Toponimik joy nomlari qachon qonunga mos bo‘ladi?

Vazirlar Mahkamasining Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti tomonidan “Geografik ob’yektlarning nomlari to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq geografik ob’yektlarning nomlari sohasidagi ishlarni tartibga solish chora-tadbirlari haqida”gi qarori ijrosi bo‘yicha Samarqandda amalga oshirilayotgan ishlar holati hududga chiqqan holda o‘rganildi va davlat reyestri bazasida jamlangan nomlar bilan solishtirib chiqildi.

Unga ko‘ra, Samarqand shahridagi Talabalar, Jaloliddin Manguberdi, Istiqlol, Ipakchi, Darg‘om, Obirahmat kabi 10 ta ko‘cha nomlari tumanlar miqyosida ham, davlat reyestrida ham takrorligi aniqlandi. "So‘g‘diyona" istirohat bog‘i davlat reyestrida mavjud bo‘lgani holda hududda ushbu nomdagi ob’yekt mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, Xo‘ja G‘ulom, Saidmahalla, Marokanda, Bag‘dod mahallalarining nomlari davlat reyestrida noto‘g‘ri yozilgan. "Shodiyona" mahallasi va Chaqar ko‘chasining nomlari reyestrga kiritish uchun hujjatlari kadastr agentligiga taqdim etilmagan.

Samarqand shahrida joylashgan Shohi Zinda, Xo‘ja Doniyor, Hazrati Xizr, Amir Temur kabi 10 ta muqaddas ziyoratgoh va 40 ta mahalla qabristonlarining nomlari belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tkazilmagan, bu haqda hatto xalq deputatlari shahar Kengashi qarori chiqarilmagan.

Kattaqo‘rg‘on shahridagi "O‘rikzor" mahallasining nomi ham kadastr hujjatlari ro‘yxatidan o‘tkazilmagan. Shu paytgacha shahardagi 22 ta ko‘chaning nomlari takror ekanligi hech kimni qiziqtirmagan. Mazkur ko‘chalarni qayta nomlash bo‘yicha hududiy komissiya zarur chora ko‘rmagan. Shuningdek, 100 ga yaqin ko‘cha, 2 maydon, 1 ta xiyobon hamda 7 ta qabristonning nomi belgilangan tartibda davlat ekspertizasidan o‘tkazilmay qolgan. Bularga xalq deputatlari shahar Kengashining qarori ham chiqarilmagan va reyestrga kiritilmagan.

Jomboy tumanidagi 13 aholi punkti, 189 ta ko‘chaning nomlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lsa-da, biroq bu ob’yektlar tuman hududida mavjud emasligi aniqlandi. Shuningdek, "Yoshlar" istirohat bog‘i, Shayx Xudoydodi Vali bobo ziyoratgohi hamda tuman hududidagi 69 ta qabriston “Geografik ob’yektlarning nomlari to‘g‘risida” Qonunga zid ravishda davlat ekspertizasidan o‘tkazilmay, davlat ro‘yxatiga kiritilmagan.

Oqdaryo va Samarqand tumanlarida 2 tadan, Kattaqo‘rg‘on tumanida 14 ta ko‘cha nomi takror ekanligi ma’lum bo‘ldi. Payariq tumanida "Bo‘ri", "Qahramon", "Muhammadi", "Rayim", "Cholmuyin" va "Emalach" mahallalari va 8 ta aholi yashash punkti davlat reyestriga kiritilgan, o‘rganishlar natijasida ushbu nomdagi ob’yektlar hududda mavjud emasligi ayon bo‘ldi. Ular ham ekspertizadan o‘tkazilmagan. Bu kabi xato va kamchiliklarga Nurobod, Narpay, Qo‘shrabot, Paxtachi, Past Darg‘om tumanlarida ish olib borayotgan hududiy komissiyalar faoliyatida ham yo‘l qo‘yilgan.

Dilmurod To‘xtayev.