Tojikiston telekanallarida o‘zbek filmlari namoyish etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga safari paytida tojik telekanallari va kinoteatrlarida Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan «Ilhaq», «Xalq yuragi», «Abdurahmon Jomiy», «Yagona osmon ostida» filmlari namoyish etiladi. Namoyishlar kecha 21:30 da Tojikistonning «Sinamo» telekanalida «Ilhaq» filmining taqdimoti bilan boshlab berildi.
Mamlakatning barcha yirik kinoteatrlarida ham tojik tilidagi o‘zbek filmlari namoyishlari boshlangan. Joriy yilning 19-22 may kunlari Tojikiston Respublikasida o‘tkazilgan O‘zbekiston kinosi kunlari davomida Kinematografiya agentligining bir qator filmlari tojikistonlik tomoshabinlar tomonidan ko‘tarinki kayfiyatda qabul qilingan edi. Shundan so‘ng o‘zbek kinosining qo‘shni davlatdagi ixlosmandlari tomonidan filmlarni tojikchaga dublyaj qilib taqdim etish taklifi berildi. Shu bois, O‘zbekiston Prezidentining Tojikiston Respublikasiga rasmiy tashrifi arafasida O‘zbekiston Kinematografiya agentligi tomonidan Davlat buyurtmasi asosida suratga olingan ushbu filmlarni qardosh xalq televideniye va kinoteatrlarida namoyish qilish uchun tuhfa sifatida taqdim etildi.
Tojikistonda bo‘lib o‘tgan o‘zbek kinosi kunlarida O‘zbekiston Kinematografiya agentligi rahbariyati, taniqli o‘zbek kinosi arboblari, kinorejissyorlar, aktyorlar, ommaviy axborot vositalari vakillari qo‘shni mamlakatga tashrif buyurib, har ikki mamlakatning kino sohasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari xususida kelishuvlarga erishilgan va «Tojikfilm» davlat muassasasi raisi Mahmasaid Shohiyon bilan ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha memorandum imzolandi. Memorandum bo‘yicha ishlar tez fursatlarda boshlanib, rejisser Jahongir Ahmedovning «Ilhaq» badiiy filmi, Shohruh Rasulovning «Xalq yuragi», Javohir Qosimovning «Abdurahmon Jomiy», Jasur Ishoqovning «Yagona osmon ostida» hujjatli filmlari tojik tiliga tarjima qilinib, «Hujjatli va xronikal filmlar studiyasi» DUK, «Spectre» hamda «Ezgu film» studiyalari tomonidan dublyaj qilindi.
«Tojikfilm» davlat muassasasi bosh direktori Mahmasaid Shohiyon ushbu filmlar ikki xalq o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga va madaniy aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilishini bildirdi:
«Tojikistonda bo‘lib o‘tgan o‘zbek kinosi kunlari»da O‘zbekiston Kinematografiya agentligi rahbariyati bilan kino san’atining ikki mamlakat madaniy hayotida tutgan o‘rni, o‘zbek va tojik kinematografiyasini rivojlantirish bo‘yicha ko‘zda tutilayotgan loyihalar xususida kelishib oldik. Tadbirlarda O‘zbekiston xalq artisti Xayrulla Sa’diyev, Tesha Mo‘minov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Tohir Saidov va boshqa iste’dodli kinoijodkorlarning borligi tojikistonlik o‘zbek kinosi muxlislarini juda quvontirdi. Bizga tuhfa sifatida yuborilgan o‘zbek xalqining yuksak saviyadagi filmlarini kinoteatrlarimiz va televideniyelarimiz orqali albatta namoyish etamiz. Ishonamanki, ushbu filmlar ikki xalq o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga, madaniy aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi».
O‘zbek va tojik kinematografiyasi rivojini bir-biridan ayro holda tasavvur qilish mumkin emas. Milliy kinomiz darg‘alari har jihatdan bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelgan. O‘zbek kinosining atoqli ustozlaridan biri Komil Yormatov Tojikistonda, Konibodomda tug‘ilib o‘sgan bo‘lsa, tojik kinosining Boris Kimyogarov, Anvar To‘rayev, Samariddin Sa’diyev singari mashhur arboblari Samarqandda tavallud topishgan. Har ikki yurt kinematografiyasi rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan Latif Fayziyev, Tohir Sobirov, Rashid Malikov, Baqo Sodiqov singari taniqli kinorejissyorlar xizmatini ham alohida ta’kidlab o‘tish joiz. Tojikiston kinoustalari tomonidan yaratilgan «Hasan aravakash», «Rustam va Suhrob», «Siyovush haqida qissa», «Temirchi Kova», «Men bir qizni uchratdim» singari badiiy filmlar o‘zbek tomoshabinlari qalbidan chuqur joy olgan. «Shahrizodaning yangi ertaklari», «Shahrizodaning so‘nggi kechasi» filmlarida Ulug‘bek Muzaffarov, Ubaydulla Omon, Dilorom Qambarova singari o‘zbek san’atkorlarining ijrosini ko‘rish mumkin. «Tojikfilm»da Rashid Malikov suratga olgan «G‘aroyib sarguzasht» filmida o‘zbek kinosining taniqli vakillari Husan Sharipov, Bahrom Matchonov bosh rollarni ijro etishgan.
O‘z navbatida, o‘zbek filmlarida tojik aktyorlari ham yorqin obrazlarni yaratishgan. Jumladan, Tojikiston xalq artistlari Sayram Isayeva Maysara, Nodirabegim singari obrazlari bilan o‘zbek kinomuxlislarini maftun qilgan bo‘lsa, Ato Muhammadjonov Imom al-Buxoriy siymosini to‘laqonli gavdalantira olgan.