Tojmahal ijodkorini tarbiyalagan malika
O‘zbek davlatchiligi tarixida xotin-qizlarning alohida o‘rni bo‘lib kelgan. Ayniqsa, temuriylar xonadonida Saroymulkxonim, Gavharshodbegim, keyinchalik boburiylar saltanatida Xonzoda begim, Mohim begim, Gulbadanbegim, Ruqiya begim, Nurjahon, Mumtoz Mahal, Jahonora begim va boshqa bir qator malikalarning mamlakatlari tarixida qilgan katta ishlari ko‘pgina tarixchilar asarlarida o‘z ifodasini topadi. Ruqiya begim, boshqa malikalarday saroy ishlarida ko‘p ishtirok etmasa-da, dunyoga Shoh Jahonday insonni tarbiyalab bergan. Jahongir Muhammad Xurram o‘g‘li yoki bo‘lg‘usi Shoh Jahon tug‘ilganda uning tarbiyasini oqila va ma’suma katta ayoli Ruqiyabegimga ishonib topshirgan.
Ruqiya Sulton Begim asli kelib chiqishi boburiylardan bo‘lib, Boburning o‘g‘li Mirzo Xindolning qizlaridan biri bo‘ladi. Yoshligida ko‘p kitob o‘qib turk, fors va arab tillarini mukammal o‘zlashtirgan. Shu davrlarda boburiylarda bir odat bo‘lib, unga ko‘ra shahzodalar birinchi boburiylar avlodidan bo‘lgan qizga uylanishlari, chunki kelajakda taxtga o‘tirishi lozim bo‘lgan shahzodaning qoni to‘liq boburiylarga tegishli bo‘lishi kerak bo‘lgan. Boburiylar uzoq muddat davomida bu an’anaga amal qilib kelishdi. Hatto Shoh Jahon Arjumandbonuni birinchi marta ko‘rganidan sevib qoladi, ammo otasi Jahongir unga birinchi xotin sifatida Arjumandbonuni olib bermaydi. Xuddi mana shu an’anaga ko‘ra Hindiston va Yevropada Ulug‘ Akbar degan oliy maqomga ega bo‘lgan Akbarning katta xotini Ruqiya sulton begim bo‘ladi.
Ruqiya begim doimo o‘zining katta xotinlik mavqeini saqlab qolgan. Chunki u oqila, dono va boburiylar xonadonining tinchligi va osoyishtaligi, ota-bolalar va aka-ukalarning birdamligi uchun jon kuydirib kelgan. Boburiy malikalarga xos bo‘lgan bu odat u xonimni ham tark etmagan. Tarixdan ma’lumki, Xonzoda begim, Gulbadan begim bu ikki malika ham doimo boburiylar saltanatining birligi va qudrati uchun jon kuydirishgan. O‘z oilalaridan ko‘ra ukasi va otasi yaratgan davlatning taqdiri ular uchun muhimroq bo‘lgan.
Otasi Ulug‘ Akbardan so‘ng Hindiston taxtiga o‘tirgan shoh Jahongir, hind xotinidan tug‘ilgan Muhammad Xurram, kelajakdagi Shoh Jahonning tarbiyasini Ruqiya Begimga ishonadi. Chunki yosh shahzoda boburiylar ruhiga mos tarbiya topishi kerak edi. Keyinchalik rostdan ham bu shahzoda Hindistonda boburiylarning shuhratini olamga yoydi.
Ruqiya Begim uzoq umr ko‘radi hijriy-qamariy 1035 (1625) yil¬da 84 yoshda sevimli eri qurgan Akbarobod shahrida olamdan ko‘z yumadi. Saroyning nomdor va nufuzli malikasi bo‘lmish Ruqiya Sulton Begim o‘z nomiga ko‘ra izzat va ikrom bilan dastlab Akbarobodga dafn etiladi. Jahongir podshoh onasi bo‘lmish Ruqiya Sulton begimnig o‘limidan qattiq qayg‘uga tushadi, chunki u otasini doimo eslatgan va dono maslahatlar berib kelgan boburiy malika bo‘lgan. Malikaning xoki keyinchalik Jahongir tomonidan Kobulga ko‘chirilib, otasi Mirzo Hindol va bobosi Zahiriddin Boburlar dafn etilgan qabristonga quyiladi.
Bu malikaning qabri hech qachon tashlab qo‘yilmagan. O‘z farzandi bo‘lmasa-da, taxtga o‘tirgan boburiylar ushbu malikaga nisbatan o‘z mehr va muhabbatlarini izhor qilib kelishgan. O‘zi tarbiyalagan Shoh Jahon 1050 (1641) yili Qo¬bulga, bobosi qabrini ziyoratga kelganida katta onasi Ruqiya Begim qabrini ham ziyorat qilgan. Ikkinchi marta 1056 (1647) yilda Kobulga kelganida u yana Ruqiya Begim qabrini ziyorat qilib, uning atrofini yangidan tiklashga farmon beradi. Chunki ochiq holatda turgani uchun qabr toshlari rangi uchib qolgan bo‘ladi. Shunda Shoh Jahon qabrning yon atroflarni o‘ratib, ustiga ayvonlar qurdiradi. Shoh Jahon taxtga o‘tirganidan so‘ng Ruqiya Sultonga o‘ziga xos ko‘rinishdagi ulug‘vor qabr toshi o‘rnatadi. Bu tosh olti burchakli bo‘lib, nafis gulbarglardan naqshlar solingan va ustiga kimga tegishli ekanligi chiroyli qilib bitilgan bo‘ladi.
Dilorom YoRMATOVA.