Toshkentga kimlar keldi yoki Prezident Mirziyoyev nimani xohlamoqda?
15-16 iyul kunlari Toshkent katta anjumanga mezbonlik qildi. Tadbirda kimlar qatnashmadi, deysiz?! Xo‘sh, davlat rahbari bevosita tashabbuskor bo‘lgan konferensiyani o‘tkazishdan maqsad nima edi? Tadbir O‘zbekiston uchun qanchalik foydali bo‘ldi?
Yangi O‘zbekiston – yangicha siyosat
Yuqorida qayd qilingan savollarga javob izlashdan avval davlat rahbarining lavozimga kelgandan buyon amalga oshirgan ishlari haqida mulohaza yuritish o‘rinli.
Negaki, Prezident saylovlari va undan keyin hukumatdagi o‘zgarishlar davrida ichki siyosatda ham jiddiy islohotlar amalga oshirildi. Albatta, ularning ayrimlarini oddiy o‘quvchi – fuqaro nazarida ilg‘ash mushkuldir. Ammo o‘nlab siyosiy mahbuslarning qamoqdan ozod qilinishi va dindorlarning "qora ro‘yxat"lari tugatilgani ko‘pchilik uchun kutilmagan yangilik bo‘lgani shubhasiz. Bu islohot vaqtinchalik emasligini 15 kun muqaddam Prezident imzolagan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun amalda isbotladi.
Shuningdek, Sh.Mirziyoyev davlat rahbarligini qabul qilgach matbuotga, xususan, so‘z aytishga, fikr bildirishga katta erkinlik berildi. Yashirib nima qildik, buning natijasida omma ongidagi qo‘rquv umid bilan almashdi. Chunki, erkinlik ortidan ijtimoiy tarmoq ijtimoiy fikr markaziga aylandi, jurnalistlar, blogerlar va har bir ongli fuqaro ijtimoiy ahamiyatga ega muammolarni ko‘tarib chiqmoqda. Ya’ni, fuqarolarimizda dadil ijtimoiy faollik kuzatilmoqda.
Yana bir o‘zgarish bu shubhasiz, tashqi siyosatda O‘zbekiston yaqin va uzoqdagi hamkorlariga shartsiz do‘stlik qo‘lini cho‘zgani, qo‘shni davlatlar bilan munosabatlardagi “muz”lar eriy boshlagani bo‘ldi. Oddiy misol, yaqin qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro parvozlar qayta tiklangani, yopib qo‘yilgan yo‘llar, chegara nazorat o‘tish nuqtalari ochilgani qanchalab taqdirlarga ro‘shnolik olib keldi, qancha yaqinlarga diydor nasib qildi?!
Albatta, bu o‘zgarishlar, xususan, chegara demarkatsiya va delimitatsiyasi jarayoni jadallashgani mamlakat, ayniqsa odamlar hayotida qanday ijobiy o‘zgarishlarga sabab bo‘layotganini ta’riflash, tavsiflash shart emas, bizningcha.
Xalqaro hamkorlik nega kerak?
Ayrim mamlakatlarda boshqa bir davlat bilan hamkorlik qilishda, deylik Moskva, Pekin yoki Qo‘shma shtatlarning “ko‘nglini ko‘tarish“ istagi bilan ishga kirishadi. Lekin O‘zbekiston uchun o‘zaro aloqalarni yo‘lga qo‘yishda avvalo xalqimiz manfaatlari hisobga olinayotgani ahamiyatlidir.
Uzoqqa bormaylik, Afg‘oniston yoki Pokiston, boringki, qo‘shnilarimiz – Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaqin qo‘shnichilik bizga nima beradi? Sodda qilib aytganda, tadbirkorlarimiz uchun yangi bozor ochilib, ular qilgan savdo-ayirboshlash ortidan iqtisodiyotimiz rivojlanishi jadallashadi.
Shu o‘rinda raqamlarga to‘xtalib o‘tish o‘rinli. Chunki keyingi yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan O‘zbekistonning savdo aylanmasi yillik o‘rtacha 50 foizdan ko‘proqqa o‘sib, 2020 yilda global pandemiya sharoitiga qaramay bu boradagi umumiy ko‘rsatkich 5 milliard dollarni tashkil qilgan.
Aslida, Toshkent konferensiyasi bugun boshlangan muloqot emas. "Markaziy Osiyoda o‘zaro mushtaraklik: tahdidlar va yangi imkoniyatlar" mavzusidagi ilk Toshkent xalqaro konferensiyasi 2019 yilning fevral oyida bo‘lib o‘tgan. O‘shanda O‘zbekiston, Markaziy Osiyo qarshisida turgan eng dolzarb muammolar, mintaqaga tahdid solayotgan asosiy xavf-xatarlar, mintaqa davlatlari integratsiyasiga nimalar to‘sqinlik qilayotgani muhokama qilingandi.
Prezidentimizdan takliflar
O‘zbekistonning xalqaro obro‘si hamda Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni saqlashdagi roli kun sayin oshib bormoqda. Toshkent konferensiyasida ham davlatimiz rahbari Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan o‘ndan ortiq takliflarni ilgari surdi.
Prezidentimiz eng avvalo, Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi samarali va xavfsiz transport-logistika infratuzilmasiga ehtiyoj kattaligini qayd etdi.
Shuningdek, quyidagi yo‘nalishlarda o‘z takliflarini ilgari surdi:
• Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi savdo, tranzit va chegaralardan o‘tish jarayonlarini raqamlashtirish;
• ikki mintaqadagi oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha dastur qabul qilish;
• ikki mintaqaning ulkan sayyohlik salohiyatini to‘liq ishga solish;
• “yashil” iqtisodiyotni rag‘batlantirish;
• xavfsizlikka nisbatan tahdidlarga qarshi kurashishda kuchlarni birlashtirish.
Shavkat Mirziyoyev ikki qo‘shni mintaqa o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik bitimini tuzish va har yili mintaqalararo forum o‘tkazib borishni ham taklif etdi.
Bundan tashqari, davlatimiz rahbari tomonidan ilmiy va madaniy-gumanitar almashuvlarni kengaytirish, Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarining olim va tadqiqotchilari uchun soddalashtirilgan viza tartibini joriy etish zarurligi ham ta’kidlandi.
Natijalar qanday?
Konferensiyada Markaziy, Janubiy va Sharqiy Osiyo mamlakatlari, arab davlatlari, Turkiya, AQSh, Rossiya va Yevroittifoq rasmiylari hamda qator xalqaro tuzilmalar mulozimlari ishtirok etdi. Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani, Pokiston Bosh vaziri Imron Xon va Yevrokomissiya vitse-prezidenti Jozep Borrel shular jumlasidan.
Davlatimiz rahbari konferensiya kunlari 14 ta delegatsiya rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Shuningdek, konferensiyaga tashrif buyurganlar ham o‘zaro ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazishdi.
Umuman, konferensiya O‘zbekistonga har jihatdan foydali bo‘ldi, deyish mumkin. Konferensiya doirasida O‘zbekiston, AQSh, Afg‘oniston va Pokiston afg‘on diyoridagi muammo bo‘yicha o‘zaro maslahatlashuvlar uchun yangi diplomatik platforma tuzishga kelishib oldi. Birgina shuning o‘ziyoq Toshkent anjumani beiz ketmaganini anglatadi. Zotan, qo‘shning tinch – sen tinch.
Yoqub Marqayev.