Tog‘li Qorabog‘da Sohibqiron qurdirgan inshootlar, bog‘lar bugun ham bor
Xalqaro Amir Temur fondi raisi, professor Qo‘ziboy Mamaraimovning tarixiy manbalarga tayanib aytishicha, Amir Temur 1401 yilda Rumga yurishi oldidan Ozarbayjon hududidagi Qorabog‘da qishlab qoladi va Aras (Araks) daryosidan bog‘larni sug‘orish uchun ariq qazdiradi.
Mazkur obodonchilik ishlarini Sharafiddin Ali Yazdiy quyidagicha bayon qilgan: “O‘tgan podshohlardan ba’zilari Aras atrofidagi cho‘llarda daryolar, ariqlar qazdirgan edi. Zamonlar o‘tishi bilan u ariqlar buzilib, butunlay ko‘milib ketgandi. Sohibqiron ko‘rsatmasiga ko‘ra, ushbu ariqlarni qaytadan qurish tavochilar, amirlar va askarlarga taqsimlab berildi”.
Hozir ham Qorabog‘da Amir Temur boshchilik qilgan ba’zi qurilish inshootlari, bog‘lar mavjud. Nizomiddin Shomiyning yozishicha, o‘sha paytda Gilon va Mazandaron (Kaspiy) dengizigacha yetib boradigan daryolar qazdirilgan.
Shomiyning “Zafarnoma” asarida yozilishicha, “Sohibqiron Eron, Turon mamlakatlarida mashhur imoratlar qurgan. Eronda bizdan yodgorlik qolgan”.
Amir Temurda Biylokent yerida bir shahar bino qilish maqsadi paydo bo‘ladi va qurilish ishlarini boshlaydi hamda cho‘lda shahar barpo etadi. Shuningdek, 1403 yil amirlarni yig‘ib, islom dini, ilm-fan markazlaridan biri bo‘lgan Bog‘dodni obod qilish uchun farmon beradi.
Sohibqironning obodonchilik bobida qilgan ishlari vafotidan keyin ham to‘xtab qolmadi. Uning avlodlari temuriylar sulolasi uchun an’anaga aylangan qurilish-obodonchilik ishlarini davom ettirdi, bir qancha e’tiborga molik inshootlar qad rostladi, Zarafshon daryosi atrofida bog‘lar, gulzorlar barpo etildi.