Tomoq og‘rig‘i virusli kasallikmi yoki bakteriyalar tufayli kelib chiqadimi?

— Kattalarda tomoq og‘rig‘ining 50-95 foizi, bolalarda 70 foizi viruslar tufayli kelib chiqadi: bular adenoviruslar, gripp va gerpes viruslaridir.

20 foizdan kamroq holatlarda tomoqdagi og‘riqning sababi bakteriyalar, ulardan eng ko‘p holatlarda streptokokklar va stafilokokklar bo‘lishi mumkin.

Qolaversa, o‘ta sovuq yoki o‘ta issiq harorat, ifloslangan havo, sovuq taomlar va ichimliklar, kimyoviy moddalar, chekish ham tomoq og‘rig‘iga sabab bo‘lishi mumkin.

Bu borada eng yaxshi profilaktika — gigiyenaga e’tibor berishdir. Sog‘lom turmush tarzi organizmning yuqumli kasalliklarga va boshqa kasalliklarga nisbatan yuqoriroq kurashish qobiliyatini ta’minlashi mumkin.

Bu haqda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi, tibbiyot fanlari doktori, professor Shavkat Amonov ma’lumot berdi.