Toshkentda Misr va Qatarga ShHTning muloqot bo‘yicha hamkori maqomi berish to‘g‘risidagi Memorandumlar imzolandi

TIV tomonidan ma’lum qilinishicha, hujjatlarni ShHT Bosh kotibi Chjan Ming, Misr Arab Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Hamdi Sanad Loza va Qatar Davlati Tashqi ishlar davlat vaziri Sulton bin Saad al-Murayxiy imzoladilar.

O‘zbekiston tomonidan tadbirda Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Sidiqov ishtirok etdi.

Memorandumlar ShHT va yuqoridagi davlatlar o‘rtasida mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik, savdo va investitsiya, energetika, AKT, qishloq xo‘jaligi, transport va kommunikatsiyalar, madaniyat, fan va texnologiyalar, ta’lim, sog‘liqni saqlash, turizm va boshqa sohalarda hamkorlikni nazarda tutadi.

Hamkor davlat maqomi tashkilotga a’zo davlatlarning taklifiga binoan ShHT doirasida o‘tkaziladigan tadbirlarda ishtirok etish huquqini beradi.

Memorandumlar ular imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi.