Tomoyrotlik onaxonning ko‘zi operatsiya qilinadigan bo‘ldi

Payariq tumanida viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Sh.Ahmedovning navbatdagi sayyor qabuli o‘tkazildi. Tumandagi 71-maktabda o‘tkazilgan qabul davomida fuqarolarning muammolari tinglandi.
Fuqarolar ichki yo‘llarni ta’mirlash, simyog‘ochlarni almashtirish, transfarmatorning yuqori kuchlanishlisini o‘rnatish, ko‘z operatsiyasi bilan bog‘liq va boshqa masalalarda amaliy yordam so‘rab murojaat qilishdi.
- Bugungi sayyor qabul davomida ko‘zimni operatsiya qildirishda amaliy yordam so‘rab murojaat qildim, - deydi Tomoyrot mahallasida istiqomat qiluvchi onaxon Oyzoda Jomurodova. – Yakka-yolg‘izman, tuman hokimligi tomonidan ajratilgan qishloq vrachlik punkti binosida yashayman. Jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun esa moddiy imkonim yo‘q. Qabulda operatsiya qildirish uchun amaliy yordam berishlarini aytib, ko‘nglimni tog‘dek ko‘tarishdi.
Sayyor qabuldan so‘ng uyma-uy yurib, aholi muammolari o‘rganildi. Jumladan, Qumchuq mahallasida yashovchi fuqaro Iroda Rahimova farzandlarini yolg‘iz ulg‘aytirmoqda. Fuqaro gaz plitasi bilan ta’minlashda amaliy yordam so‘radi. Unga gaz plitasi, suyultirilgan gaz balloni, gilam va oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
- Kasalmandman, farzandlarimni o‘zim katta qilyapman, - deydi I.Rahimova. - Qarindoshlarim, qo‘ni-qo‘shnilar yordami bilan uy qurganman. Lekin uni jihozlashga, ro‘zg‘or uchun zarur buyumlarni sotib olishga qo‘lim kaltalik qilayotgandi. Mutasaddi rahbarlarning tashrifi qator ro‘zg‘ordagi kamchiliklarimning bartaraf etilishiga sabab bo‘ldi.
Shuningdek, Qumchuq mahallasida istiqomat qiluvchi Nigora Rahmatullayeva xonadoniga ham ro‘zg‘or uchun zarur gaz plitasi yetkazib berildi.