Tog‘dagi har bir xonadonga internet aloqa tarmog‘i kirib keladi

Tog‘lar bag‘rida joylashgan Ohalik mahallasida 3 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Bir paytlar tog‘ tepasidagi xonadonlarda nafaqat uyali telefon, balki radio-televideniye ham ishlamagan.
Xo‘sh, bugun qishloqda ahvol qanday?
- Albatta, bugun uyda o‘tirib jahonning xohlagan mamlakatiga telefon qilish imkoniyati paydo bo‘ldi, - deydi o‘qituvchi Zamira Xidirova. – To‘g‘ri, bir paytlari O‘zbekiston teleradiokanallarini ko‘rib ham, tinglab ham bo‘lmas edi. Endi bo‘lsa, xorijda ishlayotgan yaqinlarim bilan kunora videochaqiriq orqali ko‘rib suhbatlashib turamiz.
Zamonaviy raqamli texnologiya vositalari har bir ohaliklikning xonadoniga kirib kelib, yuqori tezlikdagi internet va barqaror aloqa ular hayotida muhim o‘rin tutmoqda. Hozir Ohalikda 800 nafar iste’molchi uchun 2 ta optik aloqa nuqtalari o‘rnatilgan bo‘lib, ular yordamida soniyasiga 1,5 gb. internet aloqasi yetkazib berilmoqda. Bundan tashqari 80 foiz aholi MobiUz, Ucell, “O‘zbektelekom”, O‘zmobayl kabi mobil aloqa operatorlarining xizmatlaridan foydalanib kelishadi.
- Mazkur aloqa operatorlarining antenna bazalari qishloqning eng baland nuqtasiga o‘rnatilgan, - deya ma’lumot berdi Samarqand tuman telekommunikatsiya bog‘lamasi muhandisi Odiljon Mirzayev tog‘ qishlog‘iga tashkil etilgan press-tur ishtirokchilariga. - Har bir kompaniya o‘zlariga tegishli bo‘lgan, bazalarining doimiy ishlashini ta’minlashadi. Tog‘ hududi, aytib bo‘lmaydi, to‘satdan elektr energiyasi o‘chib qolsa, aloqa ham to‘xtaydi. Biroq, uning bartaraf etish yo‘lini topishgan - quyosh batareyalari, akkamulyator, generator va boshqa muqobil manbalar yordamida aloqani qayta yo‘lga qo‘yishadi. Shuningdek, kompaniyalarning mobil brigadalari kechayu-kunduz bazalar holidan xabar oladi.
Samarqand tumanida ham telekommunikatsiya infratuzilmasi yaxshilanib, hozirgacha 1,4 ming kilometr uzunlikda optik tolali aloqa liniyalari tortildi. Keng polosali portlar soni 58,7 mingtaga, iste’molchilar soni esa 23,5 ming nafarga yetdi.
- Ish yuritishdan tortib, ta’lim, tibbiyot va kundalik muloqotgacha bo‘lgan ko‘plab sohalar telekommunikatsiya infratuzilmasining rivojiga bog‘liq, - deydi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Dilmurod Xo‘jamberdiyev. - Shu bois, viloyatimizda aholini barqaror aloqa, yuqori tezlikdagi simli va mobil internet bilan ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Ushbu loyihalarning maqsadi internet tezligini oshirish va viloyatimizning 100 foiz hududini aloqa ta’minoti bilan qamrab olishdir.
Bugungi kunda viloyatimiz bo‘yicha optik tolali aloqa liniyalari uzunligi 25,1 ming kilometrga, keng polosali portlar soni esa 763,3 ming yetkazildi. Ayni vaqtda abonentlar soni 296,3 mingtani tashkil etadi. Aloqa o‘tkazuvchanligi viloyat bo‘yicha soniyasiga 600 Gb bo‘lsa, tumanlarda 60 Gbni tashkil etyapti. 9788 ta baza stansiyalari 3,1 million mobil aloqa iste’molchilariga xizmat qilmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida 654,3 kilometr optik tolali magistral aloqa liniyalari qurildi.
Nurobod tumanidagi Sahoba, Tutli, Xazarmali, Oymaxol, Qo‘shrabot tumanidagi Qizilbuloq, Do‘lana, Sunbul, Xo‘jasoy, Begali va Shag‘olsoy kabi tog‘li qishloq aholisi uchun ham yuqori tezlikdagi telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyati yaratildi.
***
P/S. Press-tur davomida shu mahallada yashovchi Feruz Nurmahammedov uyi markazdan olisroqda ekanligi uchun anchadan buyon internet tarmog‘i o‘tkazishga qiynalayotganini aytib, yordam berishimizni so‘radi. Biz bilan birga yurgan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i D.Xo‘jamberdiyev uning murojaatini tinglab, mutaxassislariga tadbir yakunigacha Feruzdan boshqa yana 3 ta fuqaroning ham xonadoniga internet tarmog‘ini o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berdi. Tadbir yakunida o‘sha murojaatchilar uylariga internet kirib kelganidan xursand ekanligini aytib, bizga qo‘ng‘iroq qilib minnatdorchilik bildirdi.
Dilmurod TO‘XTAYeV.