To‘yda “Menyu” asosida mehmonlar xohishiga qarab taom berilsa...

Ushbu kanalda e’lon qilingan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Sayyora Jumayevaning «To‘y sanoati»ni rivojlantirib, fonogramma uchun pul sarflashni to‘xtataylik!” maqolasini o‘qib, ayrim fikrlarimni bildirishni lozim topdim.

Maqolada yozilganidek, bugungi kunda ko‘pchilik to‘yni namoyish maydoniga aylantirib qo‘ydi. Ovqatlar va boshqa ne’matlar tog‘dek, bezaklar yorqin va dabdabali, eng mashhur hofizlaru suxandonlar xizmatda.

To‘yga kelgan har kishi hayrat izlaydi, ammo chinakam quvonch ko‘pincha yo‘qoladi. Mehmonlar to‘yni uch kun maqtashi yoki tanqid qilishi mumkin, ammo qarzlar va nadomatlar — uch yil, o‘n yil og‘riq bo‘lib qoladi.

Pushaymonlik keyin keladi, ammo vaqtni orqaga qaytarib bo‘lmaydi. Shuning uchun biz to‘y qilishdan avval tanlashimiz kerak: qisqa vaqtlik shon-sharafmi yoki umrbod qalbda yonib turadigan samimiylikmi?

Haqiqiy to‘y — ko‘z-ko‘z uchun emas, qalb uchun bo‘ladi.

Har bir taom — ongli tanlansin, har bir luqma — mehnat va ne’matga bo‘lgan hurmatni aks ettirsin.

Shunday bo‘lishiga erishish mumkinmi? Ha, mumkin!

Buning uchun quyidagi takliflarim bilan o‘rtoqlashmoqchiman:
- mehmonlarga taklifnoma bilan birga QR-kod orqali menyu yuboriladi;
- mehmonlar oldindan o‘z tanlovini belgilaydi;
- faqat mehmonlar tanlagan va sevgan taomlar tayyorlanadi.
Natijada:

• qarzsiz va ne’matlarni isrof qilib, gunoh qilishdan saqlaniladi.
• mehnat va vaqtga chuqur hurmat.
• tavozelik — ruhning beqiyos qudrati.
• qalblarda so‘nmas iliq xotiralar.

Haqiqiy to‘y boylik, qudrat va imkoniyatlar namoyishi emas. Haqiqiy to‘y hayotga, muhabbatga, ota-onaga, qavmu qarindoshlar va do‘stlarga chuqur hurmat va minnatdorlik.

To‘y — dasturxon bayrami emas, to‘y — yurak va samimiylik bayrami.

Aziz o‘quvchim, siz to‘y o‘tkazish uchun taklif qilingan ushbu usulga qanday qaraysiz? Rozimisiz? Fikringizni bildiring!

P/S: Bu usulni keng joriy etish va odat sifatida shakllantirish uchun, davlat darajasidagi qaror ham kerakdek tuyuladi. Shunda bu tashabbusning fazilati yanada yuksalar edi.

Muqimjon Orifiy.