Toshkentdan deputatlar keldi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Samarqandda saylovchilar bilan uchrashdi. Tadbirlar tafsilotlari keng yoritilmagan bo‘lsa-da ayrim fakt va ma’lumotlarni bilib olish mumkin.
Xususan, Zebuniso Raxmonova Samarqand shahridagi “Samarqand ko‘zmunchog‘i” nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyatini o‘rgangan Dahbediy mahallasi yoshlari hamda xotin-qizlar bilan uchrashuv o‘tkazgan.
Deputat “Ziyoda” bolalar bog‘chasida yaratilgan shart-sharoitlar, moddiy texnik bazasi bilan yaqindan tanishib, taklif va tavsiyalar bergan.
Amalda mamlakatimizda beshta siyosiy partiya bor. Parlament quyi palatasiga viloyatdan saylangan deputatlar orasida ularning har biridan vakil bor. Ajablanarlisi, ular saylovchilari huzuriga kelishganda partiyaviyligini ajratish mushkul.
O‘tgan hafta okruglarga kelgan deputatlar ishtirokidagi tadbirlar ham bu “prinsip” o‘zgarmaganini ko‘rsatdi. Misol uchun, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Zebuniso Raxmonova, Bekmirza Eshmirzayev va Botirali Shodiyevlar Boshdarxon mahallasidagi oilaviy shifokorlik punktida bo‘lishdi.
Tarqatilgan xabarlarga ko‘ra, 2011 yilda tashkil qilingan shifokorlik punkti 13 ming 135 aholiga birlamchi tibbiy sanitariya xizmatlari ko‘rsatiladi. Hududda 207 ta homilador ayollarga 3 ta tibbiy brigada doyalari xizmat qilyapti. 40 yoshdan oshgan aholi yurak-qon tomir va qandli diabet kasalliklarining oldini olishi maqsadida skriningdan o‘tkazilmoqda.
Rejaga muvofiq tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inida 30-65 yoshdagi ayollarning elektron bazasi (ro‘yxati) shakllantirilib, 30-50 yoshdagi ayollarda bachadon bo‘yni saratoni skriningi bo‘yicha test o‘tkazilayotganligi aniqlangan va deputatlar nazoratiga olingan.
- Bugungi kunda yuqumli kasalliklarning soni tobora ortib, aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish eng muhim vazifalardan biriga aylandi, – deydi sanitariya-epidimiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi viloyat boshqarmasida bo‘lgan deputat Zebiniso Pulatovna. – Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar faqat markazlarda emas, yurtimizning eng chekka hududlariga ham yetib borishi lozim.
Qayd qilingan uch deputat uchta partiyadan. Bir joyga borganini yomon demoqchimasmiz, ammo ularning siyosiy qarashlari turlicha bo‘lishi, masalaga munosabati, yondashuvi bir-biridan farq qilishi kerak emasmi?
32-Samarqand saylov okrugidan saylangan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Jasur Shodiyev hamda Kattaqo‘rg‘on shahar Kengashi deputatlari, shahar savdo-sanoat palatasi rahbari hamrohligida Go‘zalkent mahallasida bo‘lib, fuqarolar yig‘ini faoliyatining ish samaradorligini oshirish bo‘yicha “Mahalla yettiligi” tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishgan.
Shuningdek, J.Shodiyev Paxtachi tumani hokimi Q.Xushbaqov bilan Paxtachi tumanidagi Xalq qabulxonasida jismoniy va yuridik shaxslarning qabulini o‘tkazgan.
Qabulda 100 dan ortiq murojaat kelib tushgan. Tuman darajasidagi masalalarni joyida hal qilish choralari ko‘rilgan, viloyat, respublika darajasidagi masalalar bo‘yicha talab va takliflar ishlab chiqilgan.
35-Samarqand saylov okrugidan saylangan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Muxsinjon Xolmuxamedov ham Urgut tumani aholisi muammolarini o‘rganib, ularga yechim topish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rmoqda. Beshkon, Bahrin mahalalari aholisi bilan muloqotda eski simyog‘ochlardan shikoyat qilishgan. Hashar yo‘li bilan mahallada tashkil qilingan kutubxonani jihozlash, ishga tushirish bo‘yicha yordam so‘ralgan. Muloqotlarda tibbiyot, uy-joy, bandlik va boshqa masalalarda ham murojaatlar tushgan.
Deputat ularda ko‘tarilgan masalalar yechimi bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilishini bildirgan.
34-Samarqand saylov okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga saylangan Abdulla Aslanovning uchrashuvida o‘tgan galgi muloqotlarda bildirilgan muammo hal etildi. Xususan, Toyloq tumanining Muborak va Galabotir mahallalarida elektr tarmoqlari uchun 38 beton ustun o‘rnatilgan. Bu kabi amaliy ishlar tumandagi boshqa mahallalarda ham davom ettirilmoqda.
Yo.MARQAYeV.