Tomorqa – kimga zahmat, kimga daromad manbai

Tumanda yerdan samarali foydalanish maqsadida tomorqa yer maydonlarining 1053 gektariga kartoshka, 1982 gektariga pomidor, 1046 gektariga piyoz, 867 gektariga dukkakli ekinlar, 171 gektariga sabzi, 1239 gektariga poliz va 1001 gektariga ko‘kat va boshqa ekinlar ekish rejalashtirilgan. 

Hozirgacha 3715 gektarga to‘qsonbosti usulida ekinlar ekilgan, 3913 gektar yer ekishga tayyorlangan, 743 gektar maydonda mavjud tomorqachilarga tushuntirish ishlari o‘tkazilgan. Yer maydonidan samarasiz foydalangan 27 tomorqachi aniqlanib, ularga nisbatan yer solig‘ini uch karra oshirish to‘g‘risida soliq organi tomonidan ogohlantirish xatlari berilgan. 
– 2018 yilda tumanda 551 ta ixcham issiqxona tashkil etish rejalashtirilib, hozirgacha tijorat banklarining 168 million so‘m krediti hisobidan 38 sotix maydonda 64 ta ixcham issiqxona qurildi, – deydi tuman hokimligi bosh mutaxassisi Toyir Qosimov. – Tomorqa maydonlari, yo‘l va ariq chetlariga qariyb 71 ming tup mevali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi. Aholi tomorqasidan samarali foydalanish va sifatli tomorqa xizmati ko‘rsatish maqsadida hokimlik qoshida tomorqa shtabi hamda "Past Darg‘om tomorqa xizmati" va "Go‘zalkent tomorqa xizmati" mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tashkil etildi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, joriy yilda tomorqa maydonlaridan 152 milliard 438 million so‘mlik 126 ming 292 tonna oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirilishi rejalashtirilgan. 
Mutaxassis bilan suhbatdan so‘ng joylardagi ahvolni ko‘rish uchun tomorqachilar huzuriga yo‘l oldik. Dastlabki manzilimiz "Go‘zalkent tomorqa xizmati" mas’uliyati cheklangan jamiyati hududidagi Paxtakor mahallasi bo‘ldi. 
– Mahallamizda 4 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi, – deydi mahalla raisi Bahrom Xo‘jayev. – Aholi tasarrufidagi 120 gektar tomorqaning 50 gektari ekin maydoni bo‘lib, uning 8 gektariga to‘qsonbosti usulida ekinlar ekilgan. Mahallamizda 30 ta issiqxona va 15 mingdan ortiq mevali daraxt bor. Tasarrufidagi tomorqadan foydalanmagan 20 xonadon ogohlantirildi, ularning 4 tasiga eng kam ish haqining 2 barobari miqdorida jarima qo‘llanildi. 
Mahalla raisi hamrohligida duch kelgan birinchi xonadonga kirdik. Tomorqada kattagina issiqxona qurilgan, 20 tupdan ortiq gilos ko‘chatlari gullay boshlabdi. Xonadon sohibasi Munira Salomovaning aytishicha, o‘tgan yili "Agrobank" Juma filialining 8,5 million so‘m krediti hisobidan issiqxona qurgan va 50 tup yong‘oq ko‘chati xarid qilgan. Issiqxonaga o‘tgan yili ekilgan bodringning daromadidan kreditdan deyarli qutulgan. Shu mahallada yashovchi Tolib Mallayev esa tomorqasida ko‘chatchilik bilan shug‘ullanarkan. 

– Tomorqamizda 12 sotix ekin maydoni bor, – deydi T.Mallayev. – O‘tgan yili "Agrobank"ning Go‘zalkent filialidan 12 million so‘m kredit olib 115 tup pakana yong‘oq ko‘chatlari oldim va issiqxona qurdik. Surxondaryodan 20 tup limon olib kelib, issiqxonaga ekdim. Vodiydan uzumning eng xaridorgir 10 xil navidan keltirib, ko‘paytiryapman. Tomorqada 50 turdan ortiq meva bor. O‘tgan mavsumda birgina uzumning o‘zidan 1 tonnadan ortiq hosil oldim. Ro‘zg‘orga kerakli barcha oziq-ovqat mahsulotlari o‘zimizdan chiqadi. Asalarichilik bilan ham shug‘ullanamiz. Umuman, bir mavsumda tomorqadan 15 million so‘mdan ortiq daromadga erishamiz. 
Mahalla aylanib, tomorqasi qarovsiz ahvoldagi xonadonga duch keldik. O‘zini Suyunboy Rashidov deb tanishtirgan yigit tomorqaga endi ekin ekmoqchiligini aytdi. 12 sotix tomorqaning 7 sotixi ekin ekishga mo‘ljallangan. Ammo hanuz bu xonadonga bahor kelmaganga o‘xshaydi. 10 tup mevali daraxtni aytmasa, tomorqada hech narsa yo‘q. Yana bu kabi katta yo‘l bo‘yidagi xonadonlarga yo‘l yoqasidan 12-15 sotixgacha qo‘shimcha tomorqa yeri berilgan. Yerga bepisand munosabatda bo‘layotgan bunday tomorqachilarni insofga chaqirishni mutasaddilarga qoldirib, yo‘lda davom etdik. 

Keyingi manzilimiz tumanning Beklar mahallasi bo‘ldi. Bu yerda 670 xonadonda 3500 dan ortiq aholi istiqomat qiladi. 119 gektar ekin maydoni bo‘lgan mahallaning 10 gektariga to‘qsonbosti usulida ekinlar ekilgan. Dastlab shu mahallada yashovchi O‘rol Ahmedovning xonadonida bo‘ldik. Tomorqadagi 10 sotix ekin maydonining 1,5 sotixiga kartoshka, pomidor, qulupnay ekilgan bo‘lsa, qolgan maydonni beda ekini band qilgan. "Axir qoramol va qo‘ylarimizga ham ozuqa kerak-da", – deydi xonadon sohiblari. Buning ustiga 1 sotixdan ortiq maydon shunchaki supa qilib qo‘yilgan. Tomorqadagi 15 tup mevali daraxtni aytmasa, yerdan mutlaqo samarasiz foydalanilgan. Bu xonadonga qo‘shni bo‘lgan Eldor Ergashev ham tomorqasidan yaylov o‘rnida foydalanyapti, xolos. Bu xonadonda tomorqaga e’tibor yo‘qligi shundoqqina ko‘rinib turibdi. Chunki 15 sotix yerning 10 sotix ekin ekiladigan qismi hanuzgacha ag‘darilmagan, aksincha qarovsizlikdan begona o‘t bosgan. Xonadon sohibi E.Ergashev esa "Endi yerni ag‘dartirmoqchi edim", – deydi. Lekin qachon? Axir bahorning bir oyi o‘tdi. Tomorqachi qachon yerni ag‘daradi-yu, qachon ekin ekadi? Bu yerdan chiqib, qo‘shni Boymurod Xudoyorovning xonadoniga kirdik. Mahallada savdo faoliyati bilan shug‘ullanadigan B.Xudoyorovniki qo‘shnilaridan ham o‘tib tushdi. 15 sotix tomorqaning 7 sotix qismi ekin ekishga mo‘ljallangan, ammo tomorqachi bu yerning 3 sotixiga beda, 4 sotixiga arpa-bug‘doy ekkan. 
Tasarrufidagi yerga ekin ekib, daromad olsa, o‘zi uchun foydali ekanligini tomorqachilar qachon anglab yetadi?

Har yomonning bir yaxshisi bor, deganlaridek barcha ham yerga e’tiborsiz emas ekan. Mahallada yashovchi Matluba Akamurodova 2,5 sotix tomorqasida oilasi ehtiyoji uchun kerakli mahsulotlarni yetishtirmoqda. 
– O‘tgan yili yanvar oyida "Aloqabank"ning viloyat filialidan 5 million so‘m kredit olib, 1 sotixli issiqxona qurdik, – deydi M.Akamurodova. – Fevralda issiqxonaga kartoshka, qator orasiga esa bodring ekdik. Kartoshka hosilini yig‘ishtirib, o‘zimizdan ortganini sotdik, qator orasiga ekilgan bodring ham yaxshi hosil berdi, uning o‘rniga pomidor, kuzda esa sarimsoqpiyoz va rediska ekdik. Rediskani olib, o‘rniga sabzi ekkanmiz. Shunday qilib, mo‘’jazgina issiqxona daromadidan kreditni qutulyapmiz. 

Mahalladagi Umbarovlar xonadonida bo‘lganimizda tomorqachilik madaniyati va yerga bo‘lgan munosabatiga havasimiz keldi. 4 sotix yerda ro‘zg‘orga kerakli oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish bilan birga, bozorga ham chiqarayotgan Norjon Norbo‘tayeva ayrim mahalladoshlari ekin ekib ulgurmasdan ko‘katlar va rediska hosilini yig‘ishtirib bo‘libdi. Tomorqaning 1 sotix qismida beda, supalarga ko‘katlar, qolganida esa sarimsoqpiyoz, ismaloq, piyoz, qulupnay, kartoshkagacha ekilgan. 


Biz ko‘rgan tomorqalarning birortasida ekinlar uchun suv muammosi yo‘q, lekin eng yaxshi tomorqachilarning ham 1 sotix maydondan olayotgan yillik daromadi o‘rtacha 1 million so‘mni tashkil etmoqda. Bizdagiday saxovatli va unumdor yerni topish mushkul davrda 1 sotix yerdan bir million so‘m daromad bilan cheklanishimiz to‘g‘ri bo‘lmas. Shuning uchun omilkor dehqonlar tajribasini ommalashtirsak, bir yilda yerdan uch, kerak bo‘lsa, to‘rt marotaba hosil yetishtirish yo‘llarini targ‘ib qilsak, tomorqachilik tarmog‘i haqiqiy dehqonchilik maktabiga aylanadi.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV,
Baxtiyor MUSTANOV (foto).