“Toshkent-Volgograd” poyezdida o‘zbekistonlik yo‘lovchi yurak xurujidan vafot etgan

Ayrim ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan “joriy yilning 7 sentyabr kuni «Aksarayskiy» (Rossiya) nazorat-o‘tkazish punktidagi chegara tekshiruvi paytida poyezdda vafot etgan yo‘lovchi topildi” degan xabarga “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ ma’muriyati izoh berdi.

2019 yilning 7 sentyabr kuni Rossiyaning Astraxan viloyati hududida harakatlanayotgan 323-sonli poyezdning 13-vagonida ketayotgan, joriy yil 5 sentyabr kuni Nukusdan Volgogradga borish uchun yo‘lga chiqqan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanida yashovchi 52 yoshli A.G. ismli yo‘lovchi o‘zini yomon his qilgan va tobi qochgan. Vagon kuzatuvchilari darhol tez tibbiy yordam chaqirishgan. Poyezd «Aksarayskiy» (Rossiya) nazorat-o‘tkazish punktiga yetib kelganda yo‘lovchining ahvoli og‘irlashgan va vafot etgan.

Vagon kuzatuvchilari hamda yo‘lovchilarning so‘zlariga qaraganda, yo‘l davomida hech qanday zo‘ravonlik yoki qasddan zarar yetkazish holatlari kuzatilmagan. Chegara punktiga kelgan shifokorlarning ma’lumotiga ko‘ra, A.G.ning vafotiga uning yurak xuruji sabab bo‘lgan.

“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ ma’muriyati marhumning oila a’zolariga hamdardlik bildirgan.