Toshkentda bolalar orasida koronavirus bilan kasallanish ko‘paydi

Toshkent shahrida bolalarning koronavirus bilan kasallanishi ulushi ortyapti. O‘tgan yili koronavirus pandemiyasi davrida umumiy kasallanishlar orasida bolalar ulushi 5-7 foiz bo‘lsa, hozirgi kunda bu ko‘rsatkich 25 foizdan ortib ketdi.

Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari o‘rinbosari Nurmat Otabekov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda karantin qoidalarini o‘tgan yilgidek qat’iy va keskin darajada qayta tiklashga biror asos yo‘q. Sababi, kasallanish ko‘rsatkichlari so‘nggi 3 oy ichida past darajalarda bo‘lib kelgan. Hozir birmuncha yuqori bo‘lsa ham, bu karantin cheklovlarini kuchaytirishga asos bo‘ladigan darajada emas.

Kasallikning bolalarda uchrayotgani va tez tarqalayotgani britancha shtamm tarqalayotganining yaqqol omilidir. Buning o‘rniga umume’tirof etilgan profilaktika chora-tadbirlarga kengroq e’tibor berish kerak, deya ta’kidladi Nurmat Otabekov.