Toshkentdan Ufaga ketayotgan poyezd vagonidan olib tarqatilgan video o‘rganilmoqda
Kecha, 5 mart kuni “Toshkent-Ufa-Toshkent” yo‘nalishida harakatlanuvchi poyezdning vagon kuzatuvchisi Yoqub Sattorov o‘zi faoliyat ko‘rsatayotgan vagondagi holatni tasvirlab telegram kanallarida videolavha tarqatgan. Ushbu holatni atroflicha o‘rganib chiqish uchun “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rahbariyati boshchiligida maxsus tezkor xizmat surishtiruv ishchi guruhi tuzildi, deya ma’lum qildi jamiyat matbuot xizmati.
“Shuni alohida ta’kidlash joizki, barcha yo‘lovchi poyezdlar reysga chiqish oldidan va reysdan kelgandan keyin texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi va mavjud kamchiliklar bartaraf qilinadi. Barcha yo‘nalishlarda harakatlanuvchi yo‘lovchi poyezdlar vagon kuzatuvchilari reysga ketish oldidan o‘zi uchun ajratilgan vagonni ko‘zdan kechirib, belgilangan talablarga javob beradigan taqdirda qabul qilib olishi va tegishli hujjatlarga vagonni kamchiliklarsiz qabul qilib olganligi to‘g‘risida imzo chekib olishi lozim.
Videolavhada fikr bildirgan vagon kuzatuvchisi ayni kunda navbatdagi reys bilan xizmatda bo‘lganligi bois mazkur poyezd Toshkentga kelishi bilan tuzilgan maxsus ishchi guruhi tomonidan holat atroflicha o‘rganib chiqilib, surishtiruv natijalari haqida yana qo‘shimcha ma’lumotlar e’lon qilinadi", deyilgan rasmiy munosabatda.