Tojikistonda poliomiyelit kasalligi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat favqulodda holat deb baholandi

Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) rasmiy bayonotida aytib o‘tgan.

Avvalroq - 8 mart kuni JSST Tojikistonda aniqlangan sPVVP2 holatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ko‘rib chiqdi va epidemiyani ikkinchi darajali favqulodda holat deb tasniflagan. Qayd etilishicha, 18 mart kuni Tojikistonda vaksinadek aylanma tarqaluvchi 2-turdagi poliovirus (sPVVP2) yuqtirgan bolalarda to‘rtta paralich holati ro‘yxatga olingan.

O‘tkir shol falaj kechuvchi sPVVP2ning birinchi holati o‘tgan yilning 22 noyabrida Xatlon viloyatida qayd etilgan va hozirda Pokistonda tarqalayotgan virus turi bilan bog‘liq. Ikkinchi falaj holati shu yilning fevral oyida Xatlon viloyatida o‘tkir shol falaj simptomlari bo‘lgan bolada tasdiqlangan. 8 mart kuni Hisor shahrida o‘tkir shol falaj bilan infantil falajning yana ikki holati aniqlangan.

Bundan tashqari, Dushanbedagi maxsus tanlangan epidemiologik nazorat maydonchasida olingan uchta namunada ham sPVVP2 qayd etilgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining bayonotida aytilishicha, yuqumli kasallikni puxta tekshirish ishlari olib borilmoqda. Jumladan, mutaxassislarning kasalxonalarga borib, kontaktlarni aniqlash va vaksinalash qamrovi ma’lumotlarini submilliy darajada o‘rganish ko‘zda tutilgan.

2021 yil fevral oyida mamlakatda 2-turdagi poliovirus vaksinasini o‘tkazib yuborgan barcha bolalar kasallik rivojlanishi va virus bilan aloqa qilgan vaziyatda falaj ro‘y berishidan saqlashni ta’minlash maqsadida inaktiv poliovirus vaksinasi (IPV) yordamida rejalashtirilgan umummilliy emlash kampaniyasi yakunlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining xabarida, o‘tgan asrning 80-90-yillarida respublikada, ayniqsa yosh bolalar orasida o‘tkir shol – poliomiyelit kasalligi ko‘plab qayd etilib, bolalarni umrbod majruhlikka olib kelar edi.

Milliy va tozalov emlash kunlari hamda Milliy emlash kalendari asosida aholini bu kasallikka qarshi emlash ishlari natijasida respublikamizda oxirgi marta o‘tkir shol bilan kasallangan bemor 1995 yilda qayd etilgan. 1996 yildan boshlab, bu kasallik umuman yo‘qotilgan.

O‘zbekiston 2002 yilda taraqqiy etgan davlatlar qatorida JSSTning "Yovvoyi polio virusidan xalos bo‘lgan davlat" sertifikatiga sazovor bo‘lgan.