To‘lovni terminaldan olmaganlik uchun 5 million so‘m jarima bor

Qonunchilik hujjatlariga muvofiq, aholi bilan pullik hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi savdo va xizmat ko‘rsatish faoliyatini olib boruvchi tadbirkorlik sub’yektlari to‘lov terminali o‘rnatmasdan o‘z faoliyatlarini amalga oshirish huquqiga ega bo‘lmaydilar.

Shuningdek, terminaldan foydalanish talablariga rioya etilmaganligi savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzishga tenglashtirilib, tadbirkorlik sub’yektlari zimmasiga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishiga olib keladi.

Jumladan, Soliq kodeksining 221-moddasiga ko‘ra, hisob-kitob terminallari orqali to‘lovlarni qabul qilishni rad etganlik - besh million so‘m miqdorida jarima solinishiga sabab bo‘ladi.

Qonunchilik hujjatlariga ko‘ra, davlat soliq idoralari: 

- to‘lov terminallaridan foydalanish ustidan nazoratni amalga oshirishi;

- bank kartalaridan to‘lovlar qabul qilish talablariga so‘zsiz rioya qilishini ta’minlash maqsadida muntazam monitoring o‘tkazib borishi;

- to‘lov terminallarini ishlatish yuzasidan belgilangan tartibga muvofiq, savdo komplekslarida, chakana savdo va xizmatlar ko‘rsatish tashkilotlarida doimiy asosda tekshiruvlarni o‘tkazib turishi lozim.

Savdo va pullik xizmat ko‘rsatish korxonalari tovar yoki xizmatlar uchun to‘lovlarni to‘lov terminallari orqali qabul qilishdan bosh tortsa, viloyat davlat soliq boshqarmasining 66 234-06-16 ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilishingiz mumkin.

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati.