To‘yni azobga aylantirmang

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Nabiy sollallohu alayhi vasallam Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhuda sariq (rang) asarini ko‘rib: "Bu nima?", - dedilar. "Ey Allohning Rasuli, bir ayolga danak vaznidagi tillo (mahr berib) uylandim", dedilar. "Alloh senga baraka bersin! Bir qo‘y bilan bo‘lsa ham to‘y qilgin", - dedilar" (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyati).

Demak, kim uylanadigan bo‘lsa, kuchi yetganicha, o‘zini ortiqcha urintirmasdan to‘y qilishi sunnatdir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham uylanganlarida imkonlari boricha to‘y qilib berganlar. Imom Buxoriy Anas roziyallohu anhu­dan rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Safiya onamizga uylanganlarida mehmonlarni xays (xurmo va yog‘dan tayyorlanadigan, ko‘rinishi bizdagi holvaytarga o‘xshagan taom) bilan mehmon qildilar.

Qadimdan katta bir xursandchilik bo‘lgan to‘yni hozirgi kunda o‘zimiz uchun jiddiy tashvishga aylantirdik. To‘yga qo‘shimcha marosimlar, har xil sarpolar, o‘nlab tog‘oralar qo‘shdik. O‘g‘lini uylash, qizini uzatishni o‘ylab, otalarning hatto sog‘ligi yomonlashib qolmoqda. Aslida dinimiz - yengillik dini. Hamma masalada bo‘lgani kabi to‘y masalasida ham imkon boricha mo‘’tadil yo‘l tutiladi.

Oisha roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Eng barakali nikoh - xarajatlari yengil bo‘lganidir" (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Nikohning barakalisi - nikoh xarajatlari va dabdabalarining kamroq, yengilrog‘idir. Boshqa Hadisi sharifda shunday deyiladi: Amr ibn Horis roziyallohu anhu aytdi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlari menga yetib keldi: "Ikki ish o‘rtasidagi ishni (lozim tuting). Ishlarning yaxshisi o‘rtachasidir" (Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan). Bu hadisdagi "ikki ish"­dan murod haddan oshish va kamchilikka yo‘l qo‘yishdir. Demak, to‘ylarimizni o‘tkazishda ham eng yaxshi yo‘l - isrof ham, baxillik ham qilmasdan, o‘rta yo‘lni tutish.

Yana bir muhim jihat shuki, kelin yoki kuyov tanlashda asosiy mezon mol-dunyo va obro‘-e’tibor bo‘lmasligi kerak. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga shunday tavsiya beradilar:

Abu Hurayra roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: "Ayol to‘rt narsa uchun nikohlanadi: moli, nasabi, jamoli va dini uchun. Sen dindorini tanlagin, baraka topgur!" (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Ba’zida qizlarimizning tengi chiqsa ham yanada yaxshiroq joylardan umid qilib, ularni ushlab turamiz. Gohida qizning sepi tayyor emasligi, bunga qo‘limiz kaltaligini ro‘kach qilib, ularning umrini o‘tkazamiz. Tengi chiqqan qizlarni turmushga uzatmasak, keraksiz matohlarni deb to‘ylarni kechiktirsak, oilasiz erkak va ayollar ko‘payadi, nasablar kesiladi. Jamiyatda salohiyat va iffat kamayadi.

Ba’zi yigitlar esa hamma sharoitimni yaxshilab olaman, deb uylanmay yurishadi. Natijada yoshlari o‘tib qoladi. Vaholanki, bir kasb­ning boshini tutgan, nafaqai ro‘zg‘or qila oladigan yigitlar kambag‘allikdan qo‘rqib, uylanmay yurishi to‘g‘ri emas. Dinimiz imkoniyati bo‘lgan yigitlarni uylanishga targ‘ib qiladi. Lekin nikoh sunnatining e’loni bo‘lgan to‘y qilishni obro‘ musobaqasiga aylantirish, to‘yda turli isrofgarchiliklar qilish dinimizda qoralanadi va bu ishdan qaytariladi. Chunki Alloh taolo Qur’oni karimda shunday deydi: "...Isrof qilmangiz! Albatta, U isrof qiluvchilarni sevmaydi" (An’om surasi, 141-oyat).

Keyingi paytlarda xalqimiz orasida kuyov tomonning kelin tomondan ba’zi xarajatlarni talab qilishi ko‘p uchrayapti. Masalan, kuyovga boshdan oyoq sarpo qilish, mebel sotib olish… Xo‘sh, mana shu xarajatlar haqida shariatimiz nima deydi, kelin haqiqatan ham yuqoridagi xarajatlarni qilishga majburmi?

Kuyov tomon talabgor bo‘lgani, sovchi qo‘ygani uchun mahr berish, to‘y qilish uning zimmasida bo‘ladi, albatta. Demak, kelin tomondan to‘y va boshqa xarajatlarni talab qilish mumkin emas. Bu shariatimiz ko‘rsatmalaridan chiqish hisoblanadi.