Tolibon Kobul aeroportidagi cheklovlarni bekor qildi

Kobuldagi aeroport ichki va xalqaro reyslarni qabul qilishga to‘liq tayyor. Bu haqda Tolibon vakili ma’lum qildi.

“Kobul xalqaro aeroportidagi muammolar hal qilingani va aeroport ichki va xalqaro reyslarga to‘liq tayyorligi sababli Afg‘oniston Islom Amirligi (Tolibon siyosiy tizimining o‘z nomlashi - tahr.) hamkorlikka tayyorligini tasdiqlaydi va barcha aviakompaniyalar hamda ilgari Kobulga uchgan mamlakatlardan parvozlarni tiklashiga umid qiladi, - deb yozadi Afg‘oniston muvaqqat hukumati Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Abdul Kahar Balxi Twitterda.

Pokistonning Kobuldagi elchisi Mansur Ahmad Xonning aytishicha, PIA Pokiston havo yo‘llari va boshqa bir qator xalqaro aviakompaniyalar Kobul xalqaro aeroportiga muntazam reyslarni bir-ikki hafta ichida qayta tiklashi mumkin.