Tovarlar erkin harakatlanishini cheklash kamida 10 million so‘m jarima bilan jazolanadi

Monopoliya, raqobat tushunchalari haqida eshitamizu, uni tartibga soluvchi, sohada davlat siyosatini amalga oshiruvchi organ haqida bilganimiz kam. O‘zi shunday idora kerakmi, degan savol ham tug‘iladi ba’zan.

Yaqinda bu borada qonunchilikda qator yangiliklar bo‘lgani aytilmoqda. Xo‘sh, ularning mohiyati nimada? Bundan nima naf?

Shu va boshqalar haqida bilish maqsadida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish hududiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jahongir Ashurov bilan suhbatlashdik.

- Jahongir aka, suhbatimizni sohaga oid qonunchilik, aniqrog‘i, unga kiritilgan o‘zgartishdan boshlasak...

- Darhaqiqat, joriy yilning 3 iyul kuni yangi tahrirdagi «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonun davlatimiz rahbari tomonidan imzolandi. Qonun yurtimizda tovarlarning erkin harakatlanishini ta’minlash, raqobat muhitini himoya qilish, tovar, moliya va raqamli bozorlarning samarali faoliyat ko‘rsatishiga sharoit yaratish maqsadida ishlab chiqilgan.

Yangi qonun bilan 2012 yil qabul qilingan «Raqobat to‘g‘risida»gi hamda 1999 yil qabul qilingan «Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida»gi Qonunlar birlashtirilgan.

Bundan tashqari, qonunga bir qator yangi, ya’ni monopoliyaga qarshi kompleans, raqamli platforma kabi tushunchalar kiritildi. Ustun mavqeni belgilashning yangi mezonlari kiritilib, tabiiy monopoliya sub’yektlari ham ustun mavqega ega sub’yektlar qatoriga qo‘shildi.

Qisqasi, qonun raqobatga qarshi harakatlarning kamayishiga, iqtisodiy faoliyat erkinligi, tovarlarning erkin harakatlanishiga, raqobat muhitini rivojlantirishga hamda tovar va raqamli bozorlarning samarali faoliyat ko‘rsatishiga, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishga huquqiy asos yaratadi.

Hududiy boshqarma tomonidan mazkur vazifalardan kelib chiqib, tegishli ishlar amalga oshiriladi.

- Aksariyat hollarda jamoatchilikda boshqa faoliyat to‘g‘risida deyarli tushuncha yo‘q. Shu bois o‘tgan olti oyda amalga oshirilgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tsangiz.

- Qonun hujjatlarining raqobatga ta’sirini baholash bo‘yicha hududiy boshqarma tomonidan qonun hujjatlarining raqobatga ta’sirini baholash metodikasi hamda hududiy boshqarmaning tegishli buyruqlariga asosan, hokimliklar hamda davlat boshqaruv organlari tomonidan qabul qilingan hujjatlar (farmoyish, qaror, buyruq, yig‘ilish bayonnomalari, chora-tadbirlar, yozishmalar)ning raqobatga ta’sirini baholash bo‘yicha o‘rganish (inventarizatsiya) ishlari o‘tkazildi.

O‘rganishlar natijasi bo‘yicha 6 ta tuman hokimliklari (Urgut, Past Darg‘om, Oqdaryo, Ishtixon, Toyloq va Qo‘shrabot tumani) hamda Samarqand davlat o‘rmon xo‘jaligiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonunining 12-moddasi talablari buzilishi bo‘yicha ishlar qo‘zg‘atildi.

Shuningdek, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Bundan tashqari, yanvar-iyun oylarida 878 ta tanlov savdolari o‘rganildi. O‘rganish davomida 283 tanlov savdolarida 289 ta kamchiliklar aniqlandi. Shundan 23 holatda ishtirokchilar o‘rtasida afillanganlik, 259 holatda savdo o‘tkazishning qonun hujjatlarida belgilangan tartib buzishi aniqlangan.

Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan hududiy boshqarma tomonidan qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan korxonalarga ko‘rsatmalar berildi.

Bundan tashqari, hisobot davrida davlat xaridlari sohasida 15 ta tadbirkorlik sub’yekti tomonidan kelib tushgan murojaatlar ko‘rib chiqildi va 5 holatda «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonunning 14-moddasi talablari buzilishi aniqlandi.

Shu davrda tabiiy monopoliya sohasi, shuningdek, narx va tariflarni tartibga solish bo‘yicha hududiy boshqarmaga 11 ta murojaat kelib tushdi. Shundan 2 tasi elektr tarmoqlari, 5 tasi tabiiy gaz ta’minoti, 2 tasi suv ta’minoti korxonalari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatdan norozilik to‘g‘risida va 1 tasi boshqa sohaga tegishli murojaatlarni tashkil etdi. Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha 9 tasiga tushuntirish berilgan, 1 tasi tegishliligi bo‘yicha yuborildi, 1 ta murojaat bo‘yicha qonunbuzilish holati aniqlandi.

- Yangi tahrirdagi qonunda qonunbuzilish holatlariga nisbatan choralar kuchaytirilgani aytilmoqda. Shundaymi?

- Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartishlar kiritilib, raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik kuchaytirildi. Ya’ni, raqobat sohasidagi vakolatli davlat organiga axborot taqdim etmaslik yoki o‘z vaqtida taqdim etmaslik yoxud unga bila turib, noto‘g‘ri ma’lumotlarni taqdim etganlik uchun fuqarolarga BHMning 3 baravaridan 10 baravarigacha (990 ming so‘mdan 3 million 300 ming so‘mgacha);

mansabdor shaxslarga esa 10 baravaridan 20 baravarigacha (6 million 600 ming so‘mgacha) miqdorda jarima jazosi tayinlanadi.

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxsi tomonidan xomashyo, tovarlarning erkin harakatlanishini va realizatsiya qilinishini hamda xizmatlar ko‘rsatilishini qonunga xilof ravishda cheklash BHMning 30 baravaridan 50 baravarigacha (9 million 900 ming so‘mdan 16 million 500 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalashni amalga oshirish, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish yoki maxsus elektron tizim vositasida xabarnomalarni qabul qilish vakolatlari yoki ro‘yxatga olish yoxud akkreditatsiyadan o‘tkazish vakolatlari berilgan davlat unitar korxonalari yoki muassasalari yoxud yuridik shaxslarning birlashmalari tomonidan raqobatni cheklaydigan qarorlar qabul qilish BHMning 30 baravaridan 50 baravarigacha (9 million 900 ming so‘mdan 16 million 500 ming so‘mgacha) miqdorda jarima qo‘llanishga asos bo‘ladi.

Raqobatga qarshi bitim (kartel kelishuvi) ishtirokchisi kelishuv yoki til biriktirish fakti haqida monopoliyaga qarshi organni ixtiyoriy ravishda birinchi bo‘lib xabardor qilsa, u javobgarlikdan ozod etiladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, ushbu qonun monopolist korxonalar, tabiiy monopoliya sub’yektlari va boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar va ularning mansabdor shaxslarining raqobatga qarshi harakatlarini cheklaydi, raqobatga qarshi harakatlar sodir etilgan taqdirda, qonunchilikka muvofiq tegishli choralar ko‘riladi.

- Tabiiy savol tug‘iladi, deylik, murojaat asosida qandaydir huquqbuzarlik (mayli, jinoyat demaylik) holati aniqlandi. Bunda boshqarma tegishli baho berish uchun huquqiy idoralarni xabardor qiladimi?

- Albatta, o‘rganishlar davomida turli holatlarga guvoh bo‘lamiz. Misol uchun, «Innovatsion Servis» MChJ gaz iste’molini hisobga oluvchi «Avtopilot PRO» elektron gaz hisoblagich o‘rnatganligi, har oyda hisoblagich arxiv ma’lumotlari asosida ikki tomonlama dalolatnoma tuzilib, hisob-kitob qilib kelinayotganiga qaramasdan, «Hududgaz Samarqand» gaz ta’minoti filiali tomonidan haqiqatda ishlatilmagan tabiiy gaz uchun to‘lov hisoblanayotganligi to‘g‘risida murojaat qilgan.

Holat yuzasidan hududiy boshqarma maxsus komissiyasi tomonidan «Hududgaz Samarqand» gaz ta’minot filialiga nisbatan ish qo‘zg‘atildi.

Ko‘rib chiqish natijasida «Hududgaz Samarqand» gaz ta’minot filialiga qarashli Paxtachi GTS Paxtachi-3 sanoat tarmog‘idan 2022-yil yanvar oyida olingan tabiiy gaz hajmi va sanoat tarmog‘iga ulangan ulgurji iste’molchilar gaz sarfi o‘rtasida yuzaga kelgan tafovut iste’molchilarning iste’mol hajmiga nisbatan proporsional tarzda taqsimlanganligi aniqlangan.

Ko‘rsatmamizga asosan «Innovatsion Servis» MChJga asossiz hisoblangan 6406 metr kub tabiiy gaz hajmi qayta hisob-kitob qilindi.

Shu o‘rinda aytib o‘tish lozim, hududiy boshqarma vakolatlari doirasida xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar, davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlari, jismoniy shaxslar tomonidan qonun hujjatlari buzilganligi to‘g‘risida ish qo‘zg‘aydi va ularni ko‘rib chiqadi. Qonun hujjatlarining buzilishi yuzasidan tabiiy monopoliya sub’yektlariga bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar beradi.

Qonunlarning buzilish holatlari yuzasidan huquqiy baho berish bo‘yicha biron-bir organni xabardor qilish belgilanmagan.

- Qonunchilikda sizlarga yangi vakolatlar ham berildi-ku.

- Yangi tahrirdagi qonunga ko‘ra, tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasida raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan yordamni baholash tizimi joriy qilinadi.

Bundan tashqari, raqamli platformalarni ham monopoliyaga qarshi tartibga solish imkoniyati yuzaga keldi. Shu bilan birga, insofsiz raqobatning yangi turlarini aniqlash va qonunbuzilishlarni bartaraf etish imkoniyati yaratiladi.

Yoqubjon MARQAYeV suhbatlashdi.

***

Ushbu maqola Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.