Toshkent viloyatida ushlangan ayiq tabiatga qo‘yib yuborildi

1 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Angren shahri Dukent qo‘rg‘onida joylashgan aholi yashash punktida ayiq yurganligi haqidagi video xabar tarqatilgan edi.

Fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida viloyat IIBB 2-mintaqaviy hudud PPX xodimlari va IIB tomonidan ayiq ushlanib, xavfsiz joyga joylashtirilgan.

Davlat ekologiya qo‘mitasi, Falcon hunting solutions va Toshkent hayvonot bog‘i xodimlari tomonidan ayiqqa tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha choralar ko‘rilib, u yovvoyi tabiatga qo‘yib yuborildi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu yil erta bahorda tog‘da olcha, olma va shunga o‘xshash mevalarni sovuq urib ketganligi sababli ayiq ozuqa izlab, aholi yashash joylarigacha tushib kelgan.