Toshkentdan Istanbulga uchgan samolyot bortida chaqaloq tug‘ildi
Kecha, 26 aprel kuni "Uzbekistan Airways" aviakompaniyasining Toshkent-Istanbul yo‘nalishi bo‘yicha uchgan HY-273 reysi samolyoti bortida chaqaloq tug‘ildi.
Chaqaloqning onasi – 1996 yilda tug‘ilgan o‘zbekistonlik Sitora A, birdan o‘zini yomon his qila boshlagan va styuardessani chaqirgan. Styuardessalar esa samolyotda vrach bo‘lsa, ayolga yordam ko‘rsatishni iltimos qilishgan.
Oradan ko‘p o‘tmasdan yo‘lovchi ayol homiladorligining 28-haftasida chaqaloqni dunyoga keltirgan.
Samolyot muvaffaqiyatli qo‘ngach, bortga Istanbul xalqaro aeroportining tibbiy personali ko‘tarilgan va ona chaqalog‘i bilan kasalxonaga yotqizilgan, ularning ahvoli barqaror.
Uzbekistan Airways chaqaloqning tug‘ilishiga ko‘maklashgan yo‘lovchilarga minnatdorlik bildirdi va ularga esdalik sovg‘alari berilishini ma’lum qildi. Chaqaloq "Butunjahon uchuvchilar kuni"da tug‘ilgan.