonadagi musiqa ovozi balandligidan yonma-yon o‘tirgan odam bir-biroviga gapini tushuntira olmaydi. "Baraka topkur, ovozini sal pasaytir!" desangiz, battar balandlatadi. Natijada to‘yga kelgan mehmonlarning asabi buzilib, boshiga og‘riq kiradi, birinchi ovqat suzilar-suzilmas yarmidan ko‘pi ketib qoladi.

Yana bir holat. To‘y davomida tabriklash uchun to‘y sohiblarining yaqinlariga so‘z beriladi. Agar bu tabrik so‘zlari tantananing boshida berilsa bir nav, ozgina vaqt o‘tgandan keyin hech kim quloq solmaydi. Shovqinning zo‘rligidan hamma o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lib qoladi. Axir, qani bizning madaniyatimiz, bir-birimizga, davradoshlarga bo‘lgan hurmatimiz?

¤tgan asrning 80-yillarida to‘ylarda "Elektronika" deb ataladigan ovoz kuchaytirgich apparatidan foydalanar edik. Unda ikkita ovoz yo‘li bo‘lib, har biri 16 vatt­dan 32 vatt chiqarar, shu ovoz to‘yxonaning har bir burchagiga yetar edi. Ґozirgi kunda to‘ylarda qo‘shiq aytuvchi "hofiz"­lar 2 kilovattdan kam bo‘lgan ovoz kuchaytirgich apparaturasini pisand qilmaydilar. Bu ishlarni ilmiy tomondan ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, fizikada ovoz to‘lqinlanishi gers bilan, balandligi esa detsibel bilan o‘lchanadi. Inson organizmi, aniqrog‘i, quloqlari 20 detsibeldan taxminan 60-70 detsibelgacha bemalol qabul qila oladi. To‘ylarimizda bu ko‘rsatkich 100-120, hattoki 150 detsibelni tashkil etayotmoqda.

Keling, bir eslaylik, osh berilayotgan to‘ylarda hofizlarimiz milliy cholg‘ularda maqom durdonalaridan yoki mumtoz ashulalardan maza qilib eshitadigan darajada kuylar edi. Bugungi kunda ularning o‘rnini yuqorida aytilgan estrada "yulduz"larining yengil-yelpi qo‘shiqlari va o‘xshovsiz raqs harakatlari bilan xoreografiya san’atiga umuman zid bo‘lgan o‘yinchilar egallamoqda.

Aytaversak gap ko‘p. Men san’atkor sifatida to‘yda xizmat qiladigan barcha hofizlarni yuqorida aytib o‘tilgan nuqsonlarni bartaraf qilishda hamjihat-hamfikr bo‘lishga chaqiraman. Bu ishlarda ustoz san’atkorlar namuna bo‘lishadi, deb o‘ylayman.

Javodbek KOZIMOV,

SamDU musiqa ta’limi

kafedrasi dotsenti.

Inson organizmi, aniqrog‘i, quloqlari 20 detsibeldan taxminan 60-70 detsibelgacha bemalol qabul qila oladi. To‘ylarimizda bu ko‘rsatkich 100-120, hattoki 150 detsibelni tashkil etmoqda.